Oq uy Ukraina Rossiyaga zarba berish uchun AQSH qurollaridan qayerda foydalanishi mumkinligiga aniqlik kiritdi
Olam
−
01 iyun
7215AQSHning Kiyevga Amerika qurollari bilan Rossiya hududiga zarba berishga ruxsat berish haqidagi qarori Ukraina shimolidagi butun mintaqaga tegishli. Bu haqda kecha, 31 may kuni Oq uy Milliy Xavfsizlik kengashining Yevropa masalalari bo‘yicha direktori Maykl Karpenter TSN telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Bu Rossiya kuchlari Ukrainani o‘qqa tutayotgan shimoldagi butun mintaqaga taalluqlidir. Ilgari ular u yerdan nisbatan xavfsiz tarzda o‘qqa tutilishi mumkin edi, ammo endi Ukraina kuchlari javob zarbalarini berish uchun bizning o‘q-dorilarimiz va qurollarimizdan foydalanishi mumkin”, deydi Maykl Karpenter.
Ayrim G‘arb OAVlari Ukraina Qurolli kuchlari tomonidan Rossiyaga Amerika qurollari bilan berilgan zarbalar faqat Xarkov viloyati chegaralari bilan cheklanmaydi, deb yozadi.
Karpenter esa ruxsat ATACMS uzoq masofali raketalariga taalluqli emasligini ta’kidladi.
"Bu uzoq masofadan zarbalar berish uchun mo‘ljallangan ATACMS’ga taalluqli emas, chunki bu (AQSH qurollaridan Rossiya ichidagi nishonlarga zarba berishga ruxsat) Ukrainaga o‘zini himoya qilish imkoniyatini berish uchun mo‘ljallangan", deydi u.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Vashington Kiyevga Rossiyadagi nishonlarga zarba berishga yashirincha ruxsat bergani xabar qilingandi. Biroq, “Politico” nashrida keltirilishicha, ruxsat Rossiya Federatsiyasi tomonidan hujumlarga duchor bo‘lgan Xarkov viloyati bilan chegaradagi hududlarga tegishli hisoblanadi.
Kecha, 31 may kuni Germaniya ham Ukrainaga o‘zi bergan qurollardan Rossiyaga zarba berishda foydalanishga ruxsat bergandi.
Daniya Tashqi ishlar vaziri Lars Lokke Rasmussen Ukraina oladigan F-16 qiruvchi samolyotlaridan Rossiya ichidagi harbiy nishonlarga zarba berish uchun foydalanishi mumkinligini aytdi.
Habib Jo‘raboyev
LiveBarchasi