Olmaliqlik urush faxriysi bayram kuni uylik bo‘ldi
Jamiyat
−
09 may 2020
8188Bugun Olmaliq shahridagi ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, 101 yashar Abdurahim ota Mavlonov yangi uyga ko‘chib o‘tdi. Bu haqda Toshkent viloyati hokimligi xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, Olmaliq shahridagi shinam xonadonga ko‘chib o‘tgan urush faxriysi Abdurahim otaga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tabrik maktubi o‘qib eshittirildi hamda “G‘alabaning 75 yilligiga“ esdalik medali, 10 million so‘m pul mukofoti topshirildi.
Ma’lum qilinishicha, bundan 2 oy avval Abdurahim ota o‘zi istiqomat qilayotgan hudud shahardan uzoqroqda, chekka hududda bo‘lganligi sababli, kommunikatsiyadan qiynalayotganini, iloji bo‘lsa, shahar markazidan uy ajratishini so‘rab, viloyat hokimiga murojaat qilgan edi. Otaxonning bu murojaati inobatga olinib, Toshkent viloyati hokimi R. Xolmatovning topshirig‘iga ko‘ra, Olmaliq shahri markazidan 1 xonali xonadon jihozlangan holda ajratildi.
Abdurahim otaga uyning kalitini viloyat hokimining o‘rinbosarlari Ilhom Xudoyberganov va Akmal Umaraliyev hamda Olmaliq shahri hokimi Usmon Rahimov tantanali ravishda topshirdi.
LiveBarchasi