Odamlarimiz biz belgilagan juda katta vazifalarning ijrosini kutyapti – Shavkat Mirziyoyev

Jamiyat

image

Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda yil yakuniga qadar amalga oshirilishi lozim bo‘lgan asosiy vazifalar bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, davlat rahbari viloyatning so‘nggi yillarda izchil rivojlanayotgani, biroq bu salmoqli natijalar hududdagi barcha tumanlarda mutanosib emasligini tanqid qilgan. 

Xususan, hudud sanoatining qariyb yarmi Samarqand shahriga to‘g‘ri kelishi va shu yilning o‘tgan yetti oyida viloyatda 600 million dollar to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya o‘zlashtirilgani, biroq ularning 78 foizi Samarqand shahri, Kattaqo‘rg‘on, Pastdarg‘om va Samarqand tumanlari hissasiga to‘g‘ri kelgani qayd etilgan. Shuningdek, so‘nggi besh yilda elektr iste’moli 1,5 baravarga oshgani, qishloq xo‘jaligida hosildorlik va suvni tejash yetarli emasligi aytilgan.

Shu kabi tahlillardan kelib chiqib, Prezident tadbirkorlik, investitsiya, sanoat va turizm sohalaridagi imkoniyatlarni ko‘rsatib o‘tgan hamda mahallalarda tadbirkorlik va dehqonchilikni qo‘llab-quvvatlash, uzum va pista yetishtirishni ko‘paytirish, serqatnov yo‘llar bo‘yida xizmat ko‘rsatish sohasida aholini ishli qilish zarurligini ta’kidlagan.

Davlat rahbari “Urgut” erkin iqtisodiy zonasining 15 ta tumandagi hududi va viloyatdagi 106 ta sanoat zonasini infratuzilma bilan ta’minlash uchun shu yilning o‘zida 170 milliard so‘m ajratilgani, ammo ularda 620 gektar yer bo‘sh turganini tanqid qilgan. 

Shu bilan birga, davlat rahbari mutasaddilarga infratuzilma muammosini hal etib, ushbu maydonlarga tadbirkorlarni jalb etish bo‘yicha topshiriq bergan. Oqdaryo va Pastdarg‘omdagi podstansiyalarni yangilash, yil yakunigacha Kattaqo‘rg‘on tumani va Samarqand shahrida quvvati 250 megavatt bo‘lgan 2 ta quyosh elektr stansiyasini ishga tushirish vazifasini yuklagan.

Yig‘ilish davomida viloyatda turizm sohasida 20 mingta doimiy ish o‘rni yaratish va eksportni 500 million dollarga yetkazish imkoniyati borligi qayd etilgan. Buning uchun jozibador dasturlarni ko‘paytirish, yo‘llarni va jamoat transportini qulay qilish zarurligi ta’kidlangan. Turizm salohiyati yuqori 100 ta mahalla va qishloqda “turizm ipotekasi” dasturi asosida yangi sayohat manzillari ochish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan.

“Odamlarimiz biz belgilab olgan juda katta vazifalarning ijrosini kutyapti. Har bir hokim hududidagi imkoniyatdan to‘g‘ri foydalanib, mahsulot chiqarib, odamlarga ish o‘rni yaratmasa, buni chetdan kelib hech kim qilib bermaydi. Natijadorlikni har yili oshirib borish zarur. Qolgan to‘rt oy kelgusi yilga mustahkam zamin yasaydigan oylar bo‘lishi kerak”, degan Shavkat Mirziyoyev.

Yig‘ilishda muhokama qilingan masalalar bo‘yicha viloyat va tumanlar hokimlari, soha mutasaddilari axborot bergan. Shu bilan davlat rahbari Samarqand viloyatiga tashrifini yakunlab, Toshkentga qaytib kelgan.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing