Oilasiga moddiy ko‘maklashish uchun Qozog‘istonga ketgan bola O‘zbekistonga qaytarildi

Olam

image

Kecha, 20 may kuni Qozog‘istonda ota-ona qaramog‘isiz qolib ketgan bola O‘zbekistonga olib kelindi. Bu haqda Ijtimoiy himoya milliy agentligi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, voyaga yetmagan bola joriy yilning 7 aprel kuni oila a’zolariga moddiy ko‘mak ko‘rsatish maqsadida o‘qishni tashlab, amakisi hamrohligida Qozog‘istonga jo‘nab ketgan.

Biroq 2 may kuni Qozog‘istonda ushbu voyaga yetmagan O‘zbekiston fuqarosi ota-ona qaramog‘isiz qolgan holatda aniqlanib, maxsus ijtimoiy xizmatlar muassasasiga joylashtirilgan.

“Garchi bola Qozog‘istonga ishonchnoma asosida olib o‘tilgan bo‘lsada, mamlakatning amaldagi qonunchiligiga muvofiq, bunday muassasalardan voyaga yetmagan shaxsni faqat uning ota-onasi olib chiqish huquqiga ega”, deyiladi xabarda.

Bola mas’ul tashkilotlar hamkorligida kecha, 20 may kuni O‘zbekistonga qaytarilgan.

Bildirilishicha, hozirda ushbu voyaga yetmagan bola qonuniy vakili – onasiga topshirilgan. Keyingi bosqichda esa uning yashash hududi bo‘yicha reabilitatsiya choralari va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash ishlari tizimli ravishda davom ettiriladi.

Ma’lumot uchun, joriy yilning boshidan buyon Qozog‘istondan jami 12 nafar ota-ona qaramog‘isiz qolgan voyaga yetmagan O‘zbekiston fuqarosi mamlakatga qaytarildi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 16 may kuni ota-ona qaramog‘isiz qolgan voyaga yetmagan 2 yoshli qiz Rossiyadan O‘zbekistonga qaytarilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing