Oq uydan kokain topilishi bo‘yicha ish yopildi
Olam
−
14 iyul 2023
3556AQSH mustaqillik kuni arafasida mamlakat Prezidentining qarorgohi – Oq uydan kokain giyohvandlik moddasi topilgani va shundan so‘ng u yerda qisqa muddatli evakuatsiya o‘tkazilgani, shuningdek, maxfiy xizmatlar holat bo‘yicha tekshiruv o‘tkazishni boshlagani haqida xabar bergan edik. Ma’lum bo‘lishicha, qidiruvlar natija bermagan hamda giyohvand moddani olib kirgan shaxs topilmagani uchun ish yopilgan. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilshicha, mutaxassislar kokain o‘ramidan birorta ham barmoq izini aniqlamagan. AQSH maxfiy xizmati bayonotida aytilishicha, gumonlanuvchini topish uchun DNK namunasini olishning iloji bo‘lmagan. Shuningdek, kuzatuv kameralaridagi videoyozuvlarni tekshirishdan ham biror ish chiqmagan.
“Tergov natijasida kokain topilgan foyedan o‘tgan yuzlab odamlar ichidan kerakli shaxsni aniqlay olmadik... Maxfiy xizmat tergovi hozirda ashyoviy dalillar yo‘qligi sababli yopilgan”, deyiladi bayonotda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 2 iyul kuni Oq uyning g‘arbiy qanotidagi tashrif buyuruvchilar uchun ochiq bo‘lgan qismdan noma’lum modda topilgandi. Keyinroq ushbu modda kokain ekani aniqlandi. Bu vaqtda Prezident Jo Bayden oilasi bilan Kemp Devid dam olish maskanida edi. Shunga qaramay, giyohvand moddaning davlat rahbari qarorgohiga kirib qolishida Prezidentning o‘g‘li Xanter Bayden gumon qilindi. Boisi, kichik Bayden oldin ham giyohvand moddalar bilan bog‘liq mojarolarga aralashgandi.