NYT Pentagonni sudga berdi
Olam
−
05 dekabr 1938 2 daqiqa
AQSHning “The New York Times” (NYT) gazetasi Pentagonning jurnalistlarga qo‘ygan cheklovlari AQSH Konstitutsiyasiga zid ekanini iddao qilib, Vashington okrug sudiga da’vo arizasi bilan murojaat qildi. Bu haqda nashr kecha, 4 dekabr kuni xabar berdi.
Gazeta ma’lumotiga ko‘ra, oktyabr oyida kuchga kirgan ichki qoidalar jurnalistlardan 21 betli hujjatga imzo qo‘yishni talab qiladi. Hujjatda manbalar bilan muloqot va axborot olish uchun so‘rov yuborish bo‘yicha cheklovlar mavjud. Nashrning fikricha, harbiy idoraning maqsadi tarixan jurnalistlar uchun ochiq bo‘lgan hududlarni ular uchun yopiq qilishdir, bu esa jurnalistlarga Pentagondagi faoliyat va rahbariyat harakatlarini erkin va xolis yoritishga to‘sqinlik qiladi.
NYT suddan Pentagonning yangi qoidalarini jurnalistlarga nisbatan qo‘llashni taqiqlashni, shuningdek, birinchi tuzatishga zid bo‘lgan qoidalarni noqonuniy deb topishni so‘ramoqda. Masalan, gazeta hukumat xodimlaridan maxfiy ma’lumot so‘rashni taqiqlovchi bandni tanqid qilmoqda, chunki bu “qonuniy va odatiy yangilik yig‘ish usullarini” cheklaydi.
Pentagon vakillari esa yangi qoidalar milliy xavfsizlikka zarar yetkazadigan ma’lumot oqimining oldini olish uchun kerakligini aytgan. Oktyabrda ular idora binolariga kirish “imtiyoz” ekanini va uni tartibga solish lozimligini bildirgan.
NYT’ning aytishicha, o‘nlab jurnalistlar yangi talablarni bajarmay, o‘z ruxsatnomalarini topshirgan. Ba’zi nashrlar qoidalarni ochiq tanqid qilgan. ABC News, CBS News, CNN, “Fox News” va NBC News nashrlariga ko‘ra, “bu siyosat mislsiz bo‘lib, jurnalistlarni himoya qiluvchi asosiy mexanizmlarga tahdid soladi”.
Bundan avval, fevral oyida yangi ichki qoidalar paydo bo‘lishidan oldin, yangi vazir Pit Hegset bir qancha gazetalarni, jumladan, NYT’ni, Pentagonda uzoq yillik faoliyati uchun maxsus ofisdan mahrum qilgan. Ularning o‘rnini konservativ nashrlar, masalan, “Newsmax” va “Breitbart News” egallagan. May oyida esa Hegset jurnalistlar aksariyat Pentagondagi hududlarda maxsus xodimsiz bo‘la olmasligini buyurgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp Britaniyaning BBC kompaniyasini unga nisbatan “yolg‘on, tuhmat, haqoratli va g‘azab uyg‘otuvchi bayonotlar” berganlikda ayblab, 1 milliard dollargacha zarar undirish uchun sudga berish bilan tahdid qilgandi. Shundan so‘ng, BBC teleradiokompaniyasi AQSH Prezidenti Donald Trampdan rasmiy uzr so‘rab, kompensatsiya to‘lash haqidagi talablarini rad etgandi.
Live
Barchasi