Oiladagi zo‘ravonlik: O‘zbekiston dunyoda beshinchi bo‘ldi
Jamiyat
−
11 aprel 2023
13726Amnesty International tashkiloti O‘zbekiston oiladagi zo‘ravonlikni qonunga alohida jinoyat sifatida kiritgan beshinchi davlatga aylangani haqida yozmoqda. Xalqaro tashkilotining Markaziy Osiyo bo‘yicha tadqiqotchisi Xeza MakGillga ko‘ra O‘zbekiston hukumati inson huquqlari bo‘yicha gender zo‘ravonlikga barham berish bo‘yicha xalqaro majburiyatini bajarish yo‘lida muhim qadam tashlamoqda.
“O‘zbekistonda ayollar va huquq faollari yillar davomida ayollar va bolalarni oiladagi zo‘ravonlikdan yaxshiroq himoyalash uchun kampaniya olib borishdi. O‘zbekiston nihoyat Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyoda Gruziya, Qirg‘iziston, Moldova va Ukrainadan keyin oiladagi zo‘ravonlikni qonunga alohida jinoyat sifatida kiritgan beshinchi davlatga aylanmoqda”, deydi tadqiqotchi Xeza MakGill.
U yangi Qonunni amalga oshirish, oiladagi zo‘ravonlikning oldini olish va jamiyatda patriarxal munosabatlarni bartaraf etish uchun hali ko‘p ishlar qilinishi kerakligini ham qo‘shimcha qilgan.
“Amnesty International, O‘zbekistonda jismoniy zo‘ravonlik endi jinoyat hisoblansada, iqtisodiy va ruhiy zo‘ravonlik e’tiborsiz qolishidan xavotirda”, degan MakGill.
Tashkilotga ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgacha O‘zbekistonda oiladagi zo‘ravonlik va ayollarga nisbatan tazyiq jiddiy muammo bo‘lib qolmoqda.
“2021 yilning yanvaridan noyabrigacha ayollarga nisbatan 36 mingga yaqin zo‘ravonlik, jumladan, 12 mingdan ortiq jismoniy zo‘ravonlik holatlari qayd etilgan. Ko‘pincha oiladagi zo‘ravonlik nizolarini hal qilishning oilani saqlab qolishga qaratilishi va mansabdor shaxslarning jabrlanuvchini himoya qilish o‘rniga yarashish va oilani birlashtirishga intilishi huquqiy himoyaga putur yetkazadi. Parlament veb-saytida e’lon qilingan rasmiy bayonotda yangi qonun nafaqat ayollar va bolalarga nisbatan oiladagi zo‘ravonlikning oldini olish, balki “oila institutini mustahkamlash”ga xizmat qilishi ham olqishlanadi”, deyiladi tashkilot xabarida.
Oliy Majlisi Senati 6 aprel kuni Jinoyat va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslariga oiladagi zo‘ravonlikni jinoyat deb hisoblovchi hamda ayollar va bolalarni qo‘shimcha himoya mexanizmlari bilan ta’minlaydigan o‘zgartishlar to‘plamini bir ovozdan qabul qildi. O‘zgartirishlar bugun, 11 aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan imzolandi.
Oliy Majlisi Senatining o‘ttiz to‘qqizinchi yalpi majlisida Senat raisi Tanzila Norboyeva O‘zbekistonda bolalar va ayollarga nisbatan zo‘ravonlik masalasining bugun qanchalik dolzarb ekanligiga to‘xtalib o‘tgandi.
Norboyevaga ko‘ra O‘zbekistonda 2021-2022 yillarda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ayollar va qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlari yuzasidan 72 mingdan ziyod murojaat kelib tushgan bo‘lib, ularning 61 mingdan ko‘pi yoki qariyb 85 foizi oilada sodir etilgan.
Shuningdek, 2020 yilda 156 ta, 2021 yil 243 ta nomusga tegish jinoyati sodir qilingan.
“Xulosa shuki, jamiyatimizda ayollar va bolalar huquqlarini ishonchli himoya qilishga qodir bo‘lgan hamda voyaga yetmagan farzandlarimizga nisbatan zo‘ravonlik holatlariga qarshi turadigan yanada mustahkam va qat’iy qonunlarga ehtiyoj bor”, degan Senat raisi.
Qo‘shimcha tariqasida shuni aytish mumkinki qabul qilingan Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun bilan voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga muddatidan ilgari jazodan shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish tariqasidagi insonparvarlik aktlari tadbiq etilmaydi.
Shuningdek:
• Qonun bilan “oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik” ya’ni xotiniga yoki eriga, sobiq xotiniga yoxud sobiq eriga, bir ro‘zg‘or asosida birgalikda yashayotgan shaxsga yoki umumiy farzandga ega bo‘lgan shaxsga nisbatan sodir etilgan zo‘ravonlik uchun tegishlicha ma’muriy hamda jinoiy javobgarlik choralari belgilanyapti.
• Endilikda jinsiy zo‘ravonlik, shu jumladan, voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik sodir etgan shaxslarga nisbatan muddatidan ilgari jazodan shartli ozod qilish yoki jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish tariqasidagi insonparvarlik aktlari tadbiq etilmasligi belgilanib, bunday jinoyatlar uchun jazo choralari yanada og‘irlashtirilyapti.
• Xotin-qizlarga nisbatan shahvoniy mazmundagi harakatlar sodir etganlik, ta’qib etganlik hamdardlik ota-ona o‘zining voyaga yetmagan bolalariga vasiy yoki homiy tayinlash borasidagi majburiyatlarini bajarmaganlik uchun javobgarlik belgilanyapti.
Qonunchilikka kiritilayotgan asosiy o‘zgartirishlardan yana biri shundaki, amaldagi qonunchilikka ko‘ra nomusga tegish hamda jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish kabi jinoyatlarni kvalifikasiya qilishda jabrlanuvchining yoshi aybdorga ayon bo‘lishi asosiy mezonlardan biri bo‘lgan bo‘lsa, endilikda ushbu qoida bekor qilinmoqda, ya’ni aybdorning jabrlanuvchi yoshini bilmasligi uni Jinoyat kodeksi moddalarining tegishli qismlarida nazarda tutilgan javobgarlikdan ozod qilmaydi.
Shu bilan bir qatorda, voyaga yetmaganlarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlikni sodir etgan shaxslarning bolalarga ta’lim, tarbiya berish, shuningdek bolalar bilan bevosita ishlashni nazarda tutuvchi faoliyat turlari bilan shug‘ullanishini taqiqlash hamda bu turdagi jinoyatlarni sodir etgan shaxslarning ro‘yxatini yuritish ko‘zda tutilmoqda.
LiveBarchasi