Ochiq maktub: Zelenskiy Putinni “ring”ga chaqirdi
Olam
−
08:52 7095 2 daqiqa
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga ochiq maktub yo‘llab, to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar jarayonini boshlash va davlat rahbarlarining shaxsiy uchrashuvini o‘tkazishni taklif qildi. Bu haqda Zelenskiy o‘zining Telegram-kanalida yozib qoldirdi.
Maktubda Zelenskiy butun front chizig‘i bo‘ylab o‘t ochishni to‘xtatish va davlat rahbarlarining neytral hududda uchrashuvini tashkil etishni taklif qilgan.
“Ukraina rahbariga sizning poytaxtingizda, Rossiya rahbariga esa Kiyevda ish yo‘q. Urush va tinchlik masalalarini hal qilish uchun an’anaviy ravishda davlat rahbarlarini qabul qilib kelayotgan mamlakatlar bor. Shveysariya, Turkiya va arab davlatlari shular jumlasidandir. Aynan rahbarlar asosiy masalalarni hal qiladi – bu har doim shunday bo‘lgan va shunday bo‘lib qoladi”, deb yozgan Zelenskiy.
Uning ta’kidlashicha, Ukraina diplomatik jarayonni boshlash uchun harbiy harakatlarni to‘liq to‘xtatishga tayyor. O‘t ochishni to‘xtatish rejimiga monitoring o‘rnatish vazifasini esa AQSH bajarishi mumkin.
Murojaatda Zelenskiy “hammani hammaga” tamoyili asosida asirlar almashinuvini o‘tkazish, shuningdek olib ketilgan barcha tinch aholi va bolalarni qaytarishni ham taklif qilgan.
Ukraina rahbari may oyida Rossiya armiyasi 30 mingdan ortiq harbiy xizmatchisini yo‘qotganini, ularning 63 foizi halok bo‘lgani va 37 foizi og‘ir yaralanganini iddao qilgan. Shuningdek, u Rossiya jamiyati beshinchi yil davom etayotgan urushdan charchayotganini ta’kidlagan.
Zelenskiyning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev Moskvaning 2027–2028 yillarda ham urushni davom ettirish rejalari haqida ma’lumotlarga ega.
Ukraina Prezidenti, shuningdek, urush Rossiya hududiga ko‘chirilganini, Putin esa yordam so‘rashga majbur bo‘lgan birinchi Rossiya rahbariga aylanganini aytgan. U Rossiya tarixida urushdan charchash siyosiy o‘zgarishlarga olib kelgan holatlar bo‘lganini eslatgan.
Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga mazkur maktub diplomatik kanallar orqali rasman ham yetkazilishini ma’lum qilgan.
“Bu ochiq maktub urushni tugatish bo‘yicha jiddiy va mazmunli taklifdir. Ukraina Prezidentidan Rossiya Federatsiyasi Prezidentiga yo‘llangan, aniq va amalga oshirish mumkin bo‘lgan qadamlarni o‘z ichiga olgan hamda shaxsiy uchrashuvga taklifdan iborat murojaatdir”, deb yozgan Sibiga.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Kiyev Moskvadan ushbu taklifga mazmunli javob kutayotganini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 3 iyun kuni Kiyevda NATO bosh kotibi Mark Ryutte bilan qo‘shma matbuot anjumanida ham Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy “dunyodagi barcha nizolar tugashini kutib o‘tirmaslik” uchun Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazishga tayyorligini bildirgandi.
Live
Barchasi