Odamlar 100-200 kishilik tadbirlarni o‘tkazish yo‘llarini izlashmoqda – Alisher Qodirov
Jamiyat
−
20 avgust 2020
19249O‘zbekistonga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining qarori bilan joriy yilning 15 martidan to‘ylar o‘tkazishga ruxsat berildi. Bunda to‘y marosimlari fuqarolarning uy-joyi va hovlisining o‘zida 30 kishidan oshmagan hamda sanitariya va gigiyena talablariga to‘liq rioya qilgan holda o‘tkazilishi belgilandi.
Ammo to‘y o‘tkazishni rejalashtirgan fuqarolar mehmonlar sonini oshirish yo‘llarini qidira boshladi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Alisher Qodirov to‘ylar haqida fikr bildirib, aytib o‘tdi.
“Saylovchilarning savollaridan ma’lum bo‘lmoqdaki, odamlar 100-200 kishilik tadbirlarni o‘tkazish yo‘llarini izlashmoqda: “30 tadan 5 marta yig‘sa nima bo‘ladi?", “Alohida uylarda o‘tadigan tadbirlarning hisobi birlashadimi?”, “Hovlimga 300 nafar odam sig‘adi, xavfsizlikni ta’minlayman, ruxsat bo‘ladimi?", “Mahalla raisi bilan nozirni ko‘ndirib, imi-jimida o‘tkazib olsak, kim e’tiroz qiladi?” va hokazo...”, deydi deputat o‘ziga kelayotgan savollarga to‘xtalib.
Qodirov uyda ko‘p odamni jamlash davlatga emas, avvalo fuqarolarning o‘ziga zarar ekanini aytib, bunga qator misollarni keltirgan:
“Birinchidan, taklif etilganlarni sog‘lom ekanligi, ya’ni virus tashuvchi emasliklariga kafolat berolmaysiz;
Ikkinchidan, agar virus sizning tadbiringizda tarqalsa, xastalarning davolanish xarajatlari zimmangizga yuklanadi;
Uchinchidan, ularning orasida katta ehtimol bilan oilangiz a’zolari ham bo‘ladi;
To‘rtinchidan, jarima to‘laysiz”, deydi deputat va birgina to‘y shuncha ehtimoliy muammoga arziydimi, deya savolga tutgan.
Shundan so‘ng, deputat to‘y o‘zi nimayu nega kerakligi haqida fikrlarini bildiradi. Qodirov o‘zbek to‘ylari haqida achchiq haqiqatga ham to‘xtalgan. To‘y raqobat maydoniga aylanib qolgan. Kimo‘zarga to‘y qilish avj olgan. Deputat shunday deydi:
“Qolaversa, masala virusda ham emas! To‘y nima o‘zi? Ikki yosh insonning oila qurish qarorini elga eshittirish tadbiri. Bu maqsadga nikohni qayd etish va nikohni o‘qish marosimlarida ishtirok etadigan har ikki tomonning vakil-guvohlari vositasida erishib bo‘linadi. Dasturxon - ixtiyoriy, imkoniyatlar bilan bog‘liq masaladir. Farzandlarini qo‘llab-quvvatlamoqchi bo‘lgan ota-onalar sovg‘alarini, yosh oilaga madad bo‘lmoqchi bo‘lgan qondoshlar to‘yonalarini hammaga ko‘rsatmasdan, yoshlarga berishsa, bexarajat va foydaliroq bo‘lmaydimi? Yoshlar yaxshigina sarmoya bilan, xotirjam katta hayotga qadam qo‘yish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Afsus, shu ixtiyoriy qism “orzu-havas"larning raqobat rituallari va ijaraga olingan obro‘ni ko‘z-ko‘z qilish maydoniga aylanib, unda yosh oilaning murg‘ak havaslari ko‘pkariga tashlangan uloqchadek chilparchin bo‘lib ketayapdi. Yosh oila kimo‘zarchi ota-onalar “ko‘magida” ochofat va yaltiroq isrofdan qarzga botib qolyapti. Sohta va befoyda e’tirof ilinjida jamiyatning asosiy ustuni hisoblangan oilaning poydevori qumdan bo‘lib qolayapti va birinchi sinov shamolidayoq sochilib ketayapti”.
U to‘ylardagi dabdababozlik mamlakat rivojiga jiddiy ta’sir qilayotganini, boshqa davlatlar allaqachon kelaak rejalarni tuzib qo‘yganini urg‘ulagan. Qodirov so‘zi so‘ngida mamlakatni o‘zgartirish uchun odamlar o‘zini o‘zgartirishi kerakligini aytgan.
“Kim nima eksa shuni o‘radi. O‘zbek xalqi yuz yildan beri hech narsa o‘rmayapti. Ba’zi xalqlar allaqachon kelajak hisobini yakunlamoqdalar... hatto bizning o‘rnimizga ham. To‘y-ma’rakalardagi xo‘jako‘rsin raqobatdan bosh ko‘tarib, tarbiya, ilm-ma’rifat, iqtisodiy taraqqiyot yo‘lida harakat va raqobatga kech qolmayapmizmi?
Yaponlarda juda qiziq bir xalq maqoli bor ekan: “Otalarning puliga to‘y qilganlarning nabiralari gadoylik qiladilar”.
O‘zbekistonni o‘zgartirish uchun o‘zimizni o‘zgartirishimiz kerak”, deya so‘ziga yakun yasagan deputat.
Avvalroq, "Mening fikrim" murojaatlar portalida karantin tugaganidan keyin ham to‘ylarni 30 kishi bilan o‘tkazish tartibini saqlab qolish taklif qilingani haqida xabar bergandik. Taklif yaxshi ham deylik. Ammo odamlar o‘sha cheklov yoki Hukumat talabisiz ham 30 kishi bilan to‘y o‘tkazishi mumkin-ku.
LiveBarchasi