Odilxon qori ozodlikka chiqdi
Jamiyat
−
17:57 12193 2 daqiqa
Sud hukmi bilan joriy yilning iyul oyida 8 yilga ozodlikdan mahrum qilingan Odilxon qori Ismoilov ozodlikka chiqdi. Bu haqda uning yaqinlari QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qildi.
Manbaning bildirishicha, bugun, 12 oktyabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Namangan viloyati sudida Odilxon Ismoilovga oid ish apellyatsiya tartibida ko‘rib chiqilgan. Sud hukmi bilan Ismoilov sud zalidan ozodlikka chiqarilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning iyul oyida Jinoyat ishlari bo‘yicha Pop tuman sudida “Rayxon oilaviy milliy taomlari” ta’sischisi, muqaddam sudlanmagan Odilxon qori Ismoilov va boshqalarga oid jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan.
Sud hukmiga ko‘ra, 7 nafar sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi, 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 2-qismi “a” bandi, 227-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish) 2-qismi “a” bandi va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) 2-qismi “a”, “b” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan.
Odilxon qori Ismoilovga (Jinoyat kodeksining 62-moddasiga muvofiq (ushlab turish, qamoqqa olish yoki uy qamog‘i vaqtini hisobga olish qoidalari) asosan 7 yil 11 oy 28 kun) 8 yil muddatga, qolgan 6 nafar sudlanuvchiga jinoiy xatti-harakatlaridan kelib chiqib turli muddatlarga ozodlikdan mahrum qilish jazolari tayinlangan.
U ko‘p yillar davomida Toshkent shahridagi bir nechta yirik masjidlarda, jumladan, Shayxontohur tumani bosh imom-xatibi va "Ko‘kcha" (Shayx Zayniddin) masjidi imomi sifatida ishlagan.
Live
Barchasi