Olimlar ilk bor “ikkinchi avlod sayyorasi”ni aniqladi
Bu qiziq
−
12:09 375 3 daqiqa
Olimlar ilk bor o‘lgan yulduz qoldiqlaridan hosil bo‘lgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan sayyorani aniqladi. Hozircha “ikkinchi avlod sayyorasi” deb atalayotgan ushbu ob’ekt Yerdan 270 yorug‘lik yili uzoqlikdagi oq mitti (o‘z yoqilg‘isini tugatib, tashqi qatlamlarini chiqarib yuborgan yulduzning juda zich va issiq qoldig‘i) atrofida aylanmoqda. Bu haqdagi tadqiqot CNN’da e’lon qilindi.
Qayd etilishicha, sayyora HS 0209+0832 nomli oq mitti atrofida aylanayotgan gaz giganti bo‘lishi mumkin. NASA’ning “Hubble” kosmik teleskopi va boshqa qurilmalar yordamida olingan ma’lumotlar sayyora yulduz nobud bo‘lib, oq mittiga aylangan paytda undan ajralib chiqqan moddalar hisobiga shakllangan bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Quyoshga o‘xshash yulduzlar umrining oxirida avval qizil gigantga aylanib, tashqi qatlamlarini tashqariga chiqarib yuboradi. Natijada uning markazida issiq va zich oq mitti qoladi. Bunday jarayondan ayrim eski sayyoralar omon qolishi mumkin. Ammo hozirgacha yulduz nobud bo‘lganidan keyin uning qoldiqlaridan yangi sayyora paydo bo‘lganiga dalil topilmagan.
Olimlar HS 0209+0832 yuzasida niobiy deb ataladigan og‘ir element izlarini aniqlagan. Ushbu element oq mitti yuzasida avval hech qachon kuzatilmagan.
“Bu elementning oq mittida ilk bor aniqlanishi sayyora materiali yulduz nobud bo‘layotganda undan qolgan moddalar hisobiga shakllanganini ko‘rsatadi”, degan tadqiqot muallifi, Uorik universiteti doktoranti Jeymi Uilyams.
Shuningdek, NASA’ning TESS teleskopi yordamida oq mitti yorqinligida har 4,4 kunda takrorlanadigan o‘zgarish qayd etilgan. Olimlarning fikricha, bu uning atrofida ulkan sayyora aylanayotganidan dalolat berishi mumkin.
Biroq tadqiqotchilar sayyoraning mavjudligini hozircha to‘liq tasdiqlamagan. Uilyamsning aytishicha, hozircha bu faqat sayyora nomzodi hisoblanadi.
Olimlar bunday sayyora qanday paydo bo‘lganini ham aniq bilmaydi. Taxminlardan biriga ko‘ra, yulduzning qizil gigant bosqichida uning ichiga boshqa osmon jismi tushib ketgan. Natijada yulduz atrofida chang va gazdan iborat disk hosil bo‘lgan va undan yangi sayyora shakllangan bo‘lishi mumkin.
Tadqiqotchilar tizimni “Hubble” va NASAning “Chandra” rentgen observatoriyasi yordamida yana kuzatishni rejalashtirmoqda. Shuningdek, sayyoraning mavjudligini aniqlash uchun “James Webb” kosmik teleskopidan foydalanish rejalashtirilgan.
Agar kashfiyot tasdiqlansa, bu astronomiyada yangi sayyoralar sinfining aniqlanganini anglatadi. Shuningdek, boshqa oq mittilar atrofida ham ikkinchi avlod sayyoralari bo‘lishi mumkinligi haqidagi taxmin kuchayadi.
Olimlarning ta’kidlashicha, bu kashfiyot Quyosh tizimining kelajagi haqida ham tasavvur beradi. Chunki Quyosh ham milliardlab yillardan keyin oq mittiga aylanishi kutilmoqda. Nazariy jihatdan, undan qolgan moddalar atrofida yangi sayyoralar paydo bo‘lishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xalqaro olimlar guruhi o‘z yulduzi atrofida qarama-qarshi yo‘nalishda aylanadigan Neptun hajmidagi sayyorani aniqlagan edi.
Live
Barchasi