Olimlar limon shaklidagi sayyorani kashf etdi
Olam
−
12:12 1640 2 daqiqa
Olimlar shakli limonga o‘xshash juda noodatiy ekzosayyorani aniqladi. Bu haqda “Daily Mail” nashri xabar berdi.
PSR J2322–2650b deb nomlangan ushbu gaz giganti James Webb kosmik teleskopi yordamida topilgan bo‘lib, u ilmiy jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otgan.
Sayyora hajmi jihatidan Yupiterga yaqin, ammo uning fizik xususiyatlari hozirgacha kuzatilgan barcha sayyoralardan keskin farq qiladi. Juda kuchli gravitatsiya ta’siri ostida u cho‘zilib, limonga o‘xshash shaklga kelgan. Olimlar bu deformatsiya sayyora aylanib yurgan yulduzning kuchli tortish kuchi sabab yuzaga kelganini aytmoqda.
PSR J2322–2650b odatiy yulduz atrofida emas, balki pulsar – neytron yulduz atrofida aylanadi. Bunday yulduzlarning massasi Quyoshnikiga teng bo‘lsa-da, katta shahar hajmigacha siqilgan bo‘ladi. Sayyora Yer sayyorasidan taxminan 750 yorug‘lik yili uzoqlikda joylashgan va pulsarga juda yaqin – atigi 1,6 million kilometr masofada.
Shu sababli u doimiy ravishda kuchli nurlanish, jumladan gamma nurlari ta’sirida qoladi. Sayyora pulsar atrofida bor-yo‘g‘i 7,8 soatda bir marta aylanib chiqadi.
Olimlarni eng ko‘p hayratga solgan jihat – sayyoraning atmosfera tarkibi. Tadqiqotlar unda molekulyar uglerod mavjudligini, ammo suv, metan va karbonat angidrid deyarli yo‘qligini ko‘rsatgan. Chikago universiteti olimi Maykl Chjanning aytishicha, bunday atmosfera turi ilgari hech qaysi ekzosayyorada kuzatilmagan.
PSR J2322–2650b hozircha neytron yulduz atrofida aylanadigan yagona gaz giganti hisoblanadi. Odatda bunday yulduzlar yaqin ob’ektlarni yo parchalab yuboradi, yo kuchli nurlanish bilan bug‘lantiradi.
Sayyoraning kelib chiqishi hanuz noma’lum. Olimlar fikricha, u na oddiy sayyora sifatida, na yulduz parchalanishi natijasida hosil bo‘lishi mumkin. Mavjud nazariyalar bunday darajadagi uglerodga boy tarkibni tushuntirib bera olmayapti.
Ilmiy taxminlardan biriga ko‘ra, sayyora ichida sovish jarayonida uglerod va kislorod kristallashib, keyinchalik toza uglerod kristallari yuqori qatlamlarga ko‘tarilib, geliy bilan aralashgan bo‘lishi mumkin. Ammo bu faraz azot va kislorodning yo‘qligini izohlab bermaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yerga o‘xshash sayyoralar koinotda ilgari o‘ylanganidan ancha ko‘p uchrashi mumkinligi haqida xabar berilgandi.