Samarqand hayratlantirdi – FIDE rasmiysi

Biznes

image

FIDE rasmiysi Dana Reyzniyese O‘zbekiston mezbonlik qilayotgan Shaxmat olimpiadasi tashkilotchiligiga yuqori baho berdi. U musobaqaning birinchi kuni belgilangan vaqtda boshlanganini alohida ta’kidlab, Samarqandda tashkilotchilikdagi samaradorlik yaqqol ko‘rinayotganini aytdi.

“Odatda birinchi kuni turli mayda masalalar paydo bo‘lib, musobaqa kechroq boshlanib ketishi mumkin. Ammo Samarqandda bunday bo‘lmadi. Tashkilotchilikdagi samaradorlik yaqqol ko‘rinib turibdi”, deydi Dana Reyzniyese.

Shuningdek, u Olimpiada doirasida ilk bor asosiy musobaqa bilan bir vaqtda imkoniyati cheklangan shaxmatchilar uchun Paralimpiada o‘tkazilayotganini eng muhim yangiliklardan biri sifatida qayd etdi.

“Ishtirokchilar sonining rekord darajada ekani, yuqori texnologiyalar – bularning barchasi juda muhim. Ammo, shaxsan men uchun eng muhim jihat – tarixda birinchi marta imkoniyati cheklangan shaxmatchilar uchun Paralimpiada asosiy Shaxmat olimpiadasi bilan bir vaqtda tashkil etilganidir. Birinchi marta buni aynan O‘zbekiston amalga oshiryapti”, deydi u.

Dana Reyzniyese O‘zbekistonda shaxmatning tarixi ham uzoq davrlarga borib taqalishini aytdi. Xususan, Afrosiyobdan VII–VIII asrlarga oid qadimiy shaxmat donalari topilganini eslatdi.

FIDE rahbari shaxmatning ta’limdagi ahamiyatiga ham to‘xtalib, uni XXI asr ta’limi uchun samarali vositalardan biri deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, shaxmat bolalarga kelajakda muvaffaqiyat qozonish uchun zarur bo‘lgan ko‘nikmalarni shakllantirishga yordam beradi.

Shu bilan birga, Reyzniyese ijtimoiy shaxmat loyihasi doirasida shaxmat insonlar hayotini qanday o‘zgartirgani haqida 50 dan ortiq hikoya to‘planganini aytdi. Ularning ayrimlari orasida hatto miyasida jarrohlik amaliyoti o‘tkazilayotgan paytda raqibi bilan shaxmat o‘ynagan inson haqidagi hikoya ham bor.

FIDE rahbari o‘zi ham shaxmatchi va grossmeyster ekanini ta’kidladi. U bir nechta Jahon shaxmat olimpiadalarida ishtirok etganini aytib, bu gal rasmiy shaxs sifatida musobaqani kuzatayotganidan ko‘ra, shaxmatchilar safida o‘tirishni istaganini yashirmadi.

“O‘zim ham shaxmatchiman, grossmeysterman. Bir nechta Jahon shaxmat olimpiadalarida ishtirok etganman. Shuning uchun bugun bu yerda shaxmatchi emas, rasmiy shaxs sifatida turganimga, rostini aytsam, o‘ynayotgan shaxmatchilarga havasim kelyapti. Chunki shunday ajoyib zalda shaxmat o‘ynashni juda istagan”, deydi Dana Reyzniyese.

Eslatib o‘tamiz, Shaxmat olimpiadasi O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan FIDE’ning yirik xalqaro tadbirlaridan biri hisoblanadi. 


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing