OAV: Tramp advokat qidirmoqda
Olam
−
16 yanvar 2021
6202AQSHning amaldagi Prezidenti Donald Tramp siyosiy maslahatchilaridan uning impichmentini qo‘llab-quvvatlagan 10 nafar respublikachi kongressmenlar haqida ma’lumot berishlarini talab qildi. Bu haqda "The Wall Street Journal" manbalariga asoslanib xabar bergan.
Qayd etilishicha, davlat rahbari o‘zining sobiq tarafdorlari demokratlar tomoniga o‘tib ketishidan qo‘rqmoqda va ularga qachondir nimadir qilgan yoki qilmaganini bilmoqchi bo‘lgan.
Shuningdek, Tramp so‘nggi kunlarda respublikachi kongressmenlar bilan bog‘lanib, impichment doirasida o‘zini himoya qilish uchun qaysi advokatlarni yollash kerakligi haqida maslahatlashgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Trampning maslahatchilari uni shaxsiy advokati Rudi Juliani bilan bog‘lanmaslikka chaqirgan.
6 yanvar kuni AQSHning amaldagi Prezidenti Donald Trampning tarafdorlari AQSH Kongressi binosiga bostirib kirib, parlament so‘nggi saylovlar natijalarini tasdiqlashi kerak bo‘lgan majlisni to‘xtatgan. Hodisa natijasida besh kishi halok bo‘lgan.
Vashingtondagi tartibsizliklar ortidan Vakillar Palatasi Sud-huquq qo‘mitasi rahbari Jerri Nadler Trampga soddalashtirilgan tartibda impichment e’lon qilishni taklif qilgan.
AQSH Senati saylangan Prezident Jo Baydenning 20 yanvar kuni o‘tkaziladigan inauguratsiyasidan bir soat o‘tgach, Trampga qarshi impichment ayblovlarini ko‘rib chiqishni boshlashi mumkin.
Tramp vakillar palatasi ikki marta impichment e’lon qilgan AQSH tarixidagi birinchi Prezident bo‘ldi. Amaldagi Prezidentga 2019 yil dekabrida birinchi marta impichment e’lon qilingandi. O‘shanda kongressmenlar Trampni hokimiyatni suiiste’mol qilish va kongress o‘tkazgan tergovga to‘sqinlik qilishda ayblashgan. Biroq Senat Trampni oqlagandi.