Olmaliqda ikki nafar o‘quvchi qizni urib yuborgan Damas haydovchisi 6 yilga qamaldi
3-sahifa
−
26 iyul 2023
6331Joriy yilning 14 may kuni Toshkent viloyatining Olmaliq shahrida 2004 yilda tug‘ilgan haydovchi Damas avtomashinasida ikki nafar o‘quvchi qizni urib yuborgandi. Oqibatda qizlarning biri vafot etgan. Haydovchiga nisbatan 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi ma’lum qildi.
Shu yilning 24 iyul kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Olmaliq shahar sudining sayyor majlisida sudlanuvchi 2004 yilda tug‘ilgan S.X. ga oid jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan.
E’lon qilingan sud hukmiga ko‘ra, S.X. Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilib, unga 2 yil muddatga transport vositalarini boshqarish huquqidan mahrum qilgan holda 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Shuningdek, jazoni manzil-koloniyalarida o‘tash belgilangan.
Jinoyat kodeksining 55-moddasiga ko‘ra sudlanuvchining aybini yengillashtiruvchi holat deb, uni birinchi marta jinoyat sodir qilgani, sodir etgan jinoyatidan chin ko‘ngildan pushaymonligi inobatga olinib, Jinoyat kodeksining 56-moddasiga ko‘ra sudlanuvchining aybini og‘irlashtiruvchi holat aniqlanmagan.
Jazo tayinlashda sud sodir etilgan jinoyatning ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilgani, jinoyat oqibatida bir qiz vafot etgani, ikkinchi qiz o‘rtacha og‘ir tan jarohati olganini, sudlanuvchining shaxsini, yoshligini, hali uylanmaganini, yashash joyidan ijobiy tavsiflanganini, jabrlanuvchiga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zarar qoplanmaganini inobatga olgan.
Ma’lumot uchun, Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlik uchun muayyan huquqdan mahrum qilib, o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
“Jabrlanuvchi va ularning qonuniy vakillariga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni undirish bo‘yicha fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga murojaat qilish huquqlari tushuntirildi. Birinchi instansiya sudining hukmi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Toshkent viloyat sudining apellyatsiya instansiyasiga shikoyat berish va protest keltirishga haqliligi ma’lum qilinadi”, deyiladi xabarda.
LiveBarchasi