Oliy sud deputatning tanqidiga munosabat bildirdi

Jamiyat

image
Siz oydan tushganmisiz, yo xalqdan ustun oliy irqdanmisiz? – Kusherboyev Oliy sudni tanqid qildi north_east

Siz oydan tushganmisiz, yo xalqdan ustun oliy irqdanmisiz? – Kusherboyev Oliy sudni tanqid qildi

Avvalroq, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev Oliy sudni tanqid qilib chiqqandi. Deputat fuqarolar Oliy sud rahbariyati qabuliga kira olmayotganidan norozi ekanini ta’kidlagandi.

Oliy sud matbuot xizmati fuqarolar qabuli yuzasidan muhokamaga sabab bo‘lgan masalaga munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, mamlakatda karantin choralari kuchaytirilgan kezlarda Oliy sud Rayosatining 2020 yil 20 martdagi RS-13-20-sonli “O‘zbekiston Respublikasi sudlarida COVID-19 koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish to‘g‘risida”gi Qaroriga asosan, sudlarda fuqarolarning shaxsiy qabuli, shu jumladan, Oliy sud raisi va rais o‘rinbosarlari qabuli maxsus buyruq chiqqunga qadar to‘xtatib turilgan. 

“Aynan karantin choralari kuchaytirilgan kezlarda  shikoyat hamda arizalar sudlarga faqat elektron shaklda [email protected] pochta manzili orqali qabul qilindi va ularning amaldagi qonunchiligimizga muvofiq ko‘rib chiqilib, qonuniy hal etilishi ta’minlandi”, deyiladi xabarda.

O‘z navbatida, sudlarga elektron murojaatlar, shuningdek, Oliy sud rahbariyati qabuliga elektron ro‘yxatdan o‘tish O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining interaktiv xizmatlari portali my.sud.uz orqali ham amalga oshirilgan.

Binobarin, Oliy sud rahbariyati tomonidan fuqarolarning qabuli mutlaqo amalga oshirilmadi, degan iddaolar asossiz ekanini quyidagi raqamlar ham tasdiqlaydi, deya qator statistik ma’lumotlar keltirilgan.

2020 yil mobaynida Oliy sud rahbariyati tomonidan jami 5 896 nafar fuqaro qabul qilingan. Ularning 1 876 nafari bevosita Oliy sudda, 3846 nafari sayyor qabullarda, 174 nafari videokonferensaloqa tizimi yordamida qabul qilingan.

Shuningdek, 2020 yil mobaynida Oliy sud raisi tomonidan 341 nafar (bevosita Oliy sudda 254 nafar, videokonferensaloqa tizimi orqali esa 87 nafar) fuqaro qabul qilingan.

Oliy sud raisining birinchi o‘rinbosari Robaxon Mahmudova tomonidan 2020 yil mobaynida 428 nafar (bevosita Oliy sudda 28, sayyor qabullarda 392 nafar, videokonferensaloqa tizimi orqali 8 nafar) fuqaro qabul qilingan.

Oliy sud raisining o‘rinbosari Ikrom Muslimov tomonidan 1 472 nafar (bevosita Oliy sudda 685, sayyor qabullarda 775 nafar, videokonferensaloqa tizimi orqali 12 nafar) fuqaro qabul qilingan.

Oliy sud raisining o‘rinbosari Baxtiyor Isakov tomonidan esa 2 416 nafar (bevosita Oliy sudda 113, sayyor qabullarda 2 303 nafar) fuqaro qabul qilingan.

Shuningdek, 2020 yil 4-choragida Oliy sud qabulxonasiga tashrif buyurgan 631 nafar fuqaroning ariza va shikoyatlari qabul qilib olingan va ushbu murojaatlarning qonuniy hal etilishi ta’minlangan.

“Kezi kelganda Oliy sud rahbariyati qabuliga kirish tartibi xususida ham alohida to‘xtalmoqchimiz”, deya ba’zi tushuntirishlar ham berilgan.

Mazkur tartibga asosan, shuningdek, har bir sudya mustaqil ekanligi nuqtai nazaridan xolislikni ta’minlash maqsadida Oliy sud raisining qabuliga rais o‘rinbosarining qabulidan keyin (rais o‘rinbosarining javob xatidan norozi bo‘lgan taqdirda) o‘rinbosarlar qabuliga tegishli sudlov xay’atlari tomonidan chiqarilgan qarordan norozi bo‘lgan fuqarolarning kirishlari belgilangan. 

“Ushbu tartibdan bexabar ayrim fuqarolar o‘rtasida ba’zan tushunmovchiliklar yuzaga kelishi tabiiy, albatta. Bunday noroziliklarni ijtimoiy tarmoqlarda zudlik bilan tarqatib yuborish orqali keng jamoatchilik o‘rtasida sudlarga nisbatan salbiy fikrlar yuzaga kelayotganidan ham ko‘z yumolmaymiz”, deyiladi bayonotda.

Bayonotda pandemiya munosabati bilan Oliy sud rahbariyati tomonidan fuqarolar qabulini to‘laqonli amalga oshirish imkoniyati bo‘lmaganligi, o‘z navbatida, ayni shu murakkab vaziyat sababli ba’zi fuqarolarga sudga murojaat qilishi uchun noqulay vaziyat yuzaga kelganligini inkor etib bo‘lmasligi ta’kidlangan.

"Bugungi kunda Oliy sud rahbariyati, umuman aytganda, sudlarda fuqarolarning qabuli belgilangan tartibda va karantin qoidalarga to‘liq rioya qilingan holda amalga oshirilmoqda”, deya yakunlangan Oliy sud munosabati.


Maqola muallifi

Teglar

Oliy sud

Baholaganlar

384

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing