Olimpiada oldidan jiddiy muammolar yuzaga keldi
Sport
−
29 noyabr 2106 2 daqiqa
2026 yil fevral oyida Milan va Kortina-d’Ampetssoda bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan Qishki Olimpiada oldidan tashkilotchilar hali ham barcha infratuzilmani o‘z vaqtida yakunlay olishiga amin emas. Shu sabab tomoshabinlar sig‘imi 15 foizga qisqartirilishi tasdiqlandi. Bu haqda “Reuters” nashri xabar berdi.
Olimpiada ochilishiga ikki oy qolgan bo‘lsa-da, bir qator muhim ob’ektlar, xususan, Kortina-d’Ampetssoni Tofana tog‘-chang‘i majmuasi bilan bog‘lovchi kanat yo‘li qurilishi belgilangan jadvaldan ortda qolmoqda. Tashkilotchilar kamchiliklarni bartaraf etish uchun vaqt borligini aytmoqda, biroq qurilishning o‘z vaqtida tugallanishiga shubhalar kuchli.
Kortina-d’Ampetssoda to‘g‘ridan to‘g‘ri temiryo‘l aloqasi yo‘q. Shahar allaqachon tirband hudud bo‘lib, Olimpiada vaqtida mehmonlarning shaxsiy avtomobillarda harakatlanishi cheklanadi va ular maxsus transport tizimlaridan foydalanishiga to‘g‘ri keladi. Shu sababli kanat yo‘liga katta umid bog‘langan edi, ammo qurilishning noaniqligi tufayli chipta sotuvlarini qisqartirishga qaror qilingan.
Belluno provinsiyasi transport bo‘yicha maslahatchisi Massimo Bortoluzzining ma’lum qilishicha, tomoshabinlar sig‘imi 15 foizga qisqartirilgan. Dastlab bu hududga 200 ming tomoshabin kelishi rejalashtirilgan bo‘lsa, endi taxminan 30 ming muxlis Olimpiadani jonli tomosha qila olmaydi. Endi chipta olgan va sayohatni rejalashtirgan muxlislar tadbirga kirish imkonidan mahrum bo‘lish xavfi ostida qolmoqda.
Ma’lumot uchun, Milan-Kortina-d’Ampetsso Qishki Olimpiya o‘yinlari 2026 yilning 6-22 fevral kunlari o‘tkaziladi.