Odilxon qori qanday ozod etilgani ma’lum qilindi

Jamiyat

−

image

Avvalroq, QALAMPIR.UZ Odilxon qori Ismoilovning yaqinlariga tayanib, uning ozodlikka chiqqani haqida xabar bergan edi. Ushbu ish yuzasidan Namangan viloyati sudlari rasmiy axborot e’lon qildi.

Bildirilishicha, ushbu jinoyat ishi Namangan viloyat sudining apellyatsiya instansiyasida ko‘rib chiqilib, bugun, 12 oktyabr kuni apellyatsiya sudining ajrimi e’lon qilingan.

Rasmiy axborotga ko‘ra, jinoyat ishi doirasida yetkazilgan zararning bir qismi naqd pul shaklida depozit hisob raqamiga topshirilgan. Shuningdek, sudlangan Odilxon Ismoilovga tegishli mulkning bankning talabiga asosan bank balansiga qabul qilinishi belgilangan va xatlangan mulklarni sotilib, zararni qoplashga yo‘naltirilgan. Bundan tashqari, moddiy zararni qoplash uchun faqatgina Odilxon Ismoilov va uning yaqin qarindoshlariga tegishli mulklar zararni qoplashga yo‘naltirilgan. Shular e’tiborga olinib, Odilxon Ismoilovga Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi bilan tayinlangan jazo o‘zgarishsiz qoldirilib, 3 yil sinov muddati bilan Jinoyat kodeksining 72-moddasiga asosan shartli hisoblanishi belgilangan. 

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning iyul oyida Jinoyat ishlari bo‘yicha Pop tuman sudida “Rayxon oilaviy milliy taomlari” ta’sischisi, muqaddam sudlanmagan Odilxon qori Ismoilov va boshqalarga oid jinoyat ishi ko‘rib chiqilgan. 

Sud hukmiga ko‘ra, 7 nafar sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi “a” bandi, 209-moddasi (mansab soxtakorligi) 2-qismi “a” bandi, 227-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni, avtomototransport vositalarining va ular tirkamalarining (yarim tirkamalarining) davlat raqam belgilarini egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish) 2-qismi “a” bandi va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) 2-qismi “a”, “b” bandlarida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. 

Odilxon qori Ismoilovga (Jinoyat kodeksining 62-moddasiga muvofiq (ushlab turish, qamoqqa olish yoki uy qamog‘i vaqtini hisobga olish qoidalari) asosan 7 yil 11 oy 28 kun) 8 yil muddatga, qolgan 6 nafar sudlanuvchiga jinoiy xatti-harakatlaridan kelib chiqib turli muddatlarga ozodlikdan mahrum qilish jazolari tayinlangan. 

U ko‘p yillar davomida Toshkent shahridagi bir nechta yirik masjidlarda, jumladan, Shayxontohur tumani bosh imom-xatibi va “Ko‘kcha” (Shayx Zayniddin) masjidi imomi sifatida ishlagan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing