Olimpiada o‘tkazilmasa Yaponiya qancha zarar ko‘rishi hisoblab chiqildi

Sport

image

Tokiodagi Yozgi Olimpiya o‘yinlari COVID-19 tufayli bekor qilingan taqdirda Yaponiya 7,8 trillion iyena (74,3 milliard dollar) yo‘qotishi mumkin. Ushbu hisob-kitobni SMBC Nikko Securities moliya kompaniyasi hisoblab chiqdi.

Kompaniya hisob-kitoblariga ko‘ra, mamlakat yalpi ichki mahsuloti yiliga 1,4 foizga pasayadi. SMBC Nikko Securities’ning qayd etishicha, Olimpiada 670 milliard iyenalik (6,5 milliard dollar) tovar va xizmatlarga bo‘lgan talabni paydo qiladi. Agar iyulgacha koronavirus muammosi me’yorlashmasa, Olimpiada o‘yinlari bekor qilinishi mumkin.

Yaponiyada koronavirus bilan 1100 nafardan ziyod shaxs kasallandi. Ularning aksariyati - 696 kishi - Diamond Princyess kruiz kemasining yo‘lovchilari va ekipaji, 14 kishi charter reyslari bilan Xitoydan evakuatsiya qilingan guruhlarning bir qismi. 60 kishining ahvoli og‘ir deb baholanmoqda, ular jonlantirish bo‘limiga joylashtirilgan. 12 kishi halok bo‘ldi.

Virusga chalinganlarning eng ko‘p qismi Yaponiyaning shimoliy oroli - Xokkaydo gubernatorligiga to‘g‘ri kelmoqda. Bir hafta muqaddam gubernatorlikda favqulodda holat joriy qilindi, aholiga uylaridan zaruratsiz chiqib ketmaslik tavsiya etilgan.

Yaponiyada ommaviy tadbirlar bekor qilindi, hafta boshidan beri aksariyat maktablar yopildi. Bu yil Tokio va Osakada an’anaviy sakura bayramlari o‘tkazilmaydi. “Disneylend” va boshqa istirohat bog‘lari 6 martdan oyning o‘rtalariga qadar yopib qo‘yildi. Sumo, beysbol va boshqa sport turlari bo‘yicha musobaqalar, shuningdek, ba’zi konsertlar va moda namoyishlari internetda jonli efir orqali tomoshabinlarsiz o‘tkaziladi.

Kasalliklar sonining ko‘payishi tibbiy niqoblar, dezinfeksiyalash vositalarini sotib olishda ulkan navbatlar paydo bo‘ldi – ushbu mahsulotlar ikki hafta oldin do‘kon rastalarida qolmadi va internet orqali bir necha bor qimmat narxlarda sotish boshlandi.


Maqola muallifi

Teglar

Yaponiya Tokio-2020

Baholaganlar

108

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing