Olimpiadadagi o‘zbek “monsteri”
Intervyu
−
23 Sentabr
9181Parij mezbonlik qilgan XXXIII yozgi Olimpiada O‘zbekiston delegatsiyasi uchun tarixiy natija bilan yakunlandi. Delegatsiya o‘z tarixidagi eng yaxshi natijasini qayd etib, 8 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza medal bilan umumjamoa hisobida 13-o‘rinni egalladi.
O‘zbekiston jamoasining bu natijaga erishishiga dzyudo jamoasining hissasi ham katta bo‘ldi. Dzyudo terma jamoasi 1 ta oltin va 2 ta bronzani medallar jamg‘armasiga qo‘shib qo‘ydi. Jumladan, Olimpiadada debyut qilgan -100 kilogrammgacha vaznda ishtirok etgan Muzaffarbek To‘raboyev bahslarda munosib qatnashib, yakunda bronza medaliga sazovor bo‘ldi va o‘z jamg‘armasiga dzyudo tasnifidagi barcha yirik turnirlar medallarini yozdirib qo‘ydi.
QALAMPIR.UZ To‘raboyevning Olimpiadadan keyingi taassurotlari va kelgusi rejalari bilan tanishish uchun unga mikrofon tutdi.
“Olimpiadaning boshqa turnirlardan farqli jihatini sezmadim, faqatgina nomda farq bor, aksincha Jahon chempionati garchi oltin medal olgan bo‘lsam ham, men uchun qiyinroq o‘tgandi. Dunyo birinchiligida eng sara 5-6 nafar sportchi medal oladi, Olimpiadada esa kutilmagan natijalar bo‘ladi”, deydi To‘raboyev.
Shuningdek, intervyu davomida 24 yoshli To‘raboyev Davlat Bobonovning Olimpiadadagi muvaffaqiyatsiz ishtiroki, Bahodir Jalolov va Temur Kapadze o‘rtasidagi tushunmovchilikka sabab bo‘lgan videoga to‘xtaldi.
“Bahodir Jalolov boshqa narsani gapirdi, Kapadze esa boshqa jihatga to‘xtalgandi. Orada noto‘g‘ri talqindagi videolar tarmoqlarga tarqatildi. Temur Kapadze Olimpiya shaharchasidagi muammolarni aytgan, Jalolov esa O‘zbekistondan sportchilarga ovqatlar olib kelinganiga to‘xtalgan”, deydi dzyudochi.
Intervyu davomida To‘raboyev kelgusi rejalari, ijtimoiy tarmoqlarda ta’limga oid fikri noto‘g‘ri talqin qilingani va vaznini o‘zgartirishi bilan bog‘liq savollarga javob berdi.
Ma’lumot uchun, Muzaffar To‘raboyev 2000 yilning 5 aprelida Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan. U faoliyati davomida Osiyo va jahon chempioni, “Katta dubulg‘a” hamda Osiyo o‘yinlarida g‘olib bo‘lgan.