Oq uy josuslik dasturlari AQSH xavfsizligiga tahdid solayotganidan xavotirda
Olam
−
14 mart
3271Amerika ma’muriyati tijoriy josuslik dasturlari “demokratiyaga tahdid solayotganiga” ishonchi komil va bu masalani Janubiy Koreyada bo‘lib o‘tadigan “Demokratiya sammiti”da ko‘tarish niyatida. Bu haqda AQSH Prezidentining demokratiya va inson huquqlari bo‘yicha maxsus yordamchisi Kelli Razzuk xorijlik jurnalistlar uchun o‘tkazilgan brifingda ma’lum qildi.
“Sammitdagi AQSH yetakchiligidagi yuqori darajadagi tadbirda biz birinchi marta tijorat josuslik dasturlarini suiiste’mol qilish bo‘yicha uchrashuv tashkil etishga qaror qildik”, deydi u.
Uning qayd etishicha, bu masala AQSH ma’muriyati uchun ustuvor ahamiyatga ega.
“Sammitda buni ta’kidlab o‘tishimiz sababi shundaki, bu nafaqat milliy xavfsizlik va maxfiylikka, balki demokratiyaga ham tahdid”, deya qo‘shimcha qilgan Razzuk.
Uning bildirishicha, bir qancha hukumatlar inson huquqlariga tahdid soladigan bunday dasturlarni suiiste’mol qilmoqda.
AQSH Prezidenti yordamchisining o‘rinbosari va Oq uy Milliy xavfsizlik kengashi (MXK) razvedka dasturlari bo‘yicha koordinatori Maher Bitarning aytishicha, sammitda AQSHning bir qancha yangi hamkor davlatlari tijorat josuslik dasturlari tarqalishiga qarshi kurash bo‘yicha kelishuvga qo‘shiladi.
“Bu josuslik dasturlarini suiiste’mol qilish bilan bog‘liq umumiy muammoning xalqaro e’tirof etilishini va birgalikda harakat qilish zarurligini aks ettiradi”, deydi u.
Rasmiylar, shuningdek, Seuldagi Amerika delegatsiyasiga AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken boshchilik qilishini aytdi. Uning tarkibiga Milliy xavfsizlik xizmati, Davlat departamenti va AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi vakillari kiradi.
Ma’lumot uchun, 18-20 mart kunlari Janubiy Koreyada uchinchi “demokratiya sammiti” bo‘lib o‘tadi. Bunday uchrashuvning birinchisi Vashington tomonidan 2021 yil dekabr oyida videokonferensiya orqali tashkil etilgan edi. Amerika rasmiylari 110 shtat va hudud vakillarini ishtirok etishga taklif qildi. Biroq Misr, Xitoy, Rossiya, Turkiya va boshqa bir qancha davlatlar ro‘yxatga kiritilmagan.
LiveBarchasi