Olmazor tumanidagi qurilishlar: tashabbus kim tomonidan bo‘ldi?

Jamiyat

image

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 5 tashabbusi doirasida amalga oshirilayotgan qurilish ishlari Olmazor tumanida ham olib borilmoqda. O‘tgan yilning o‘zida tumanda 6 ta 360 o‘rinli bog‘cha qurib bitkazildi. Olimpiya mahallasidagi bog‘chada esa 2020 yilning fevral oyida boshlangan qayta ta’mirlash ishlari koronavirusga qarshi karantin choralari sababli to‘xtab qolgandi. Bog‘cha uzoq muddat ishlamagani uchun mahalla ahli o‘z farzandlarini ancha uzoqdagi maktabgacha ta’lim muassasasiga olib borishiga to‘g‘ri kelgan.

Ammo endi bunga hojat qolmaydi. Sababi, mahalla markazidagi bog‘cha qayta ta’mirlanib, zarur sharoitlar yaratilmoqda. Ilgarilari sharoiti anchayin og‘ir bo‘lgan ushbu bog‘chaning hattoki atrofi ham o‘ralmagan edi. Toza ichimlik suvi haqida esa gapirmasa ham bo‘ladi. Biz bog‘chada amalga oshirilayotgan qurilish ishlarini bevosita kuzatish davomida bog‘cha mudirasini suhbatga tortdik.

Ro‘zimurod Berdiyev, jurnalist: ― Bog‘chaning oldingi holati qanaqa edi?

Gulzoda Mirzayeva, 91-sonli MTM direktori: ― Judayam achinarli ahvolda edi. Mana bu fasad qismi butunlay ochiq edi va shu sovuq ayvonda bolalar kiyim almashtirishardi. Musiqa xonalariga ham shu ayvoncha orqali o‘tishardi. Hozir esa ko‘rib turibsizki, ayvoncha yopilib, sharoitlar yaratilmoqda. Hattoki toza ichimlik suvi ham yo‘q edi. Shuning uchun bog‘cha hovlisidan matorli quduq qazdirdik. Ustalar suv 40 metrdan chiqqanini aytishyapti.

R.B: ― Tashabbus kim tomonidan bo‘ldi? Fuqarolarning o‘zlari “Bizga yangi bog‘cha qurib beringlar” deb murojaat bilan chiqishdimi?

G.M: ― Albatta, fuqarolarimiz murojaat bilan chiqishdi. Bog‘chamizning sharoitini yaxshilab beringlar, nufuzi oshsin, deya mahalla fuqarolari tashabbus bilan chiqishgan. Yozgi ayvonchalarimiz ham juda yomon ahvolda edi. Bog‘cha hovlisi ham o‘ralmagandi. Fuqarolarning taklifidan keyin, mana ko‘rib turibsizlarki, hammasi qayta qurilyapti.

Hozirgi kunda tumandagi 13 ta mahallada qurilish va qayta ta’mirlash ishlari yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, mahalla guzarlari, jamoatchilik maskanlari, kutubxonalar va bolalar maydonchalarini qurish ko‘zda tutilgan. Qurilish ishlari bo‘yicha 3-sektor hisoblanuvchi Xonchorbog‘ mahallasida esa fuqarolarni anchadan beri qiynab kelgan muammo – Qichqiriq kanali atrofini o‘rash masalasi ham hal bo‘lmoqda. Oldinlari ko‘pqavatli uylarning yonidan oqib o‘tuvchi kanalning atrofi o‘ralmagani sababli bolalarning kanalga tushib ketish xavfi yuqori edi. Maxsus panjarali to‘siqlar o‘rnatish boshlanishidan oldin mana shunday noxush holat kuzatilmaganmi deya mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Qahramon Zufarovga yuzlandik.

Qahramon Zufarov, “Xonchorbog‘” MFY raisi: ― Yo‘q, unday noxush holat hali kuzatilmadi. Lekin rostan bolalarning kanalga tushib ketish xavfi bor edi. Ota-onalar doim shundan xavotirda edilar. Hozir esa mahallamiz “Obod mahalla” dasturiga kiritilib, kanal atrofi o‘ralmoqda. Bolalarimiz xavfsizligini ta’minlash uchun, beton quyilib, simto‘siqlar o‘rnatilyapti. Bu simto‘siqning uzunligi 180, 200 metr atrofida.

R.B: ― Aholidan “Bu narsalarni sizlar uchun quryapmiz, pul yig‘inglar” deydiganlarni ko‘rdik. Mana shunday vaziyatlar bo‘lmadimi?

Q.Z: ― Yo‘q, bizda aholidan pul yig‘ish holati kuzatilmadi. Tuman hokimi va sektor rahbarining shaxsan o‘zi nazorat qildi. Mablag‘ esa tuman hokimyati tomonidan ajratildi. Yaqinda ko‘chatlar ham olib kelib ekiladi. Hamma joy ko‘kalamlashtirilib, aholiga kerakli sharoitlar yaratiladi.

Ta’kidlash kerakki, Olmazor tumanidagi qurilish ishlari nafaqat poytaxt, balki, Respublika miqyosida ham o‘rnak qilib ko‘rsatishga arziydigan hududlardan biridir. Buni esa tumanning qurilish va qayta ta’mirlash ishlari borasidagi tajribasini o‘rganish uchun endigina tayinlangan Farg‘ona shahri hokimining shaxsan o‘zi kelib o‘rganganidan ham bilish mumkin. Agarda har bir tuman hokimi xalqqa nima kerakligini bilsa, ta’mirlanishi lozim bo‘lgan maktab va yo‘llarga jiddiyroq yondasha olsa tez orada mana shunday qayta qurish ishlari boshqa tumanlarda ham amalga oshirilishiga ishonamiz.

Ro‘zimurod Berdiyev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

qurilish Olmazor 5 tashabbus

Baholaganlar

20

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing