Obro‘si ortayotgan xususiy harbiy kompaniyalar: ularning xizmatidan nima naf?
Tahlil
−
05 iyul 2023
10114Bugungi kunda xususiy harbiy kompaniyalar (XHK) nafaqat davlatlar ichki siyosatida, balki xalqaro munosabatlarda ham katta rol o‘ynashni boshladi. Davlatlararo ziddiyatlarda hukumatlar XHKlar ochilishiga katta vakolatlar bermoqda. Ushbu maqolada xususiy harbiy kompaniyalar, ularning xalqaro munosabatlarga ta’siri, Rossiyadagi XHK bilan bog‘liq voqealar haqida so‘z yuritilgan.
Xususiy harbiy kompaniya nima?
Xususiy harbiy kompaniyalar (XHK), shuningdek, xususiy xavfsizlik kompaniyalari, hukumatlarga, xalqaro tashkilotlarga, xususiy mijozlarga harbiy va xavfsizlik xizmatlarini ko‘rsatadigan xususiy kompaniyalardir. Ushbu kompaniyalar ko‘pincha harbiy tajribaga yoki maxsus ko‘nikmalarga ega bo‘lgan xodimlardan iborat.
XHKlar qurolli xavfsizlik, razvedka ma’lumotlarini yig‘ish, logistika, o‘qitish va maslahat xizmatlarini o‘z ichiga olgan bir qator xizmatlarni taklif qiladi. Ular ob’ektlar xavfsizligini ta’minlash, qimmatbaho boyliklarni himoya qilish, harbiy amaliyotlarni o‘tkazish va mojarodan keyingi tiklanish ishlariga ko‘maklashish kabi turli vazifalarda ishlagan.
Tanqidchilarning ta’kidlashicha, XHKlardan foydalanish axloqiy tashvishlarni keltirib chiqaradi, chunki ular an’anaviy harbiy qo‘mondonlik zanjirlaridan tashqarida ishlaydi va javobgarlikdan ko‘ra foydani birinchi o‘ringa qo‘yishi mumkin. Inson huquqlarining poymol etilishi va shaffoflikning yo‘qligini ular faoliyatida ko‘plab uchratish mumkin. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, xususiy harbiy kompaniyalardan foydalanish xavfsizlik masalalarida davlat va xususiy ishtirokchilar o‘rtasidagi chegaralarni yo‘q qiladi. Xususan, 2007 yilda Iroqdagi Nisur maydonidagi qirg‘in, Blackwater xususiy harbiy kompaniyasi tomonidan Iroq tinch aholisining o‘ldirilishi XHKlarni tanqid qilishni yanada kuchaytirdi.
So‘nggi o‘n yilliklarda xususiy harbiy kompaniyalar sanoati sezilarli darajada o‘sdi. Biroq, XHKlardan foydalanishga turli mamlakatlar va tashkilotlar turlicha yondashadi. Ba’zi mamlakatlarda ularning faoliyatini tartibga soluvchi qonun va qoidalar mavjud bo‘lsa, boshqalari esa ulardan foydalanishni to‘liq taqiqlaydi.
Xususiy xarbiy kompaniyalar qanday paydo bo‘lgan?
Xususiy harbiy kompaniyalarning ildizlari qadimgi davrlardagi yollanma askarlariga borib taqaladi. Xususan, qadimgi Rimda Karfagen bilan urushlar davrida rimliklar asosan yollanma askarlar xizmatidan foydalangani haqida tarixchilar yozib qoldirgan. Biroq, XHKlarning zamonaviy tarixi o‘tgan asrning 60-70-yillariga to‘g‘ri keladi.
Dekolonizatsiya davrida ko‘plab yangi mustaqil davlatlar xavfsizlik va barqarorlikni saqlash uchun kurashdilar. Ba’zi hollarda bu davlatlarda kuchli harbiylar yo‘q edi va bo‘shliqni to‘ldirish uchun xususiy kompaniyalarga murojaat qilindi. Shu vaqt ichida Executiva Outcomes va Sandline International kabi kompaniyalar paydo bo‘ldi va turli hukumatlarga, birinchi navbatda Afrikada harbiy xizmat ko‘rsatdi.
1990 yillarda Sovuq Urushning tugashi global harbiy byudjetlarning qisqarishi hamda harbiy va xavfsizlik xizmatlarining moddiy ta’minoti o‘sishiga olib keldi. XHKlar butun dunyo bo‘ylab mojaro zonalari va mojarodan keyingi vaziyatlarda tobora ko‘proq ishtirok eta boshladilar. Bunga Iroq, Afg‘oniston davlatlari va Bolqon kabi mintaqalarda XHKlarning ishtirokini misol qilib keltirish mumkin.
Shu bilan birga, 11 sentyabr voqealaridan keyin Qo‘shma Shtatlar tomonidan XHKlardan foydalanish sezilarli darajada oshdi, chunki AQSH armiyasi Afg‘oniston va Iroqda davom etayotgan mojarolarga duch keldi. Bu davrda Blackwater (hozirgi Academi nomi bilan tanilgan) kabi kompaniyalar mashhurlikka erishdilar. Ular AQSH hukumati bilan xavfsizlik, ta’lim va boshqa qo‘llab-quvvatlash xizmatlarini taqdim etish uchun shartnoma tuzgan.
2008 yilda qabul qilingan Montreks hujjati davlatlar uchun XHKlar faoliyatini qanday tartibga solish, shuningdek, xalqaro gumanitar huquq va inson huquqlariga hurmatni ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatmalar beradi.
Bugungi kunda qanday XHKlar faoliyat yuritmoqda?
Ushbu sohada daromad va xodimlar soni yildan yilga oshib bormoqda. Xususan, 1990 yilda XHKlar 55,6 milliard dollar daromad topgan bo‘lsa, 2003 yilda bu ko‘rsatkich 100 mlrd dollarga yetgan. Bundan tashqari, 2011 yil holatiga ko‘ra, ushbu sohada 25,5 million xodim ishlagan va bu miqdor so‘nggi 10 yilda bir necha barobar ko‘paygan bo‘lishi ham mumkin.
XHKlar odatda hukumatlar uchun foydali bo‘lib, urush zonasida davlat armiyalarining ma’suliyatini kamaytiradi. Aniqrog‘i, ularning xatti-harakatlari armiya uchun yordam berishi mumkin. Bundan tashqari, XHK askarlari ko‘rsatgan talafotlar uchun hukumatlar ma’sul emasligi ham XHKlardan foydalanish metodi o‘sib borayotganini ko‘rsatmoqda. Bunga yorqin misol “Vagner” guruhidir. Kreml Vagner bilan aloqalarini yaqin vaqtlargacha inkor qilardi, biroq jurnalistlarning hisobotlari ikki tomon ham bir-biri bilan qanchalik chambarchas bog‘liqligini ko‘rsatmoqda. “Vagner” yollanma askarlari Rossiya bazalarida mashq qilgan, Rossiya harbiy samolyotlarida uchgan va kerak bo‘lsa, Rossiya shifoxonalariga olib ketilgan holatlarini ko‘plab marotaba uchratish mumkin. Qolaversa, yollanma xizmatchilar asosan iste’fodagi davlat harbiylaridan iboratligi, ularning yollanma askarlar tayyorlashdagi hissasi ham yollanma xizmatchilar malaka tomonidan davlat harbiylaridan qolishmasligini isbotlab turibdi.
Yollanma harbiylar davlatlar uchun bir nechta imkoniyatlarni taqdim etadi. Birinchisi, og‘ir qurollangan, jangovar kuchga ega yollanma askarlar guruhini bir necha haftaga ijaraga olish doimiy armiyani saqlab qolishdan ko‘ra ancha arzon. Masalan, Nigeriya harbiy apparati yillar davomida “Boko Haram” XHKga qarshi kurashadi, lekin 2015 yilda mamlakatdagi saylovlarning xavfsizligini ta’minlash uchun bir necha XHKlardan foydalanadi. Yana bir afzallik shundaki, janglarda halok bo‘lgan yollanma askarlar milliy siyosatga ta’sir ko‘rsatmaydi. Darhaqiqat, o‘ldirilgan yollanma askarlar e’tiborga olinmaydi.
XHKlar nafaqat siyosiy hayotda, balki madaniy hayotda ham ishtirok etmoqda. Bunga dunyodagi eng yirik XHKlardan biri G4S`ning 2012 yil Londondagi Olimpiya o‘yinlari xavfsizlik tizimidagi faoliyat yuritganini misol qilib keltirish mumkin.
XHKlar xalqaro munosabatlarda nafaqat davlatlar, balki xalqaro tashkilotlar uchun ham o‘z xizmatlarini taklif qilmoqda. Chunonchi, G4S`ga tegishli ArmorGroup guruhi Afg‘onistondagi harbiy operatsiyalarda BMT uchun bir necha marta qatnashgan. Biroq ba’zi jurnalistik tergovlarga ko‘ra, xizmat davomida guruh askarlari mahalliy jangari guruhlarga ham xizmat qilib bergan bo‘lishi mumkin.
XHKlar ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan potensial zarar
Xususiy harbiy kompaniyalar hukumatlar uchun shuncha foydasi bilan birga, ko‘plab zararlar ham bera oladi. Ular ko‘rsatgan zararni shartli ravishda ikkiga bo‘lish mumkin: amaliy va siyosiy.
Amaliy zararlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, birinchi o‘rinda sifatli harbiy xususiy xizmat davlatlar uchun ancha qimmatga tushishi ham mumkin. Masalan AQSHning Iroqqa intervensiyasi davrida xususiy harbiy xizmatlar narxi birdaniga qimmatlab ketgan. Boshqa nodavlat tashkilotlarning xususiy harbiy kompaniyalarni yollash qobiliyati pasayib, bu xususiy bizneslarga katta zarar olib kelgan.
Ikkinchidan, ishonchlilik ham XHKlardan foydalanishning katta muammolaridan biri bo‘lib qolmoqda. Hukumatlarning XHKlardan foydalanish narxlarini arzonlashtirishi o‘zlarining zarariga ishlashi ham mumkin. Bu xizmatning ishonchsizlashishi va xavfli bo‘lib borishiga olib keladi. 2003 yil yozi va bahorida AQSH hukumatining narxlarni minimallashtirishi yollanma askar xizmatining sifatsizlashishiga, natijada AQSH qo‘shinlarining ortga chekinishiga ham sabab bo‘lgan.
Uchinchidan, XHKlar maqomi 2008 yildagi Montreks hujjatiga qaramay, hali ham qonuniy tomondan noaniq. Urush qonunlari an’anaviy ko‘rinishda ekanligi boisidan ular uchun aniq bir huquqiy me’yor va ma’suliyatlar hali ham ishlab chiqilmagan. Bu yollanma askarlar uchun ham, dushman tomon uchun ham bir necha muammolarni keltirib chiqaradi. Bir tomondan hukumat bilan shartnoma imzolamagan XHK askari odam o‘ldirgani uchun jazoga tortilishi mumkin bo‘lsa, mahalliy institutlar zaif bo‘lgan hududlarda bu yana boshqa muammoni keltirib chiqaradi. Boshqacha qilib aytganda, bunday hukumatlar XHK a’zosi jinoyat sodir etsa, qonunchilik ularni jazolashga qonuniy asos topa olmasligi ham mumkin. Dync Corp. xususiy harbiy kompaniyasi askarlari tomonidan Bolqonda jinoyat sodir etilgan vaqtda AQSH qonunchiligi ularni jazolash borasida dilemmaga duch kelgan.
XHKlarning hukumatga siyosiy zarar keltirish holatlari ham uchraydi. Biroq bu uzoq muddatli jarayondir. XHKlarning qo‘lida uzoq muddat davomida katta mablag‘ va hokimiyatning to‘planishi o‘sha davlat hukumatining obro‘sizlanishiga sabab bo‘ladi. Oqibatda bu davlat to‘ntarishlari yoki hukumat bilan o‘zaro qurolli to‘qnashuv bilan tugashi mumkin.
Rossiyadagi “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi bilan bog‘liq voqealar
“Vagner” XHK Ukrainada urush boshlangandan beri Rossiya uchun frontda faol xizmat qilayotgan edi. Biroq joriy yilning 24 iyunida holat o‘zgardi va guruh RF mudofaa vazirligiga qarshi isyon boshladi.
O‘sha kuni “Vagner” XHK bilan bog‘liq voqealar XHKlar bilan hukumat murosaga kirishishi zarurligini yana bir bor ko‘rsatib berdi. Kompaniya asoschisi Yevgeniy Prigojin o‘z guruhining orqa qismiga RF mudofaa vazirligi qo‘shinlari hujum qilganini, shu bois general Gerasimov va mudofaa vaziri Shoygu unga topshirilishini so‘rab, Moskva tomon yurish qilishini e’lon qildi. Yo‘l-yo‘lakay ular Rostov-Donni ham egalladi. Biroq o‘sha kuni qo‘shin dala-lagerlariga qaytishini e’lon qilib, Belarusga jo‘nab ketdi.
Bu keys ham ko‘rsatib turibdiki, XHKlar mustahkam o‘rnashgan Putin rejimiga ham ta’sir qilishi mumkin. Prigojin isyoni Putin rejimi ichidagi kelishmovchiliklar bilan birga aholi tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi mumkinligini ham isbotladi. Aniqrog‘i, nafaqat kuchsiz hukumatga, balki aholini charchatgan rejimga qarshi XHKlarning isyoni ham hukumatga yaxshigina signal bo‘lishi mumkin.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, XHKlar xalqaro munosabatlarda katta rol o‘ynay boshlayapti. Shunisi aniqki, XHKlar faoliyati har doim tanqidiy qarashlar bilan yonma-yon bo‘lib kelgan – hukumlatlar XHKlar tuzishga ruxsat berish orqali ham o‘z harbiy harakatlarini legitimlashtirishlari, ham o‘zlari uchun katta xavf ham paydo qilishlari mumkin.
Avazbek Mo‘ydinov
LiveBarchasi