OAV: O‘zbekistonning Sankt-Peterburgdagi konsuli mojaroli surat sabab rotatsiya qilinyapti
Olam
−
22 mart 2019
7617O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasi Sankt-Peterburg shahridagi Bosh konsuli Rostov-Don shahridagi konsulxonaga rotatsiya qilinadi. Bu haqda “Telegraf” xabar berdi.
O‘zbekistonning Sankt-Peterburgdagi konsulxonasi rahbari Jahongir Ergashevning Rostov-Donga o‘tkazilishi unga o‘xshash erkak Moskva ko‘chasidagi restoranda uxlab yotgani tasvirlangan surat tarqalishi bilan bog‘liq ekani ta’kidlanyapti.
Qayd etilishicha, Jahongir Ergashev Rostov-Donga yetib borgan va o‘ziga turar-joy qarashga ham ulgurgan. Qayd etish kerakki, Rostov-Donda O‘zbekiston konsulxonasi ochilishi haqida o‘tgan yili ma’lum qilingandi.
Gap shundaki, “Nevskiye novosti” nashri Jahongir Ergashevga o‘xshash erkak Moskva ko‘chasidagi kecha-kunduz ishlovchi restoranlardan birida stol oldida uxlab yotgani tasvirlangan suratni e’lon qilgan. Surat 10 mart kuni kechasi olingan.
Surat tarqalgach, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari diplomatni qo‘llab-quvvatlay boshlagan. Negaki, surat dam olish kuni olingan. Biroq shunga qaramay, Ergashev Rostov-Donga rotatsiya qilinadigan bo‘lgan.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston Sankt-Peterburgdagi konsulxonasi 2018 yilning mart oyida ochilgan. Avgust oyida Jahongir Ergashev konsulxonaga rahbar etib tayinlangandi.
O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi hozircha Jahongir Ergashev faoliyatini Rostov-Donda davom ettirishini tasdiqlovchi yoki uni rad qiluvchi hech qanday ma’lumot bermadi.
LiveBarchasi