Ohangaron hokimi o‘z xohishi bilan ishdan ketdi

Jamiyat

image

Toshkent viloyatidagi Ohangaron shahrining hokimi Akrom Jo‘rayevich Eshonqulov bugun, 6 fevral kuni o‘z faoliyatini tugatdi. Bu haqda uning o‘zi shahar hokimligining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qildi.

Hokim ishdan ketayotganiga aynan nima sabab bo‘lganini ochiqlamadi. U Ohangaron shahridagi faoliyatining har bir daqiqasi hayotida o‘chmas iz qoldirganini yozgan.

“Ohangaron shahri mening ona shahrimdek yuragimdan joy oldi. Shahar ravnaqi yo‘lida nimaga erishgan bo‘lsam, barchasida sizlarning mehnatingiz beqiyos. Ish jarayonlarida birontangizni ranjitgan bo‘lsam, barchangizdan uzr so‘rayman. Xayr, Ohangaron shahrim. Xayr, jonajon shahrim”, deydi Akrom Eshonqulov.

Ma’lumot o‘rnida, Akrom Eshonqulov 1976 yil 16 fevralda Toshkent viloyati Quyi Chirchiq tumanida tug‘ilgan. Georgiy Plexanov nomli Rossiya iqtisodiyot akademiyasi hamda Toshkent Davlat iqtisodiyot universitetining magistratura bosqichini tamomlagan. Mutaxassisligi - iqtisodchi.

U shahar hokimi bo‘lishidan oldin O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Respublika bo‘ysunuvidagi shaharlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘limining Olmaliq shahrini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha bosh mutaxassisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi sifatida faoliyat yuritgan.

Eslatib o‘tamiz, Akrom Eshonqulov 2020 yilning 4 iyunidan buyon shaharga hokimlik qilib kelayotgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Ohangaron Akrom Eshonqulov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing