“Olib-sotar psixologlar” endi chekinadimi?
Tahlil
−
06 fevral 9348 5 daqiqa
Dunyoda eng oson ish – maslahat berish degan gap bor. Ijtimoiy tarmoq platformalari mana shunday “maslahatgo‘ylar” bilan to‘la. Hozir hamma aqlli, hamma dono! Donolarning donosi esa ijtimoiy tarmoqlarda profil ochib, bir necha yuz dollarlik deb “bir tiyinga qimmat” kurslari va konsultatsiyasini sotmoqda. Buning oqibatida depressiyaga tushib qolgan insonlar va buzilib ketgan oilalar ham bor. Shuning uchun ham psixologik xizmat ko‘rsatish sohasini tartibga keltirish ehtiyoji paydo bo‘ldi. O‘tgan yilning 11 noyabrida qabul qilingan “Aholiga psixologik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi qonun bugun, 6 fevraldan kuchga kirdi. Ushbu qonun Qonunchilik palatasi tomonidan 2024 yil 23 iyulda qabul qilinib, Senat tomonidan 20 sentyabrda ma’qullangandi. Qonun aholiga psixologik yordam ko‘rsatish sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi. Unga ko‘ra, psixologik yordam davlat organlarida yoki boshqa tashkilotlarda ishlovchi yoxud xususiy tartibda faoliyat olib boruvchi mutaxassislar tomonidan bepul yoki pulli asosda ko‘rsatiladi. Pullik asosdagi psixologik yordam yozma shakldagi shartnomaga asosan amalga oshiriladi. Shuningdek, qonunda:
- psixologik yordam ko‘rsatish faoliyati bilan shug‘ullanuvchilar uchun oliy ma’lumotga va malaka sertifikatiga ega bo‘lish talablari;
- psixologlarning huquq va majburiyatlari (shaxsga zarur axborotni taqdim etish, unga nisbatan hurmat bilan munosabatda bo‘lish, kasb sirini saqlash, psixologik yordamning ruxsat etilgan usul va vositalaridan foydalanish kabilar);
- Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan psixologlar uchun majburiy bo‘lgan Psixologik yordam ko‘rsatish standartlari tasdiqlanishi;
- psixologik yordam bilan yuridik shaxs tashkil qilib yoki yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tib shug‘ullanish mumkinligi;
- psixologik yordam ko‘rsatish huquqiga ega bo‘lmagan shaxslar tomonidan o‘z xizmatlarini reklama qilishda yoki firma nomida “psixolog” yoki unga o‘xshash boshqa so‘zlardan foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligi kabilar belgilangan.
Mazkur qonunning 9-moddasiga ko‘ra, quyidagi shaxslarga bepul psixologik yordam ko‘rsatiladi va moliyalashtirish Davlat byudjeti hisobidan amalga oshiriladi:
- favqulodda holatdan va favqulodda vaziyatlardan jabrlangan shaxslarga, ularning oila a’zolariga, shuningdek, favqulodda holat va favqulodda vaziyatlarning oqibatlarini bartaraf etishda ishtirok etgan shaxslarga;
- terrorchilik harakati natijasida jabrlangan shaxslarga;
- ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilgan kam ta’minlangan oilalarga;
- o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga;
- ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarga;
- tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarga;
- davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida va umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida ta’lim oluvchi shaxslarga;
- jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslarga;
- odam savdosidan jabrlangan shaxslarga.
Sohadagi nodavlat tashkilotlar ichki hujjatlariga muvofiq bepul psixologik yordam ko‘rsatishi mumkin.
Tuxumni qaysi tomonidan chaqamiz?
Jonatan Sviftning “Gulliverning sayohatlari” asarida ikki mamlakat ahli tuxumni qaysi tomonidan chaqish masalasida kelisha olmaganidan urush boshlanib ketgani yodingizdami? Bugun sotilayotgan ba’zi kurslar ham “tuxumni qaysi tomondan chaqish” haqida deyish mumkin. Agar kurslar oshpazlik haqida bo‘lsa, sotuvchining no‘noqligi unchalik zarar qilmas. Ammo u inson psixologiyasi haqida bo‘lsa, bunga yengil qarab bo‘lmaydi. Chunki kishi ruhiyatiga ta’sir o‘tkazishga qaratilgan har qanday harakat og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin. Bunga qaramay, ijtimoiy tarmoqlarda “olib-sotar psixologlar” bozori chaqqon. Shunday kurslarni tugatgan “psixolog”ning kursida o‘qib, boshqalarga aql o‘rgatishga da’vo qilayotgan, o‘zi ham kurs sotayotganlar talaygina. Psixolog so‘zi bilan qidiruv bersangiz, bormi, ehhee… Har birining profilida “kurs”, “shogirdlarim”, “o‘zingni angla”, “marafon” va hatto “tanlovlar” sarlavhali hikoyalari jamlangan. O‘zini hurmat qiladigan mutaxassislar tanlov o‘tkazishga, mukofotlar berishga muhtojmi? Biz iste’molchilar ularning tegirmoniga suv quyib turamiz: kurslarini sotib olamiz, ko‘rishlar sonini oshiramiz, marafonlarida qatnashamiz. Keladigan foydaga esa ular chet ellarga sayohati, yangi uy va mashinalarini ko‘paytirib, “biz uchun hikoyalar jamlanmasini yaratishmoqda”. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Shahnoza Xolmaxamatova ham qonun loyihasi haqida xabar berar ekan, uzoq va qizg‘in tortishuvlar, munozaralar va muhokamalar bo‘lib o‘tganini ta’kidlagan.
“Joylarda o‘tkazilayotgan uchrashuv va muloqotlarda 2 yoki 3 oylik shubhali kurslarni tamomlagan shaxslar o‘zlarini “psixolog” deb tanishtirib, odamlarning qimmatli vaqti va mablag‘ini “o‘g‘irlayotgani”, bu masalani qonun bilan tartibga solish zaruratiga oid masala tez-tez ko‘tarilib turgandi. Ko‘p millionli auditoriyani o‘zida jamlayotgan ijtimoiy tarmoqlarni ham kuzatdik: haqiqatan ham, 5-6 ta risolani varaqlab chiqib, odamlarning ishonchiga kirib, ularning ruhiy, ma’naviy dunyosiga daxl qilayotgan “psixolog”lar ko‘payganini ko‘rib turibmiz”, degan u Telegram kanaliga joylagan postida.
“O‘zinikida jinchiroq yoqmagan, birovnikida shamchiroq yoqar” deganlaridek, o‘zining shaxsiy hayotida turg‘unlik, karerasida muvaffaqiyat va ta’limida ishonch bo‘lmagan shaxslar boshqalarga qanday yashashni ham o‘rgatmoqda. Bugundan kuchga kirgan qonunga asosan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar ham kiritilgan. Kodeksning 593-moddasiga ko‘ra:
“Psixologik yordamni bunday huquqqa ega bo‘lmagan shaxs tomonidan ko‘rsatish yoxud aholiga psixologik yordam ko‘rsatish to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan cheklovlarga rioya etmaslik, basharti jinoyat alomatlari, shuningdek, ushbu kodeksda nazarda tutilgan boshqa huquqbuzarliklar alomatlari mavjud bo‘lmasa, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilgan bo‘lsa – fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan yigirma baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa o‘n besh baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi”.
Dunyo miqyosida psixologlar faoliyatini qonun bilan tartibga solish o‘tgan asrlardayoq hal qilingan. Deyarli barcha mamlakatlarda psixologik xizmat ko‘rsatuvchi yuridik va xususiy faoliyat olib boruvchilar daromad va qo‘shimcha qiymat solig‘i kabi soliqlarni to‘laydi. O‘zboshimchalik bilan “kurs pulini kartaga tashlatib oladiganlar”, “soliq cheklarisiz million-millionga vebinar va treninglar uyushtiradiganlar” eng ko‘p bizning mamlakatda uchrasa kerak. Psixologlar faoliyati qonun bilan tartibga solinayotgan bo‘lsa-da, ularning xizmatlaridan foydalanuvchilar hushyor va ruhiyati bilan bog‘liq masalalarda mas’uliyatliroq bo‘lishlari lozim. Psixolog xizmatidan foydalanishga qaror qilsangiz, uning kasbiy portfoliosini ko‘zdan kechirish va hujjatlari bilan tanishishni unutmang.
Iqbol Ergashova
Live
Barchasi