Oliy ta’lim vazirligi ma’lumotlarni kirill yozuvida berishni so‘radi
Jamiyat
−
29 mart
11710Ijtimoiy tarmoqlarda 2024 yil 27 mart kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Komiljon Karimov buyrug‘i ostida OTM rektorlari va filial direktorlariga jo‘natilgan xat tarqaldi. Unda xorijiy safarlar haqidagi ma’lumotlarni kirill yozuvida to‘ldirish so‘ralgan. Ushbu holat yuzasidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi rasmiy munosabat bildirdi.
Ta’kidlanishicha, holat Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi rahbariyati va mas’ullari ishtirokida tahlil qilinib, hujjatlarni ishlab chiqish va ish yuritish bo‘yicha kelgusida bu kabi holatlarga qayta yo‘l qo‘ymaslik va uning oldini olish bo‘yicha aniq vazifalar belgilangan.
“Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xatda keltirilgan holat yuzasidan mazkur xat mas’ul ijrochisi bilan tushuntirish ishlari olib borilib, zarur tavsiyalar berildi. Tizim xodimlari uchun davlat tilida ish yuritish asoslari bo‘yicha seminarlar o‘tkazilishi rejalashtirildi”, deyiladi vazirlik munosabatida.
Shuningdek, vazirlik tizim tashkilotlari va oliy ta’lim muassasalarida ish yuritish to‘liq davlat tilida, ya’ni lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida olib borilayotganini ma’lum qilgan. Biroq munosabatda OTMlardan nega kirill alifbosida ma’lumot so‘ralganiga izoh berilmagan.
LiveBarchasi