OAVga normativ-huquqiy hujjatlarning jamoatchilik ekspertizasini o‘tkazish huquqi berildi
Jamiyat
−
22 iyun 2023
3904Ommaviy axborot vositalari, nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga normativ-huquqiy hujjatlarning jamoatchilik ekspertizasini o‘tkazish huquqi berilmoqda. Bu haqda bugun, 22 iyun kuni Senatning qirq ikkinchi majlisida “Normativ-huquqiy hujjatlarning va loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqilishi jarayonida ma’lum qilindi.
Bildirilishicha, jamoatchilik tomonidan taqdim etilgan taklif va tavsiyalar tegishli davlat organlari va tashkilotlari tomonidan majburiy ravishda ko‘rib chiqiladi. Korrupsiyaga qarshi ekspertizani o‘tkazishga oid faoliyatni uslubiy jihatdan ta’minlash hamda monitoring qilish esa Adliya vazirligiga yuklatiladi.
Ta’kidlanishicha, bugungi kunga qadar normativ-huquqiy hujjatlarni va ularning loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish qonun bilan emas, balki Adliya vazirligining buyrug‘i bilan tasdiqlangan nizom asosida tartibga solingan. Bu esa qonunchilik hujjatlarida korrupsiyaviy bo‘shliqlarning yuzaga kelishiga zamin yaratgan.
Yangi Qonun bilan normativ-huquqiy hujjatlar va loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasining asosiy prinsiplari belgilangan.
Unga ko‘ra, endilikda korrupsiyaga qarshi ekspertizani o‘tkazish nafaqat Adliya vazirligi tomonidan, balki Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, yuridik xizmat xodimlari hamda tegishli normativ-huquqiy hujjatlar ijrosini ta’minlash o‘z zimmasiga yuklatilgan davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ham amalga oshirilishi mumkin.
LiveBarchasi