Oq uy yaqinida jurnalist o‘zini yoqib yubordi (video)
Olam
−
06 Oktabr
14161AQSHda Falastin tarafdorlarining namoyishi bo‘lib o‘tayotgan paytda Oq uydan uncha uzoq bo‘lmagan joyda bir kishi o‘zini yoqib yuborishga urindi. Bu haqda “The Washington Post” xabar berdi.
“Men jurnalistman. Iltimos, yolg‘on ma’lumot chop etishni bas qiling”, deb qichqirgan yigit.
O‘sha paytda politsiya uni to‘xtatmoqchi bo‘lgan. Yaqin atrofdagi yana bir kishi esa namoyishchi tomon suv otib olovni o‘chirishga harakat qilgan.
Yong‘in o‘chirilgandan keyin “The Washington Free Beacon” muxbiri Jessika Kostesku e’lon qilgan boshqa videoga ko‘ra, u Vashington Metropolitan politsiyasi xodimlari tomonidan ushlab turilgani sababli “jurnalistman” deb yig‘lagan. Guvohlarning xabar berishicha, gap telekanalning G‘azo sektori haqidagi yolg‘on ma’lumot tarqatganidan g‘azablangan CBS jurnalisti haqida ketmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, erkak qo‘lida yengil kuyish jarohati olgan.
G‘azo uchun o‘zini yoqib yuborishga uringan namoyishchilar soni ortib bormoqda. Hozirgacha 4 kishi AQSH hukumatining Isroilni qo‘llab-quvvatlashiga qarshi norozilik sifatida o‘zini yoqib yuborishga uringan. Jumladan, 2023 yilning 1 dekabr kuni Falastin bayrog‘ini ushlab turgan faol Jorjiya shtati Atlanta shahridagi Isroil Bosh konsulligi oldida o‘zini yondirishga urindi. U og‘ir tan jarohatlari bilan shifoxonaga yetkazilgan. Namoyishchining jinsi, yoshi va ismi haqida ma’lumot berilmagan.
AQSH Harbiy-havo kuchlarining 25 yoshli faol askari Aaron Bushnell joriy yilning 24 fevral kuni Vashingtondagi Isroil elchixonasi oldida o‘zini yoqib yubordi. Shu yo‘l bilan Bushnell G‘azoda Isroil genotsidiga qarshi norozilik bildirishga qaror qilgan. Uchuvchi o‘ziga benzin sepib, “Men endi genotsid jinoyatiga sherik bo‘lmayman. Men hozir juda qattiq norozilik namoyishini uyushtiryapman, lekin mening harakatlarim yuzma-yuz ko‘rinishda unchalik muhim emas”, degan so‘zlar bilan o‘zini yoqib yuborgan. O‘sha paytda ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan kadrlarda Bushnellning so‘nggi nafasigacha “Falastinga ozodlik!” deb baqirgani ko‘rinadi.
Metropolitan politsiya departamentining ma’lum qilishicha, 25 yoshli Bushnell o‘zini yoqib yuborganidan keyin vafot etgan.
Bundan tashqari, 11 sentyabr kuni Bostonda ijtimoiy tarmoqda o‘zini Mett Nelson deb tanishtirgan erkak G‘azo sektoridagi genotsidga norozilik bildirgan videoni tarqatganidan so‘ng o‘zini yoqib yubordi.