Olimpiada ochilish marosimida Isroil delegatsiyasiga hushtakbozlik qilindi (video)
Sport
−
10:43 7041 1 daqiqa
Bugun, 7 fevralga o‘tar kechasi Italiyada Milan-Kortina–2026 qishki Olimpiya o‘yinlarining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbirda Isroil sportchilari delegatsiyasi tribunalar tomonidan hushtakbozlik bilan qarshi olindi.
Sportchilar paradi Milandagi “San-Siro” stadionida bo‘lib o‘tdi. Manbalarga ko‘ra, isroillik sportchilar o‘tib ketayotgan paytda tribunadan hushtak va baqiriqlar eshitilgan. Ushbu tovushlar teletranslyatsiya vaqtida baland musiqa orqali qisman bostirilgani aytilmoqda.
Shuningdek, stadionda bo‘lib turgan AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vensga nisbatan ham hushtak chalish holatlari kuzatildi. AQSH delegatsiyasi sahnaga chiqayotganida stadion monitorlarida Vens tasviri ko‘rsatilgani arenadagi hushtaklarga sabab bo‘lgani ta’kidlanmoqda.
Ma’lumot uchun, Milan-Kortina–2026 qishki Olimpiya o‘yinlari kecha, 6 fevral kuni boshlanib, joriy yilning 22 fevral kuniga qadar davom etadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq qishki Olimpiya o‘yinlarining tantanali ochilish marosimida O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi