Olmaotada avtobus to‘planib turgan odamlarga borib urildi. Qurbonlar bor (video)
Olam
−
23 dekabr 2023
8477Olmaotada avtobus shahar shifoxonasi hududida to‘planib turgan odamlarga borib urildi. Oqibatda uch kishi voqea joyida halok bo‘ldi. Bu haqda “Tengrinews” xabar berdi.
Olmaota politsiya departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu YTH kecha, 22 dekabr kuni soat 18:15 da sodir bo‘lgan. 47-yo‘nalishdagi avtobus yo‘lovchisi haydovchi ayol bilan janjallashib qolgan. Oqibatda haydovchi ayol hushidan ketgan va boshqaruvni yo‘qotgan.
“Nazoratdan chiqib ketgan avtobus bekat yaqinida bo‘lgan odamlarni urib yuborgan. Shuningdek, to‘rtta transport vositasi bilan ham to‘qnashib ketgan. Ushbu hodisa oqibatida uch kishi halok bo‘ldi, yana to‘rt kishi jarohat oldi va shifoxonaga yotqizildi”, deyiladi Olmaota yo‘l politsiyasi matbuot xizmati xabarida.
Jarohatlanganlar orasida hali voyaga yetmagan bola ham borligi aniqlangan.
Politsiya avtobus haydovchisini urgan shaxs qo‘lga olinganini ma’lum qilgan.
“Mazkur fakt Qozog‘iston Respublikasi Jinoyat kodeksining 345-moddasi 3-qismi “Transport vositalarini boshqarayotgan shaxslar tomonidan yo‘l harakati yoki transport vositalaridan foydalanish qoidalarini buzish” bilan sudgacha bo‘lgan yagona tergov reestriga qayd etildi. Ekspertiza tayinlandi. Boshqa holatlar aniqlanmoqda”, deyiladi xabarda.
LiveBarchasi