Oliy sud kim yo nimadan qo‘rqyapti?

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining sobiq Matbuot kotibi, uchinchi darajali adliya maslahatchisi, filologiya fanlari nomzodi Olimjon O‘sarov Oliy sudni Prezident topshiriqlari, jumladan normativ-huquqiy hujjatlar talablarini bajarmayotganini tanqid qilib chiqdi. O‘sarovning aytishicha, bu hodisa bir necha oylardan buyon davom etib kelmoqda. 

Jumladan, Olim O‘sarov shunday deydi:

"Xabaringiz bor, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2019 yil 12 martdagi hal qiluv qaroriga ko‘ra, internet jahon axborot tarmog‘ining “najot.info” va “hizb-uzbekiston.info” veb-saytlari hamda “Facebook”, “Youtube” va “Telegram” axborot resurslari va ijtimoiy tarmoqlardagi jami 40 ta nomdagi profil, kanal va sahifalari ekstremistik va terroristik tashkilotlar ro‘yxatiga kiritilgan edi.

Shuningdek, mazkur hal qiluv qarorini o‘zining rasmiy veb-saytida e’lon qilish Oliy sud va Adliya vazirligi zimmasiga yuklatilgan edi.

Rostdan ham, Adliya vazirligi (Ruslan Davletov)ga qoyil: ham davlat nomidan e’lon qilingan sud qarorining ijrosini ta’minladi, ham adliya faoliyati ochiq va shaffofligini amalda namoyon etdi – Oliy sud qarori vazirlik rasmiy saytida e’lon qilindi. O‘sha kuniyoq mamlakatning barcha OAVda sud qarori bilan taqiqlangan “Facebook”, “Youtube” va “Telegram” axborot resurslari va ijtimoiy tarmoqlardagi profil, kanal va sahifalari ro‘yxati tezkorlik bilan e’lon qilindi. 

Oliy sud rahbariyati esa harchand urunmaylik, qarorni ham, ro‘yxatni ham saytda e’lon qilishni qat’iyan rad etdi, aniqrog‘i “qo‘rqdi”. Kimdan qo‘rqdi, nimadan qo‘rqdi, ochig‘i, hanuz bilmayman,  taqiqlangan tashkilotlardanmi yoki... Bilganim shuki, hanuzgacha bu qaror Oliy sud saytida e’lon qilingani yo‘q". 

O‘sarovning qayd etishicha, Prezident bu boshboshdoqliklardan xabardor. 

"Prezident hammasini bilarkan. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 4 sentyabr kuni e’lon qilingan “Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori buning yaqqol dalilidir.  Qarorning 8-bandida quyidagi topshiriq berildi: “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Oliy sudi o‘zining rasmiy veb-saytlari va boshqa ommaviy axborot vositalari orqali sud tomonidan ekstremistik yoki terroristik deb topilgan hamda O‘zbekiston Respublikasi hududida faoliyati taqiqlangan tashkilotlar, veb-saytlar, ijtimoiy tarmoqlar va mobil messenjerlar ro‘yxatini e’lon qilib, uning doimiy ravishda yangilab borilishini ta’minlasin”. 

Qaror e’lon qilinganiga  oydan oshdi. Biroq hanuzgacha Oliy sud rahbariyati Prezidentimizning ushbu qarori ijrosini ta’minlashni istashmayapti. Nega? Buni faqat Oliy sud rahbariyati biladi.

Xolbuki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari va qarorlari normativ-huquqiy hujjat hisoblanadi. “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonunning 28-moddasiga ko‘ra, normativ-huquqiy hujjatlarning e’lon qilinishi ular qo‘llanilishining majburiy shartidir. Bu jihatdan olib qaralsa, Oliy sud rahbariyati tomonidan qonunning ijrosi ham bajarilmayapti", deb yozadi Olimjon O‘sarov. 

Olimjon O‘sarov joriy yilning avgust oyida Oliy suddagm lavozimini tark etgandi. U ishdan ketarkan, shunday degan edi: 

"Oxirgi vaqtlarda ommaviy axborot vositalarida sud tizimiga oid ko‘plab tanqidiy chiqishlar bo‘lib turibdi va bu chiqishlarga o‘z vaqtida, xolis munosabat bildirish kerak. Biroq bu masalada sustkashlikka yo‘l qo‘yilib, aksariyat sudyalar va sud xodimlari OAVning sud majlislarida qatnashishiga asossiz to‘sqinlik ko‘rsatyapti".

Olimjon O‘sarov 1973 yil 9 aprelda Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanida tug‘ilgan. Toshkent davlat universiteti (hozirgi O‘zbekiston Milliy universiteti) jurnalistika fakultetini (1996), Toshkent Davlat yuridik institutining sud-prokurorlik fakultetini (2002) tamomlagan. Filologiya fanlari nomzodi, dotsent.


Maqola muallifi

Teglar

Oliy sud

Baholaganlar

200

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing