Oq uy futbolga siyosat aralashganini tan oldi
Sport
−
10 iyul 5596 2 daqiqa
AQSH Oq uyning Jahon chempionati bo‘yicha maxsus ishchi guruhi rahbari Endryu Juliani siyosatning futbolga ta’sir o‘tkazayotganini tan oldi. Bu haqda “Daily Mail” xabar berdi.
Ma’lumki, FIFA yaqinda AQSH terma jamoasi hujumchisi Folarin Balogunning diskvalifikatsiyasini vaqtincha to‘xtatib, unga qizil kartochka olganiga qaramay Jahon chempionati chorak finalida maydonga tushishiga ruxsat bergan edi.
OAVlarda tarqalgan xabarlarga ko‘ra, mazkur qaror qabul qilinishi arafasida AQSH Prezidenti Donald Tramp FIFA prezidenti Janni Infantino bilan telefon orqali muloqot qilgan.
“AQSH terma jamoasi ushbu siyosiy vaziyatdan chalg‘iganmidi? Balki. Men sport psixologi emasman, shuning uchun buni baholashim qiyin. Ammo jamoamiz bilan faxrlanaman ular eng og‘ir paytlarda ham xarakter namoyon qildi”, deydi Juliani.
U, shuningdek, Angliya – Meksika uchrashuvining boshqa sanaga ko‘chirilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer ham jarayonga aralashganini ta’kidladi.
Julianining fikricha, “futbol siyosatdan ustun” degan qarash amalda har doim ham o‘zini oqlamaydi.
“Prezident Trampga teng keladigan inson yo‘q, ammo Janni Infantino undan uncha orqada emas. Futbolda Vashingtondagidan ham ko‘proq siyosat bor va mening nazarimda buni kuzatish juda qiziq”, deydi Juliani.
Malumot uchun, 2026 yilgi Jahon chempionatining finali joriy yilning 19 iyul kuni bo‘lib o‘tadi.
Live
Barchasi