Karantin davrida boquvchisiz insonlar va qariyalarga moddiy yordam berilishi kerak – Norboyeva
Jamiyat
−
25 mart 2020
5476Kecha, 24 mart kuni Oliy Majlis Senatining uchinchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Senat raisi Tanzila Norboyeva senatorlar oldida turgan muhim vazifalarga ham to‘xtaldi.
“Avvalo, senatorlar, mahalliy Kengash deputatlari tomonidan Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda koronavirus pandemiyasini O‘zbekistonda tarqalishining oldini olish Respublika komissiyasi tomonidan berilayotgan tavsiyalarning so‘zsiz ijrosini ta’minlashga mas’ul sifatida munosabatda bo‘lishimiz kerak. Xususan, karantin choralari, gigiyena qoidalari – hammasi uchun mas’ulmiz. Zero, profilaktika, ogohlik – bugungi kun talabi ekanligiga guvoh bo‘lib turibmiz”, dedi Norboyeva.
Shundan so‘ng, Senat raisi senatorlar o‘z vazifasini aniq belgilab olishi va mahalliy hokimliklarga yordam berishi, kambag‘allikka qarshi kurashni davom ettirishi zarurligini ta’kidlab o‘tdi.
“Ikkinchi masala, Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan koronavirus bilan bog‘liq Farmonda tezkor choralar, bajarilishi shart bo‘lgan vazifalar belgilangan. Shu munosabat bilan masofaviy ishlash rejimida ham har bir senator o‘z vazifalarini aniq belgilab, Farmonda keltirilgan chora-tadbirlarning bajarilishida Hukumat a’zolari va mahalliy hokimliklarga amaliy yordam ko‘rsatishlari zarur.
Uchinchi masala – yurtimizda davlatimiz rahbari tomonidan kambag‘allikni kamaytirish choralarini ko‘rish ishlarini olib borish topshirilgan edi. Bu jarayon ham bevosita mana shunday – epidemiyaga bog‘liq qaltis vaziyatlarda o‘zining ahamiyati bilan muhim. Shu sababli odamlarimizni kambag‘allikdan chiqarish ishlarini susaytirmasdan olib borishimiz kerak”, deya fikr bildirdi Tanzila Norboyeva.
Senat raisi o‘quvchi va talabalar uchun yo‘lga qo‘yilgan onlayn darslarni kasb-hunar o‘rgatish uchun ham joryi qilish kerakligini aytib o‘tdi. Shuningdek, yolg‘iz qolgan aholi qatlamiga e’tiborni kuchaytirish zarurligini ta’kidladi.
“Hozirgi kunda ta’lim muassasalari tomonidan televideniye orqali o‘quvchi va talabalar uchun masofaviy o‘qishlar, kitob mutolalari tashkil qilindi. Xuddi shunday tartibni kasb-hunar o‘rgatish bo‘yicha ham tashkil etish mumkin. Bundan tashqari, tomorqadagi ishlar, banklardan kredit olish tartiblari, biznes-reja tuzish va boshqa shu kabi oilaviy tadbirkorlik, xizmat ko‘rsatish sohasidagi mehnat turlari bo‘yicha onlayn o‘quvlar tashkil etilsa maqsadga muvofiq bo‘ladi. Bu masalalarda hududiy OAV, ijtimoiy tarmoqlar imkoniyatidan foydalanish zarur.
To‘rtinchi masala – hozirgi kunda karantin qoidalariga binoan barcha aholi o‘z uyida. E’tiboringizni bir aholi qatlamiga qaratmoqchiman, ya’ni yakka-yolg‘iz, boquvchisiz insonlar, ayniqsa, qariyalarni yoddan chiqarmaslik kerak. Ularning orasida turli xizmat ko‘rsatish sohalarida ishlab, kundalik ehtiyojlari uchun ishlab yurganlar bor. Hozir esa bu imkoniyatlari ham vaqtincha to‘xtatilgan. Shu munosabat bilan mana shu toifadagi aholi qatlamlari, keksalarimiz qarovsiz qolmasligiga, ehtiyojmand insonlar yanada muhtoj bo‘lib qolmasligiga ahamiyat qaratmog‘imiz zarur. Ularga oziq-ovqat, dori-darmon masalalarida yordam tashkil etilsa, to‘g‘ri bo‘lar edi.
Beshinchi masala – senatorlar tashabbusi bilan koronavirusga qarshi olib borilayotgan ishlarga amaliy ko‘mak berish, kichkina bo‘lsa-da, hissa qo‘shish maqsadida “Mehr – shavqat va salomatlik” jamoat fondiga murojaat qilindi. Ushbu fondda ikkilamchi bank hisob raqami ochildi va senatorlar ham o‘z hissasalarini qo‘shishdi. Bu tashabbus boshqa idoralar tomonidan ham qo‘llab-quvvatlandi.
Oltinichi masala – to‘y-marosimlarning o‘tkazilishiga yo‘l qo‘ymaslik. Diniy marosimlarni esa diniy idoralar tavsiyasiga asosan o‘tkazish maqsadga muvofiq.
Shu o‘rinda, biz, senatorlar bu ishlarga xalqimizga xos bo‘lgan mehr-oqibat, hamjihatlikni ta’minlagan holda bor kuch-g‘ayratimizni ayamasligimiz kerak”, dedi Senat raisi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etildi. Ayni vaqtda ushbu virusni yuqtirib olganlar soni 50 nafarga yetdi.
Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor
LiveBarchasi