Oila a’zosi tomonidan pichoqlangan to‘rt kishining ahvoli haqida ma’lumot berildi

3-sahifa

image

Avvalroq, Toshkent shahrida erkak oilaviy janjal sabab ayoli, voyaga yetmagan farzandi, qaynonasi va singlisini pichoqlab qo‘ygani haqida xabar bergan edik. Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati ushbu jarohatlangan bemorlarning bugungi kundagi ahvoli va salomatligi yuzasidan ma’lumot berdi. 

Qayd etilishicha, joriy yilning 21 iyul kuni soat 21:10 da Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga yuqoridagi mudhish hodisa oqibatida jarohat olgan to‘rt nafar bemor “Tez yordam” mashinasida og‘ir ahvolda olib kelingan.

O‘ta tezkorlik bilan o‘tkazilgan tibbiy tekshiruvlar natijasida birinchi bemor — 1994 yilda tug‘ilgan S.D.ga “Ko‘krak va qorinoldi devori o‘tuvchi qo‘shma kesib-sanchilgan yarasi. O‘ng o‘pka va ingichka ichak jarohati. Chap yelka kesib-sanchilgan ko‘plab yaralari” tashxisi qo‘yilgan. 

Ikkinchi bemor — 1965 yilda tug‘ilgan O.L. “Chap ko‘krak qafasi kesib-sanchilgan yarasi. Chap o‘pka jarohati. Ko‘krak o‘ng qafasi o‘tmas kesib-sanchilgan yarasi. Pnevmogemotoraks. Chap bilak va kaft ko‘plab kesib-sanchilgan yaralari" tashxisi bilan shoshilinch ravishda jarrohlik stoliga yotqizilgan.

Uchinchi bemor — 1990 yilda tug‘ilgan X.N. “Qorinoldi devori o‘tuvchi kesib-sanchilgan yarasi. Jigar chap bo‘lagi va oshqozonosti bezi jarohati. O‘ng qo‘ltik sohasi o‘tmas kesib-sanchilgan yarasi” diagnozi bilan operatsiyaga olingan.

To‘rtinchi bemor — yetti yoshli M.A.da “Ko‘krak va qorinoldi devori o‘tuvchi qo‘shma kesib-sanchilgan yarasi. Katta charvi eventeratsiyasi. Taloq, ingichka ichak va diafragma jarohati” aniqlanib, bolalar bo‘limida unda jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan.

Murakkab va yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari bir paytning o‘zida to‘rtta tibbiyot brigadasi tomonidan bajarilgan. Amaliyotdan so‘ng ular reanimatsiya bo‘limiga yotqizilgan. Kecha, 25 iyul kunidan esa barchasi xirurgiya bo‘limiga olingan.
 
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi direktori Doniyor Alimovning ma’lum qilishicha, ayni paytda to‘rt nafar bemorning ham ahvoli barqaror. Stabillashgan. Ijobiy tarafga o‘zgarish bor.

“Sog‘liqni saqlash vazirligi ularning holatini nazoratga olgan. Bemorlarga markazning eng malakali mutaxassislari tomonidan standart asosida tegishli tibbiy yordam ko‘rsatilyapti”, deyiladi xabarda.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent

Baholaganlar

410

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing