Oiladagi zo‘ravonlik jinoiy huquqbuzarliklar turkumiga kiritildi
Jamiyat
−
23 mart 2023
6010Bugun, 23 mart kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan Jinoyat va Ma’muriy javobgarlik kodekslariga ayollar hamda voyaga yetmaganlarni zo‘ravonlikdan himoya qilish bo‘yicha o‘zgartirishlar to‘plami qabul qilindi. Unga ko‘ra, oiladagi zo‘ravonliklar jinoiy huquqbuzarliklar toifasiga kiritildi. Bu haqda Prezident Administratsiyasi Ijro etuvchi apparatining Kommunikatsiyalar va axborot siyosati bo‘yicha sho‘ba mudiri Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram kanalida ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, ushbu qonun loyihasi Senat huzurida tashkil etilgan ishchi guruh tomonidan ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, oiladagi zo‘ravonliklar jinoiy huquqbuzarlik turkumiga o‘tkazilgan. Shuningdek, iqtisodiy va psixologik zo‘ravonlik hamda voyaga yetmaganlarga nisbatan zo‘ravonlik uchun jazo kuchaytirilmoqda.
"Buni fuqarolik jamiyati va faollarning g‘alabasi deb bilaman. Sog‘lom fikr va adolatning g‘alabasi. Biz ushbu muvaffaqiyatlar uchun uzoq va mashaqqatli harakatlarni amalga oshirdik, lekin qonunchiligimizda bu kabi o‘zgartirishlar zamon talablariga xos va insonparvarlik uchun o‘ta ahamiyatli ekanligini birgalikda isbotlay oldik.
Oldinda bajarishimiz lozim bo‘lgan ishlar juda ko‘p, biroq muvaffaqiyat doimo ilhomlantiradi. Ushbu o‘zgartirishlarni qo‘llab-quvvatlagan, hujjatlar ustida ish olib borgan va bu g‘oyalarni jamiyatimizda targ‘ib qilgan barchaga minnatdorlik bildiraman.
Bu nafaqat O‘zbekiston ayollarining, balki barcha tafakkurli, ilg‘or insonlarning g‘alabasi!" deb yozadi Mirziyoyeva.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Saida Mirziyoyeva BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska bilan ayollarga nisbatan oiladagi zo‘ravonliklar masalasini muhokama qilgandi.
LiveBarchasi