OAV – Senatning “ilhom manbai”. Norboyeva 2020 yil yakunlari bo‘yicha hisobot berdi

Jamiyat

image

Ma’lumki, o‘tgan yillardagi an’anaga ko‘ra, joriy yilning 24 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatiga Murojaatnoma yo‘llab, sohalar bo‘yicha yillik faoliyat yo‘nalishlarini belgilab bergan edi. 

Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Senati raisi Tanzila Norboyeva Senatning 2020 yildagi faoliyati bo‘yicha hisobot berdi. Quyidagi asosiy tezislar bilan tanishishingiz mumkin. 

10 ta yalpi majlis, 60 ga yaqin qonun

Kechayotgan yilda pandemiya sharoitiga qaramay deyarli har oy, yil boshidan beri 10 ta yalpi majlis o‘tkazilgan. Ushbu majlislarda 60 ga yaqin qonun ko‘rib chiqilgan.

“Qonunlar hududlar manfaatlariga mosligi darajasi tanqidiy-tahliliy ko‘rila boshlandi. Buning uchun mahalliy Kengashlar, olimlar, ekspertlar, tajribali amaliyotchilar va jamoatchilik vakillarining fikrlarini o‘rganishga alohida e’tibor qaratildi. Ayni shunday yondashuv asosida shu yilning o‘zida 6 ta qonun rad etildi”, deydi Norboyeva.

Senat faoliyatida yangi amaliyot yo‘lga qo‘yildi. Amaldagi 30 ga yaqin qonunlar tizimli tahlil qilinib, qonun osti hujjatlari bilan o‘zaro nomuvofiqliklarni bartaraf etish, eski va bugungi kun talablariga javob bermaydigan normalarni yangilash bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi va Hukumatga yuborildi. 

Elchilar va vazirlardan hisob so‘ragan Senat

Joriy yilda O‘zbekistonning xorijiy davlatlardagi elchilari hisobotini eshitish amaliyotini yo‘lga qo‘yilib, 10 ta mamlakatdagi elchilar hisobotlari eshitilgan. Bundan tashqari har chorakda Davlat dasturi hamda Davlat byudjetining ijrosining borishi to‘g‘risida Hukumat hisoboti eshitib borilmoqda

Shuningdek, yil davomida parlament so‘rovi instituti faol qo‘llanila boshlangan. Hukumat a’zolari va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga 13 ta parlament so‘rovi yuborilgan. Bundan tashqari, senatorlar tomonidan joylardagi dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy masalalar, aholini tashvishga solayotgan muammolar yuzasidan mutasaddi vazirlik, idora va tashkilotlar rahbarlariga 400 ga yaqin so‘rov yuborilgan. 

Sardobadagi toshqin, elektr, gaz va ko‘mir muammosi

Senat raisi o‘z hisobotida Parlament nazorati tadbirlariga OAVda, shu jumladan ijtimoiy tarmoqlarda, jurnalistlar, blogerlar, fuqarolar ko‘tarayotgan dolzarb masalalar asos bo‘layotganini alohida urg‘ulagan. 

“Masalan bevosita fuqarolar murojaatlari asosida “Sardoba” suv omborida yuz bergan texnogen holat oqibatlarini bartaraf etish borasidagi ishlar holati bevosita joyiga chiqib o‘rganildi va natijalari Senat Kengashining Sirdaryoda o‘tkazilgan sayyor majlisida Hukumat a’zolari ishtirokida muhokama qilinib, ko‘pgina masalalar hal etildi. 

Bundan tashqari, fuqarolar, OAV va ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p sonli murojaatlari asosida kuz-qish mavsumida aholi, ijtimoiy soha ob’ektlari va tadbirkorlik sub’ektlarini gaz, elektr energiyasi va ko‘mir bilan ta’minlashdagi mavjud muammolar Senat Kengashida tanqidiy ko‘rib chiqildi. Mazkur sohaga aloqador barcha mutasaddi vazirlik, idora va tuzilmalar rahbarlaridan aholining noroziligiga sabab bo‘layotgan uzilishlar yuzasidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri izoh so‘raldi, tegishli choralar belgilanib, amalga oshirish uchun Hukumatga yuborildi”, deydi Norboyeva.

Qayd etilishicha, senatorlar yil davomida 40 dan ziyod yo‘nalish va masalalar yuzasidan bevosita o‘zlari saylangan hududlarda faoliyat olib bordilar. 

Yil boshidan beri Senatga 13,5 mingga yaqin, shu jumladan ijtimoiy tarmoqlar orqali mingdan ziyod murojaat kelib tushgshan.

3 mingdan ortiq murojaat alohida nazoratga olinib, atroflicha o‘rganilgan. Qariyb 600 ta ariza va shikoyatda bayon etilgan muammoli masalalar asosli deb topilib, ijobiy hal etilgan.  

Mahalliy kengashlarning qog‘ozda kengaygan vakolatlari

Davlat rahbari Murojaatnomada Oliy Majlis yuqori palatasining e’tiborini Mahalliy Kengashlar faoliyatiga ko‘maklashishga qaratgan edi. 

Shu maqsadda Senat tomonidan joriy yilda 13 ta qonunga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilgan, 40 dan ziyod farmon va qarorlar qabul qilinib, mahalliy Kengashlarning vakolatlari kengaytirilgan.

“Ilgari deputatlar har 4-5 oyda, asosan, tashkiliy masalalar yuzasidan o‘tkaziladigan sessiyalarda rasmiyatchilik uchungina qatnashgan bo‘lsalar, endilikda deputatlar hududdagi dolzarb muammolarni ko‘tarib chiqmoqdalar. Masalan, hokimlarning amaldagi qonunchilikka zid bo‘lgan 50 ga yaqin qarori bekor qilingan. Mansabdor shaxslarga nisbatan intizomiy jazo choralarini ko‘rish bo‘yicha mutasaddi idoralarga mingga yaqin taklif kiritilgan, shu jumladan 32 nafar mansabdor shaxsni egallab turgan lavozimidan ozod etish masalasi qo‘yilgan.

Bundan tashqari yaqinda qonunchilikka kiritilgan o‘zgarishlarga ko‘ra endilikda yer ajratish masalasi ham mahalliy Kengashlarga vakolatiga o‘tkazildi. Bu ham o‘z navbatida joylardagi xalq vakillarining hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishidagi o‘rni va rolini kuchaytiradi deb hisoblaymiz”, deydi Senat raisi.

Shuningdek, Senatning mahalliy Kengashlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi organ sifatidagi rolini yanada kuchaytirish maqsadida qonunchlikka tegishli o‘zgartirish kiritilgan. Ya’ni Senatga mahalliy Kengashlar noqonuniy qabul qilgan qarorlarni bekor qilish vakolati taqdim etilmoqda. 

Mahalliy Kengashlarning ishini yanada faollashtirish, ularning ishchi organini shakllantirish maqsadadida yaqinda qonunchilikka kiritilgan qo‘shimchalar orqali barcha darajadagi mahalliy Kengashlarda kotibiyatlar tashkil etilgan. 

Senatning hududlardagi faoliyati

Senat tomonidan Andijon, Surxondaryo, Qashqadaryo, Toshkent va Namangan viloyatlarini kompleks rivojlantirish masalalari o‘rganilgan, hududlardagi sektor rahbarlari, mutasaddi vazirlik va idoralar faoliyati tanqidiy-tahliliy muhokama qilinib, zarur choralar belgilab berilgan.

Hududlarning rivojlanish reytingi asosida rivojlanishdan ortda qolayotgan tuman, shaharlarni (“qizil” hududlar) qoloqlikdan chiqarish masalalari bevosita hudud rahbarlari va mahalliy Kengashlar deputatlari bilan birga muhokama qilingan, zarur topshiriqlar belgilab berilgan.

Bugungi kunda Qoraqalpog‘iston Respublikasining tuman, shaharlari, qishloq va ovullarini rivojlantirish bo‘yicha ishlar ustidan parlament nazorati o‘rnatilgan. Bu borada Senatda alohida yangi qo‘mita, Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi tashkil etildi. 

Xalqaro bordi-keldi 

Norboyevaga ko‘ra, Senat pandemiya sharoitiga qaramay, xalqaro parlament munosabatlarini ham rivojlantirib borgan. 

Xorijiy davlatlar, xalqaro tashkilotlar, xalqaro moliya tuzilmalar va biznes vakillari bilan 80 dan ziyod uchrashuv, jumladan videmuloqotlar tashkil etilib, o‘zaro amaliy hamkorlik istiqbollari muhokama qilingan. 

Xorijiy davlatlar parlamentlari bilan aloqalarni tizimli ravishda rivojlantirish maqsadida 40 dan ziyod parlamentlararo guruh tuzilgan. Senat a’zolari xalqaro parlamentlararo tashkilotlar doirasida o‘tkazilgan uchrashuvlarda o‘z takliflari bilan ishtirok etgan.

O‘tgan yilgi faoliyat bu yilgi hisobotda

“Jamiyat hayotining dolzarb yo‘nalishlarida tuzilgan respublika darajasidagi komissiyalar bugun Senat faoliyatida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Jumladan Senat ko‘rib chiqayotgan turli masalalar mazkur komissiyalar tomonidan ekspertizadan o‘tkazilmoqda”, deydi Tanzila Norboyeva.

Senat raisiga ko‘ra, Xotin-qizlarning huquq va erkinliklarini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratilib O‘zbekiston Respublikasi Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiya tuzilgan. (Senat raisining ushbu komissiyaning tashkil etilgani haqidagi ma’lumoti 2020 yil hisobotida taqdim etilishi tushunarsiz holat. Komissiya yig‘ilishi 2019 yilning dekabr oyi ham o‘tkazilgandi – tahr.)

Shuningdek, hisobotda mamlakatda xotin-qizlarning huquq va manfaatlari himoyasiga qaratilgan qariyb 20 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilingani haqida so‘z boradi. 

“O‘zbekistonning xalqaro reyting agentliklaridagi ijobiy imijini shakllantirish ishlarini parlament darajasida muvofiqlashtirish maqsadida Respublika kengashi tashkil etildi;

Biz barcha davlat idoralari va mahalliy hokimliklarning mas’uliyati, ishtirokini ta’minlash ishlarini muvofiqlashtirib boryapmiz. Natijada O‘zbekiston 2020 yilda Meros jamg‘armasining “Iqtisodiy erkinlik” indeksida 52 pog‘onaga, Jahon bankining “Logistika samaradorligi” indeksida 19 pog‘onaga, “Biznes yuritish” indeksida 18 pog‘onaga ko‘tarildi”, deydi Tanzila Norboyeva.

Joriy yilda Prezident Murojaatnomasidan kelib chiqib, jamiyat va davlat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishga qaratilgan davlat siyosatining samaradorligini yanada oshirish maqsadida Korrupsiyaga qarshi kurashish Milliy kengashi tashkil etilgani hisobotda alohida urg‘ulanadi.

“Milliy kengashda mamlakatimizda korrupsiyani jilovlash bo‘yicha ishlar holati tanqidiy muhokama qilindi. Ayniqsa, qurilish, davlat xaridlari, oliy ta’lim va sog‘liqni saqlashni korrupsiyadan holi sohalarga aylantirish bo‘yicha amaliy choralar ko‘rildi va bu boradagi ishlarni boshqa sohalarda ham olib borish vazifalari belgilandi”, deydi Norboyeva.

Qolaversa, BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga hamohang ravishda 2030 yilgacha bo‘lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi milliy maqsad va vazifalarning amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida Oliy Majlis palatalari rahbarlari boshchiligida alohida Parlament komissiyasi tuzilgan.

“Barqaror rivojlanish maqsadlari doirasida oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash, gender tenglikni ta’minlash, onalik va bolalikni muhofaza qilish, aholi salomatligini saqlash, sog‘lom turmush tarzini mustahkamlash borasida hududlarda olib borilgan ishlar holati Senat Kengashida muhokama qilinib, mutasaddi vazirlik, idoralar va hudud rahbarlarining axborotlari eshitildi”, deydi Senat raisi.

Norboyeva hisobotida odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiya tomonidan majburiy mehnatni har qanday ko‘rinishga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan qat’iy jamoatchilik nazoratini yo‘lga qo‘yish va targ‘ibot ishlari tashkil qilinganini eslaydi. 

“Bunda mehnat sohasiga oid xalqaro konvensiyalar doirasida xalqaro majburiyatlarni, shuningdek, Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan paxta yig‘im-terim kampaniyasini monitoring qilish va u asosida ishlab chiqilgan tavsiyalarni bajarilganini alohida qayd etib o‘tish lozim. Ushbu amalga oshirilgan choralar natijasida bugungi kunda O‘zbekistonda majburiy mehnat va bolalar mehnati butkul tugatildi”, deydi u.

Nomi ulug‘ Yoshlar parlamenti haqida

Oliy Majlisning har ikkala palatasi huzurida Yoshlar parlamentlari tuzildi. Bu haqda gapirarkan, Norboyeva shunday deydi: 

“Ular bizning haqiqiy ma’nodagi hamkorlarimiz va ko‘makchilarimizga aylandilar”.

OAV bilan hamkorlik

Norboyevaning fikricha, Senat barcha faoliyatini OAV bilan hamkorlik asosida tashkil etgan.

“Yalpi majlislarni onlayn efirga uzatish doimiy asosda amalga oshirilmoqda. Ayni paytda Senat Kengashi muhokamalari ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish etilmoqda. 

Senatorlar jamiyat va davlat hayotidagi muhim voqea-hodisalarga hamda keng muhokamalarga sabab bo‘lgan faktlarga o‘z vaqtida munosabat bildirmoqda. 

Xususan, senatorlar yil davomida matbuot, televideniye, radio va ijtimoiy tarmoqlar orqali 14 mingdan ziyod chiqish qildilar. Ushbu amaliyotni xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyatiga ham joriy etish maqsadga muvofiq bo‘lardi, deb hisoblaymiz”, deydi Senat raisi. 


Maqola muallifi

Teglar

Senat

Baholaganlar

5

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing