Olimlar qog‘oz kitob o‘qishning kutilmagan foydasini aniqladi
Bu qiziq
−
14 iyun 9803 2 daqiqa
Qog‘oz kitoblarni o‘qish miyaga syujet detallarini ekrandan o‘qishga qaraganda yaxshiroq bog‘lash va eslab qolishga yordam beradi. Yapon olimlari qog‘oz formatining ilgari noma’lum bo‘lgan kognitiv afzalliklarini aniqlab, shunday xulosaga keldi. Tadqiqot natijalari PLOS One jurnalida e’lon qilindi.
Tokio universiteti tadqiqotchilari o‘qish formati miya faoliyatiga qanday ta’sir qilishini o‘rgangan. Eksperimentda 25 nafar talaba ishtirok etgan. Ular manganing (yapon komiksi) bir qismini qog‘oz kitobda yoki planshetda o‘qigan. Keyin ishtirokchilar MRT skanerlash jarayonidan o‘tayotgan vaqtda hikoyaning ikkinchi qismi bilan tanishib chiqqan va syujet bo‘yicha savollarga javob bergan.
Javoblarning aniqligi har ikkala guruhda ham bir xil bo‘lib chiqqan. Biroq birinchi qismni planshetda o‘qigan ishtirokchilarga hikoyaning turli qismlaridagi ma’lumotlarni birlashtirish talab etiladigan savollarga javob berish uchun ko‘proq vaqt kerak bo‘lgan.
Miyani skanerlash natijalari shuni ko‘rsatdiki, hikoyaning ikkinchi qismini o‘qish paytida qog‘oz kitob ixlosmandlarida tilni qayta ishlash va izchil hikoya tuzish uchun mas’ul bo‘lgan miya sohalari kamroq faollik ko‘rsatgan. Bu esa miyaga yangi ma’lumotlarni tushunish va integratsiya qilish uchun kamroq kuch talab qilinganidan dalolat beradi.
Ish mualliflarining fikriga ko‘ra, buning sababi qog‘oz kitobning jismoniy xususiyatlaridadir. Sahifalarning qalinligi, matnning qat’iy joylashuvi va o‘qish jarayonini his qilish imkoniyati miya uchun syujetning o‘ziga xos “fazoviy xaritasi”ni yaratadi. Ushbu sensor mo‘ljallari voqealarni va ular o‘rtasidagi bog‘liqlikni yaxshiroq eslab qolishga yordam beradi.
Planshet o‘quvchilarida bunday ishoralar yo‘q, shuning uchun miya hikoya tuzilmasini tiklash va xotiradan kerakli ma’lumotlarni qidirish uchun qo‘shimcha sohalarni faolroq ishga solishga majbur bo‘ladi.
Mualliflarning aytishicha, raqamli o‘qish matnni tushunishni yomonlashtirmaydi – planshet foydalanuvchilari topshiriqlarni boshqalardan kam bo‘lmagan tarzda bajargan. Biroq xuddi shu natijaga erishish uchun ularga ko‘proq vaqt va kognitiv resurslar kerak bo‘lgan.
Live
Barchasi