Putin bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokara olib borishga tayyorman – Zelenskiy (video)
Olam
−
03 iyun 4654 2 daqiqa
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy “dunyodagi barcha nizolar tugashini kutib o‘tirmaslik” uchun Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazishga tayyorligini bildirdi. Bu haqda u bugun, 3 iyun kuni Kiyevda NATO bosh kotibi Mark Ryutte bilan qo‘shma matbuot anjumanida so‘z ochdi.
Vladimir Zelenskiy Ukraina urushni diplomatik yo‘l bilan tugatishning har qanday formatiga, jumladan, Vladimir Putin bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarga tayyorligini ma’lum qilgan. U rasmiy Kiyev muzokarachilarni jalb etish bo‘yicha Amerika tomoni bilan doimiy aloqada bo‘lib turganini, biroq bu jarayon cho‘zilib ketayotganini qayd etgan.
“Biz muzokaralar guruhi kelishini kutmoqdamiz, ammo mening nazarimda, bu juda uzoq davom etmoqda. Afsuski, biz bugun AQSHning diqqat markazida emasmiz. Eron – AQSH uchun birinchi raqamli masala, Ukraina esa undan keyin turadi. Afsuski, vaziyat shunday tus olmoqdaki, biz ushbu urushlar navbatida turibmiz”, deydi Zelenskiy.
U Ukraina uchun bosh ustuvor vazifa harbiy harakatlarni tezroq to‘xtatish ekanligini, shu sababli davlat tinchlikni yaqinlashtiradigan har qanday formatni qo‘llab-quvvatlashga shayligini urg‘ulagan.
“Men dunyodagi barcha nizolar tugab, keyin navbat bizga kelishini kutib navbatda turishdan ko‘ra, ushbu urushga chek qo‘yish uchun Putin bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar olib borishga tayyorman”, deydi Zelenskiy.
Ukraina rahbari, shuningdek, hozirgi vaziyat Ukrainaga “har qanday formatda rossiyaliklar bilan teng sharoitda” gaplashish va ushbu urushni yakunlash imkonini berishini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kirill Budanov Vladimir Zelenskiy urushni imkon qadar tezroq yakunlash bo‘yicha topshiriq berganini aytgan edi.
Live
Barchasi