Oliy sud qatag‘on qurbonlarining 240 nafarini oqladi (ro‘yxat)
Jamiyat
−
25 avgust 2023
5579Oliy sudda qatag‘on qurbonlarining 240 nafariga oid 5 ta jinoyat ishi ko‘rib chiqilib, ularning barchasi oqlandi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.
Kecha, 24 avgust kuni Oliy sudga Uchlik Kengashining maxsus yig‘ilish qarorlariga ko‘ra, 1929-1931 yillarda hozirgi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Surxondaryo, Navoiy, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlari hududlarida “bosmachilik” harakati a’zolari bo‘la turib, qurolli to‘da tuzishib, sovet hukumatiga qarshi qurolli qo‘zg‘olon yoki aksilinqilobiy maqsadlarda harakatlarni amalga oshirganlikda ayblangan O‘zbekiston SSR va Qozog‘iston SSR fuqarolari bo‘lgan 240 nafar shaxsga oid 5 ta jinoyat ishi kelib tushib, ishchi guruh tomonidan o‘rganib chiqilgan.
Bosh prokuror o‘rinbosari tomonidan yuqorida ko‘rsatilgan jinoyat ishlari yuzasidan Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga apellyatsiya protestini berish muddatini tiklash haqidagi iltimosnomalar hamda apellyatsiya tartibida protestlar keltirilgan.
Ochiq sud majlislarida ushbu iltimosnomalar va protestlar ko‘rib chiqilib, qanoatlantirildi hamda Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasiga asosan jami 5 ta jinoyat ishi bo‘yicha 240 nafar shaxsga nisbatan Oliy sud Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati apellyatsiya instansiyasining oqlov hukmi chiqarildi.
Oqlangan qatag‘on qurbonlari ro‘yxatini quyidagi havola orqali bilib olishingiz mumkin.
Oliy sudga ko‘ra, keyingi yillarda sovet davrida qatag‘on qilingan 616 nafar o‘zbekistonlik oqlangan.