Oqibati o‘lim bilan tugagan YTHlar og‘ir jinoyatlar qatoriga qo‘shiladi
Jamiyat
−
23 fevral 2021
6617Ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilib, besh yildan ortiq bo‘lgan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan jinoyatlar ham og‘ir jinoyatlar tasnifiga o‘tkazilyapti. Bu haqda Bosh prokuratura tomonidan ishlab chiqilgan yangi tahrirdagi Jinoyat kodeksi loyihasida belgilangan.
Ushbu o‘zgartirish jazo miqdori jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasidan kelib chiqib belgilanishiga oid umume’tirof etilgan qoidalarga asoslanadi.
“Jumladan, ehtiyotsizlik orqasida jinoyat sodir etilib, oqibati o‘lim va boshqa og‘ir oqibat bilan tugagan jinoyatlarni og‘ir jinoyatlar toifasiga o‘tkazish nazarda tutilgan. Bugungi kunda odamlar o‘limiga olib kelgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish kabi jinoyatning uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat sifatida baholanishi odillik prinsipiga to‘g‘ri kelmaydi”, deyiladi Jinoyat kodeksining yangi tahrirdagi loyihasiga oid tushuntirish xatida.
Ma’lumot uchun, amaldagi Jinoyat kodeksiga ko‘ra, uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlarga qasddan sodir etilib, qonunda uch yildan ortiq, lekin besh yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo nazarda tutilgan jinoyatlar, shuningdek ehtiyotsizlik oqibatida sodir etilib, qonunda besh yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum qilish tarzidagi jazo nazarda tutilgan jinoyatlar kiradi.
Og‘ir jinoyatlarga esa qasddan sodir etilib, qonunda besh yildan ortiq, lekin o‘n yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan jinoyatlar kiradi.