Oldin ham shu pullar bor edi, 26 yil hech narsa bo‘lmadi-ku — Namangan viloyati hokimi

Jamiyat

image
0:00
0:00
download

O‘zbekistonda Prezidentning tashabbusi bilan qilinayotgan ijobiy ishlar ijtimoiy tarmoqlarda oddiy hol sifatida qabul qilinadi. Bu haqda Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov Chortoq tumanining “Baliqko‘l”ida bo‘lib o‘tgan yoshlar bilan uchrashuvda aytib o‘tdi.

Shavkatjon Abdurazzoqovning ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda aytishicha, ishi yurishmayotganlarning hammasi bekorchi, befoyda xabarlar bilan miyasini to‘ldirib olgan, ijtimoiy tarmoqlarda tanqidlar ko‘paymoqda.

“Bir betini yuvmagan chiqib, bir balolar deb, chet eldan murojaat qilsa, 1 ming 400 qanchadir izoh bo‘ladi. Bu yoqda davlatimizdagi qilinayotgan ishlar va Prezidentimizning tashabbuslari bilan qilinayotgan ishlarni hamma oddiy holat sifatida qabul qiladi, oldin ham shu pullar bo‘lgan, 26 yil hech narsa bo‘lmadi-ku, 5 yilda qancha o‘zgarish. Hammayoq ochiq bo‘lib ketganidan so‘ng ayrim odamlar osmondagi oyni talab qilishni boshladi”, deydi u.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Abdurazzoqov ayrim ijtimoiy tarmoqlarni bir oyga bloklab, hammani kitob va gazeta o‘qishga o‘tkazish kerakligini aytgandi.

“Bir balolarni blokladi, deb shovqin qilishyapti. Aslida, ularni bir oyga bloklab, hammani kitob va gazeta o‘qishga o‘tkazish kerak. Bemaza xabarlar odamlarni “davleniye” qilyapti. Yoshlarni kitob bilan, ota-onasi bilan gaplashishga o‘rgatish kerak. Qaysi yosh ota-onasining oldiga borib, bir soat gaplashib o‘tira oladi? Lekin, internetda 2 soat, yarim kun, bir kunlab qolib ketadi. Shuning uchun, yoshlarimiz internetda o‘tirishdan ko‘ra ko‘proq kitob o‘qishi kerak”, degandi hokim.

Joriy yilning 2 iyulidan O‘zbekiston hududida Twitter, TikTok va “VKontakte”ga kirish cheklandi. Avvalroq O‘zbekiston yuqoridagi kompaniyalarga serverlarini O‘zbekistonga ko‘chirish bo‘yicha talabnomalar yuborgandi

Shundan so‘ng, ushbu voqea boshqa ijtimoiy tarmoqlarda katta rezonansga sabab bo‘ldi. Cheklovlarga deputatlar ham jim qarab turgani yo‘q. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev ommabop ijtimoiy tarmoqlarning bloklanishiga munosabat bildirib, “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi qonunni foydasiz deb atadi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

338

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing