Oling quda, bering quda: YeOIIda kuzatuvchilik O‘zbekistonga nima berib, nimani oladi?

Tahlil

image

O‘zbekiston va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi. Bugun qariyb 30 yillik mustaqillik davrini bosib o‘tayotgan O‘zbekiston uchun muhim kun. U mamlakat taqdirining bir parchasini yoki katta bir bo‘lagini hal etishi mumkin. Har holda ekspertlar shunday qaraydi. O‘zbekiston YeOIIga kuzatuvchi bo‘lib kirdi. Bu siz va biz bilgan, bozordagi sotuvchi va xaridorning o‘zaro ayirboshlashini tashqaridan tomosha qilib turish emas, maqom!

Bu masala bo‘yicha, fikr-mulohazalar turlicha: kimdir mazkur ittifoqda kuzatuvchi bo‘lishni yoqlasa, yana boshqalar buni mustaqillikka bo‘lgan jiddiy tahdid sifatida ko‘radi. Xo‘sh, ushbu ittifoqdagi kuzatuvchilik maqomi O‘zbekistonga nima beradi? Yoki, dangali aytganda, bizdan nima ketadi? O‘zbekiston uchun “eski tanish” bo‘lgan yangi ittifoq mamlakatdagi islohotlar darajasiga qanday ta’sir ko‘rsatadi? Bugun siz bilan g‘oyibona suhbatimiz shu haqida. 

YeOII qanday tashkil topgan?

Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqini tashkil qilishning tag ildizi 1994 yilga borib taqaladi. Sobiq Ittifoq mamlakatlari endigina o‘z davlatchilik siyosatlarini oyoqqa turg‘azayotgan payt Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti Nursulton Nazarboyev 1994 yilda YeOIIni tashkil qilish taklifi bilan chiqadi. Mazkur ittifoqni tuzish uchun tayyorgarlik 1995-2000 yillar davomida olib borilib, tashkilotning huquqiy asoslari ishlab chiqiladi. 2000 yil 10 oktyabr kuni Ostona (hozirgi Nur-Sulton – tahr.) shahrida Belarus, Qozog‘iston, Rossiya, Tojikiston va Qirg‘iziston rahbarlari tomonidan YeOIIni tuzish haqidagi bitim imzolanadi. Ushbu bitim 2001 yil 30 may kunidan kuchga kiradi. Bitimga muvofiq ittifoq davlatlari yagona iqtisodiy makon va Bojxona ittifoqi to‘g‘risidagi kelishuvlar asosida birlashadilar.

2001 yilning may oyida ittifoqning asosiy organlari – YeOII kengashi va YeOII integratsiya qo‘mitasi vazifalarini belgilab beruvchi hujjatlar qabul qilindi. 2006 yil 24 yanvar kuni Sankt-Peterburg shahrida o‘tkazilgan kengashda O‘zbekistonning YeOIIga a’zo bo‘lishi haqida bitim imzolandi. Shu yilning iyun oyida Belarus poytaxti Minsk shahrida o‘tkazilgan kengashda Yagona iqtisodiy makon doirasida ish olib borishga kelishildi. 

2008 yilning oktyabr oyida O‘zbekiston hukumati YeOIIning samaradorligi va muvofiqligi borasida shubha bildirib, undan chiqish haqida bayonot berdi. 2008 yil 12 noyabrda  YeOII O‘zbekistonning tashkilotga a’zoligini to‘xtatish borasida qaror qabul qildi. Bunga O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning iltimosi asos sifatida ko‘rsatilgan. O‘sha yilning 12 dekabr sanasidagi YeOII kengashida O‘zbekiston iltimosi rasman tasdiqlanadi.

Hozirgi kunga kelib, ushbu Ittifoqqa Rossiya, Belarus, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Armaniston to‘liq a’zo. Moldova esa kuzatuvchi bo‘lib kelayotgandi. Bugun uning qatoriga Kuba hamda O‘zbekiston qo‘shildi.

Kuzatuvchi davlatning Ittifoqdagi o‘rni

Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasining integratsiyani rivojlantirish departamenti direktori Goar Barsegyan 3 dekabr kuni kuzatuvchi davlatlarning o‘rniga oydinlik kiritdi.

•    YeOII to‘g‘risidagi kelishuvga asosan, kuzatuvchi-davlatlar vakillari YeOII tadbirlarida ishtirok etishlari mumkin, lekin qarorlarni qabul qilishda qatnashmaydi;

•    kuzatuvchi davlatlarga YeOIIda qabul qilingan maxfiy bo‘lmagan hujjatlar va reglamentlar taqdim etiladi;

•    kuzatuvchi davlat Ittifoqqa yoki a’zo davlatlarning iqtisodiy manfaatlariga zarar yetkazadigan harakatlarni amalga oshirmaslik majburiyatini oladi;

•    kuzatuvchi davlat maqomi YeOIIning integratsiya kun tartibidan xabardor bo‘lish va turli sohalardagi hamkorlikni kengaytirishga imkon beradi.

Kuzatuvchi maqomi O‘zbekistonga nima beradi?

Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi dastlab Bojxona ittifoqi ko‘rinishida tashkil topgan. Ushbu Shartnomaning maqsadi tomonlar o‘rtasida iqtisodiy o‘zaro aloqalarni o‘rnatish, erkin savdo va adolatli raqobatni ta’minlash edi.    

Kuzatuvchi maqomini berish to‘g‘risidagi qaror tashkilotning Oliy Kengashi tomonidan qabul qilinadi. Bu maqomni olgan davlat esa YeOII ta’sis shartnomasida ko‘rsatilgan maqsad va yo‘nalishlarga zid, ittifoq va uning a’zo davlatlari manfaatiga zarar yetkazadigan xatti-harakatlar yo‘l qo‘yilmasligi shart.

O‘zbekiston YeOIIda kuzatuvchi maqomini olgan davlat hukumati sifatida, Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi vakolatxonasiga o‘zining doimiy vakilini yuboradi. Ushbu shaxs O‘zbekiston nomidan Komissiya va uning organlari bilan doimiy aloqa o‘rnatish vakolatiga ega bo‘ladi.

Ushbu doimiy vakil o‘z davlatidagi Hukumat bilan Ittifoq doirasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, texnik, bojxona, sanitariya va fitosanitariya reglamentlarini tartibga solish, Komissiya vakolatiga kiradigan boshqa masalalar bo‘yicha doimiy aloqalarni o‘rnatish va qo‘llab-quvvatlashga mas’ul bo‘ladi. Shuningdek, u O‘zbekiston va Ittifoqqa a’zo davlatlar uchun o‘zaro manfaatli sohalarda ikki tomonlama va ko‘p tomonlama muloqot o‘rnatish va hamkorlik qilish bo‘yicha faoliyat ko‘rsatadi.

Ekspertlar qanday fikrda?

Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining sobiq rahbari, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning iqtisodiy rivojlanish, samarali boshqaruv va xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Suma Chakrabarti joriy yilning avgust oyida Ozarbayjonning “Trend” nashriga bergan intervyusida YeOII masalasiga ham to‘xtalib o‘tgandi.

“AQSHda har yili qayta ko‘rib chiqish kerak bo‘lgan Jekson-Venik tuzatishlaridan voz kechish, O‘zbekiston hukumati amalga oshirayotgan islohotlarni tan oladi va iqtisodiyotga ham foydali bo‘ladi. Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zolikka kelsak, O‘zbekiston qo‘shnilari Qozog‘iston va Qirg‘iziston tajribasiga tayanib, xarajat va manfaatlarni sinchkovlik bilan ko‘rib chiqishi kerak”, degan edi Chakrabarti.

Joriy yilning iyul oyida AQSH Davlat kotibining Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi o‘rinbosari Jonatan Xenik “Kommersant”ning Vashington O‘zbekistonning Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII)ga a’zo bo‘lib kirishiga qanday munosabatda ekani haqidagi savoliga javoban, AQSH Markaziy Osiyo respublikalariga ta’sir o‘tkazish uchun Moskva bilan raqobatlashmasligini bildirgan.

“Men ushbu muzokaralar haqida izoh berolmayman, chunki Qo‘shma Shtatlar YeOII a’zosi emas. O‘zbekiston ishtirokida muhokamalar davom etmoqda. Shuni bilamanki, bu masala O‘zbekiston xalqini juda o‘ylantirmoqda. Biz O‘zbekiston fuqarolarining dunyo bozorlari va investitsiyalaridan foydalanishga intilishini qo‘llab-quvvatlaymiz. Umid qilamizki, O‘zbekiston aholisi barcha mavjud mahalliy blok va savdo aloqalarini hamda Jahon savdo tashkilotiga a’zolik masalasini sinchkovlik bilan o‘rganib chiqadi. Qaysi biri foydali ekanidan kelib chiqib, tanlovni amalga oshiradi”, degandi amerikalik diplomat.

Ushbu Ittifoq O‘zbekistonga qanchalik kerak?

Rossiyada kim ko‘p, o‘zbekistonlik muhojirlar ko‘p. Yo‘q, ularning hammasi siz o‘ylagandek yoki talqin qilinganidek ko‘cha supurayotgani yo‘q. Biri oshpaz, ikkinchisi sartarosh, yana qay biri quruvchi... Buni avvalgidek O‘zbekiston chet elga mardikor tayyorlab beryapti, deb talqin qilish, integratsiyani tushunmaslik, anglamaslik. Shu bois YeOIIga a’zolik eng birinchi navbatda Rossiyadagi mehnat muhojirining ko‘kragiga shamol tegishi demak. Ikkinchi tarafdan bor-yo‘g‘i shu a’zo 5-6 mamlakat bilan bojsiz savdo qilish. 

Mehnat patenti to‘lovlarining bekor qilinishi yoki kamaytirilishi natijasida O‘zbekiston migrantlar orqali yiliga taxminan, 200 million dollar daromad olishi mumkin. Bu, albatta, muhojirlarning o‘zlari uchun juda muhimdir, ammo umuman O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun juda katta o‘sish sifatida qaralmaydi. Mamlakat iqtisodiyotini yaxshilashning asosiy usuli boshqa mamlakatlar bilan savdo qilish uchun imtiyozli shartlarni izlash o‘rniga, masalan, Gruziya erishganidek, biznes va xorijiy investitsiyalarni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish edi. 

Gapning indallosini aytganda, o‘tgan 4 yil ichida JSTga a’zo bo‘lmadik. Ikki o‘rtada ayri mamlakatlar turli yo‘llar bilan mahsulotlarimizga taqiqlar qo‘yishni boshladi. Pandemiya davrida migrantlarimizni olib kelish, samolyotimizni uchirishda ham qiyinchiliklar bo‘ldi. Shamol bo‘lmasa, daxartning uchi qimirlamaydi deganlaridek, YeOIIga kuzatuvchi bo‘lish ortida ham kuchli bo‘ronlar bordir, balki. Hozir bu shamol migrantlarimiz bag‘riga tegib turgani ham optimizm uchun kichik bir asos...
 


Maqola muallifi

Teglar

EOII o'zbekiston Kuzatuvchilik

Baholaganlar

731

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing