Odamlar suvsiz yashayapti, lekin bitta sigaret 3,7 litr suv evaziga chiqarilyapti – Emina Erdo‘g‘an

Olam

image

Ayrim mamlakatlarda odamlar bir tomchi suvga zor qolayotgan bir paytda dunyoning boshqa bir burchagida bir dona sigaretni tayyorlash uchun 3,7 litr suv sarflanyapti. Yer kurrasidagi ekotizimni tiklash, saqlab qolishga bugun harakat qilinmasa, ertaga hamma yotqazadi. Bu haqda Turkiya Respublikasining Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning rafiqasi Emina Erdo‘g‘an kecha, 30 mart kuni BMT Bosh Assambleyasining “Nol chiqindi” nomli maxsus sessiyasidagi nutqida so‘z ochdi. 

U so‘zi avvalida dunyoda resurslarni adolatli taqsimlash, iqlim va ekologik muammolarni nazorat qilish tamoyiliga asoslangan tizimga ehtiyoj borligini ta’kidladi. 

Ma’ruzasini 6 fevral kuni Turkiyaning 11 viloyatida sodir bo‘lgan zilzilalar oqibatida halok bo‘lganlar xotirasini yod etishdan boshlagan Emina Erdo‘g‘an dunyoning turli burchaklaridan kelgan barchaga ko‘rsatgan yordami, qidiruv-qutqaruv guruhlari yuborilgani uchun shaxsan va turk xalqi nomidan minnatdorlik bildirdi. 

“Biz shunday dunyoda yashayapmizki, chiqindilar “biz ko‘rmaydigan axlat zararsiz” degan g‘oya bilan eng kam rivojlangan mamlakatlarga jo‘natiladi. Bu chiqindilar uyumi nafaqat tabiatni ifloslantiradi, balki mustamlakachilikning yangicha ko‘rinishini ham keltirib chiqaradi. Agar iqlim o‘zgarishi natijasida yuzaga kelgan qurg‘oqchilik tufayli dunyoning turli burchaklarida hali ham minglab bolalar nobud bo‘layotgan bo‘lsa, bizda bu tendensiyaga “To‘xta” deyishga bir daqiqa ham vaqtimiz yo‘q. Millionlab odamlar ichimlik suviga ega bo‘lmagan dunyoda bitta sigaret ishlab chiqarish uchun 3,7 litr suvdan foydalanish har bir mas’uliyatli dunyo fuqarosini chuqur qayg‘uga soladi. 

Bu vayronagarchilikni tugatish va dunyoni qutqarish hali ham insonlarning qo‘lida ekanini ta’kidlagan Emina Erdo‘g‘an, bu kurashda yo hamma yutishi, yo hamma yutqazishini ifoda etdi. 

U Turkiyada 5 yil avval boshlagan va butun dunyoga yoyilgan “Nol chiqindi” loyihasi bilan katta o‘zgarishlarni boshlay olishlarini isbotlaganlariga e’tibor qaratdi. Loyiha 650 million tonna xom ashyoni tejash va 4 million tonna issiqxona gazlari chiqindilarining oldini olish imkonini bergan. 

“Turkiya sifatida biz hech qanday global muammoga befarq qolmaganmiz, atrof-muhit muammolarida ham yechimning bir qismi bo‘lish qat’iyatimizni davom ettiramiz”, deydi Turkiya birinchi xonimi. 

U “Nol chiqindi jamg‘armasi”ni tashkil etish ustida ish olib borilayotgani haqidagi ma’lumotni o‘rtoqlashdi. 

Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra,  dunyoda bir kishiga kuniga o‘rtacha 0,74 kg chiqindi to‘g‘ri keladi. Bu qiymat ba’zan 0,11 dan 4,54 kilogrammgacha. Agar tendensiya o‘zgarmasa, 2050 yilga borib dunyoda yiliga 3,88 milliard tonna chiqindi chiqariladi. 

2022 yilda dunyoda maishiy chiqindilarning o‘rtacha 82 foizi yig‘ilib, 55 foizi qayta ishlashga jo‘natilgan. 

Shu bilan birga, chiqindilarning 33 foizi qayta ishlanmay qolmoqda, bu esa umumiy issiqxona gazlari chiqindilarining 2 foizini tashkil qiladi. 

“Nol chiqindi” loyihasi chiqindilarning oldini olish, ularni minimallashtirish va oldini olish uchun chiqindilar sabablarini o‘rganish, qadoqlash va qayta ishlanishini ta’minlash demakdir. Loyihadan maqsad qayta ishlash darajasini 35 foizga oshirish va chiqindilarni utilizatsiya qilish darajasini 65 foizga kamaytirishdir. 

2017 yildan beri amalga oshirilgan “Nol chiqindi” loyihasi doirasida Turkiyada 20,4 million tonna chiqindi qog‘oz, 5,4 million tonna plastmassa, 2,3 million tonna shisha va yarim million tonna metall yig‘ildi. Bularning hammasi qayta ishlashga yuborildi, bu esa iqtisodiyotga 62,2 milliard lira daromad keltirdi. 

Shuningdek, Turkiyada fuqarolarning nol chiqindi haqida xabardorligini oshirish uchun tadqiqotlar olib borilmoqda. Loyiha boshlanganidan buyon 19 millionga yaqin odam chiqindisiz dastur haqida ma’lumotga ega bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

BMT Nol chiqindi Emiina Erdo'g'an

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing