Olmaliq shahriga 13 yoshli bola “hokim bo‘ldi” (video)
Jamiyat
−
27 fevral 110199 1 daqiqa
Kecha, 26 fevral kuni Toshkent viloyatining Olmaliq shahri hokimi Qobil Hamdamov bilan “Yoshlar kuni”da 6-sinf o‘quvchisi Firdavs Toshboyev bir daqiqaga hokimlik qilish imkoniyatini so‘radi. Bu haqda shahar hokimligi o‘zining Telegram-kanalida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, yoshlar bilan uchrashuv davomida Firdavs Toshboyev shahar hokimi o‘rnida bir daqiqa o‘tirishni so‘ragan. Shahar hokimi Qobil Xamdamov unga bu imkoniyatni bergan.
“Men Olmaliq shahridagi iqtidorli yoshlardanman. Hozir 300 ta orzu va maqsad haqida gap ketdi-da. Ana shu 300 ta orzudan bittasini amalga oshirsak bo‘ladimi? Bir daqiqaga sizning o‘rningizda bo‘lib tursam maylimi”, deya so‘ragan o‘quvchi bola.
Shahar hokimi bu taklifni qabul qilgan va maktab o‘quvchisiga rahbarlik qilishi imkoniyatini bergan.
“Ammo atigi bir necha savol va murojaatlardan so‘ng, u rahbarlik mas’uliyati naqadar og‘ir ekanini his qildi. Firdavsga hokimlik nafaqat minbar, balki katta javobgarlik ekanini anglash uchun bir daqiqa ham yetarli bo‘ldi”, deyiladi hokimlik xabarida.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Ko‘ksaroy” qarorgohida yoshlar bilan uchrashuvi chog‘ida jonli ijroda qo‘shiq kuylagan 4-sinf o‘quvchisiga mashina sovg‘a qilgan edi.
Live
Barchasi