Olis hududlarga ishga borgan bitiruvchilarga yordam puli va uy ajratiladi

Jamiyat

image

Joriy yilda 451 mingdan ziyod yoshlar maktablarni va 188 ming nafari kollejlarni tamomladi. 71 ming nafar talaba oliy o‘quv yurtlarini bitirdi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkan videoselektor yig‘ilishida qayd etildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev bu yilgi bitiruvchilarni o‘qish va ishga jalb etish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.

Bu yil qabul qamrovi kengaygani natijasida maktab va kollej bitiruvchilarining 103 ming nafari oliy ta’lim muassasalariga va 90 mingtasi kollej-texnikumlarga o‘qishga kirganda ham, boshqalarining bandligini ta’minlash zarurligi qayd etildi. 

“Qaysi hokim bu masalada bosh qotirib, bitiruvchilar bilan shaxsan uchrashdi? Yosh o‘g‘il-qizlarimiz ertaga qayerga va kimga ish so‘rab murojaat qiladi? Hududda ular uchun ish o‘rinlari zaxirasi shakllantirilganmi?”, deya savollar qo‘ydi Prezident.

Masalan, Surxondaryo viloyatida qariyb 2 ming nafar talaba pedagogika yo‘nalishlarini bitirmoqda. Ayni paytda Sariosiyo, Oltinsoy va Uzun tumanlaridagi qishloq maktablarida o‘qituvchilar yetishmaydi. Viloyat hokimi va sektor rahbarlari shu bitiruvchilar bilan uchrashib, ularni ishga yo‘naltirishga yordam berishi kerakligi ta’kidlandi. Bosh vazir o‘rinbosarlariga olis hududlarga ishga boradigan yosh mutaxassislarni rag‘batlantirish, ular uchun boshlang‘ich yordam puli va uy-joy ajratish tizimini joriy etish bo‘yicha topshiriq berildi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarda “Ishga marhamat” mono-markazlari tashkil etish, yoshlarni kasbga va tadbirkorlik asoslariga o‘rgatish maskanlari hamda mahalla guzarlarida o‘quv kurslari ochish vazifasi qo‘yildi.

Ma’lumki, 8 iyun kuni O‘zbekiston Prezidentining “Tadbirkorlik faoliyati va o‘zini o‘zi band qilishni davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Unga muvofiq, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari 24 tadan 67 taga oshirilib, ruxsat olish talablari va soliq to‘lovlari deyarli bekor qilindi. Bu bandlikni ta’minlash borasida katta resurs ekani ta’kidlab o‘tildi.

Markaziy bankka o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun oilaviy tadbirkorlik dasturlari doirasida 300 milliard so‘m kredit mablag‘lari ajratish, Moliya vazirligiga tadbirkorlikni boshlayotgan ishsiz fuqaroga 3 oy mobaynida bino-inshootning ijara to‘lovi uchun subsidiya berish tizimini joriy etish bo‘yicha topshiriqlar berildi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev bitiruvchi

Baholaganlar

82

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing