Odessaga dronlar hujum qildi

Olam

image

Bugun, 4 aprelga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shinlari Ukrainaning Odessa viloyatiga “Shahed” dronlari bilan hujum qildi. Bu haqda viloyat hokimiyati va Ukraina Qurolli kuchlari vakillari ma’lum qildi. 

Qayd etilishicha,  kechasi Odessada portlash ovozlari eshitilgan. Shu bilan birga, portlashlardan bir necha daqiqa o‘tib shaharda havo ogohlantirishi e’lon qilingan. Keyinroq viloyat harbiy boshqarmasi Rossiya armiyasi Odessa viloyati va shahriga dronlar bilan hujum qilgani haqida xabar bergan. 
Odessa harbiy ma’muriyati vakili Sergey Bratchuk esa Odessa viloyatida dronlar korxonalardan biriga hujum qilganini ma’lum qilgan. Hujum oqibatida yong‘in sodir bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, odamlar jabrlanmagan.

Mahalliy nashrlar “Shkolniy” aerodromi yonganini yozgan. Mazkur aerodrom Odessaning janubida joylashgan bo‘lib, uning hududida aerovokzal binosi qurilgan, shuningdek, u yerda samolyotlarni ta’mirlash zavodi va Ukraina chegara qo‘shinlarining aviatsiyasi bo‘lgan.

Bratchukning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina havo hujumiga qarshi mudofaa kuchlari jami uchirilgan 17 ta drondan 14 tasini urib tushirgan: 13 tasi Odessa viloyati, yana bittasi Nikolay viloyati ustida urib tushirilgan. Harbiy havo kuchlari qo‘mondonligi bu ma’lumotni tasdiqlagan.

Aytish joizki, 2022 yil kuzidan beri Rossiya armiyasi Ukraina hududiga muntazam ravishda raketalar va Eronda ishlab chiqarilgan uchuvchisiz samolyotlar yordamida yirik zarbalar berib kelmoqda. Bunday zarbalarning maqsadi ko‘pincha energiya infratuzilmasi ob’ektlari hisoblanadi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina Odessa dron

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing