FIFA’ning “o‘yinlari”, ochiqlashayotgan Suriya va o‘zgarayotgan alifbo — Hafta voqealari

Tahlil

Reklama
0:00

FIFA hokimiyatiga nisbatan e’tirozlar kuchaymoqda. Janni Infantinoning ba’zi qarorlari va bayonotlari uning obro‘siga jiddiy zarar yetkazmoqda. Xo‘sh, Infantinoning “tagiga suv quyish” kimga kerak bo‘lib qoldi?

O‘zbekistonda uzoq kutilgan alifbo islohoti amalga oshishi mumkin. Bu qaror hali to‘la kuchga kirmagan bo‘lsa-da, halitdan uning tanqidchilari bisyor. Ammo bu qarorning ahamiyati tilning kelgusidagi rivoji uchun qay darajada muhim ekanligini inobatga olsak, uning kelgusida kuchga kirish ehtimolini ham yuqori baholash mumkin.

Yevropa xavfsizligi NATOning qo‘lida, NATO esa AQSHning moliyaviy yordamlarisiz hech narsaga qodir bo‘lmay qoldi. 7-8 iyul kuni Anqarada bo‘lib o‘tgan navbatdagi sammit tashkilotni AQSH ta’siridan iloji boricha uzoqlashtirish va kelgusidagi taraqqiyot yo‘lini belgilashda muhim qadam bo‘ldi deyish mumkin. Ammo sammitdan mutlaq manfaatdor davlat — mezbon bo‘ldi.

O‘zbekistonning do‘stlari soni ortishda davom etmoqda. Belarus bilan imzolangan Strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnoma va qator iqtisodiy kelishuvlar O‘zbekiston uchun kelgusida yangi bozorlarni ochishga yordam berishi kutilmoqda. Xo‘sh, Aleksandr Lukashenko nimalarni va’da qilgan?

Suriya endi terrorchi davlat emas. Suriyaning yangi ma’muriyati tobora xalqaro maydonda ishonch qozonmoqda. Mamlakat hududidagi tabiiy boyliklar uzoq vaqtdan beri deyarli qarovsiz qolib ketgan edi. Bugun AQSH va Fransiya kabi liderlikka da’vogar davlatlar bu boyliklarga hissador bo‘lish uchun sobiq terrorchi Ahmad ash-Shara bilan do‘st tutinishga ham rozi. Xo‘sh, Suriya yana boshqa qudratli davlatlarning ta’siriga tushib qoladimi?

Ushbu maqolada, Jahonda va O‘zbekistonda yuz bergan eng muhim voqealar tafsiloti haqida gaplashamiz.

“Reboot FIFA” kompaniyasi yoxud Infantinoning tepasida qora bulutlar

FIFAning amaldagi Prezidenti Janni Infantinoning boshi uzra “qora bulutlar suzmoqda”. Inson huquqlari yo‘nalishida faoliyat yurituvchi “FairSquare” tashkiloti Infantinoga qarshi “Reboot FIFA” ya’ni “FIFA’ni qayta ishga tushurish” nomli keng ko‘lamli xalqaro kampaniyani boshladi. Tashkilot FIFA Etika qo‘mitasiga taqdim etilishi rejalashtirilayotgan ommaviy shikoyat orqali Infantinoni siyosiy betaraflik tamoyillarini bir necha bor buzganlikda ayblamoqda. Kampaniya ortidan esa Norvegiya futbol federatsiyasi va Yevropa Parlamentining o‘nlab deputatlari ham ochiq qo‘llab-quvvatlov bildirdi.

Tramp iltimosiga ko‘ra AQSH hujumchisiga nisbatan belgilangan qizil kartochkaning bekor qilinishi va Misr hamda Argentina o‘rtasida bo‘lib o‘tgan o‘yinidagi konfliktlardan so‘ng yanada ko‘proq muhokama qilina boshlangan Infantino ustidan shikoyat aslida “FairSquare” tashkiloti tomonidan 2025 yil 8 dekabrda boshlangan edi. FIFA Etika qo‘mitasining Tergov palatasiga aynan shu kuni tashkilot ilk shikoyatini topshirgan. Unga ko‘ra, Infantino AQSH Prezidenti Donald Trampning siyosati va harakatlarini bir necha marotaba ommaviy ravishda qo‘llab-quvvatlagan. Bu esa FIFA Etika kodeksining 15-moddasida belgilangan siyosiy betaraflik talabiga zid hisoblanadi. Kodeksga ko‘ra, FIFA xalqaro sport tashkiloti o‘laroq, qaysidir davlatning futbolga aloqasi bo‘lmagan siyosiy qarorlarini u yoki bu ko‘rinishda qo‘llab-quvvatlashi yoki tanqid qilishi mumkin emas. Ammo, Eron bilan bir necha bor harbiy keskinlikka borgan, uzoq yillardan beri Daniyaga qarashli bo‘lib kelayotgan Grenlandiyaga ochiqchasiga ko‘z olaytirgan inson uchun alohida tinchlik mukofoti ta’sis etib, uni taqdirlash betaraflik degan tamoyilga butkul teskariligi hammaga ma’lum.

Bugungi kunda FairSquare “Reboot FIFA” nomli kampaniya orqali dunyo bo‘ylab futbol muxlislari, mutaxassislar va jamoatchilik vakillarini shikoyatga imzo qo‘yishga chorlamoqda. Tashkilotning maqsadi — 2026 yilgi Jahon chempionati yakunlangach, FIFA tarixdagi eng yirik ommaviy shikoyatni Etika qo‘mitasiga topshirishdir. Kampaniya tashkilotchilari bu nafaqat Infantinoning harakatlariga huquqiy baho berish, balki FIFA boshqaruv tizimini isloh qilish uchun ham bosim vositasi bo‘lishini ta’kidlamoqda.

Infantinoga qarshi bosim faqatgina nodavlat tashkilotlar bilan cheklanmayapti. Yaqinda Yevropa Parlamentining 50 nafar deputati FIFA Etika qo‘mitasiga maktub yo‘llab, FairSquare shikoyatini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Ular FIFA mazkur ish orqali o‘zining siyosiy betaraflik, shaffoflik va hisobdorlik tamoyillariga sodiqligini amalda isbotlashi kerakligini qayd etdi. Avvalroq Norvegiya futbol federatsiyasi ham rasmiy ravishda shikoyatni qo‘llab-quvvatlagan va jarayon oshkora olib borilishini talab qilgan edi.

Bundan tashqari, “FairSquare” 2026 yilgi Jahon chempionati davomida yuz bergan ayrim voqealarni ham FIFA’dagi siyosiy ta’sir kuchayganining belgisi sifatida ko‘rsatmoqda. Xususan, AQSH Prezidenti Donald Trampning amerikalik futbolchi Folarin Balogunning diskvalifikatsiyasi masalasiga aralashgani ortidan FIFA jazoni bekor qilgani tanqid qilindi. Infantino bu qarorda ishtirok etmaganini bildirgan bo‘lsa-da, FairSquare ushbu holat butunlay chempionatning shaffofligiga jiddiy ta’sir qilayotganini iddao qilgan.

Hozircha FIFA Etika qo‘mitasi Infantinoga nisbatan rasmiy tergov boshlanganini e’lon qilmagan. Biroq “Reuters” nashri ma’lumotlariga ko‘ra, FIFA kotibiyati shikoyat qabul qilinganini tasdiqlagan va zarurat tug‘ilganda dastlabki tekshiruv boshlanishi mumkinligini bildirgan.
Nima ham derdik, siyosatning irkit qo‘llari hamma yerga yetadi. Hatto biz sevib tomosha qilayotgan futbol o‘yinlari ham qaysidir qudratli kuchlar qo‘lida o‘yinchoq bo‘lishi mumkin ekanligiga ushbu holat yaqqol isbotdir.

Alifbo islohoti

Endi “sh” harfini “w”, “o‘” ni “6”, “ch” ni esa “4” shaklida yozishga hojat qolmasligi mumkin. Ushbu haftada O‘zbekistonda alifbo islohoti haqidagi xabarlar jamoatchilikda katta rezonans vujudga keltirdi. Uzoq vaqtdan beri jiddiy muhokamalarning markazida bo‘lib kelgan o‘zbek alifbosining muammolari va isloh qilinishi zarur bo‘lgan jihatlari yana bir bor qonunchilik darajasida jiddiy ko‘rib chiqila boshlandi.

Joriy yilning 7 iyul kuni, O‘zbekistonda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi parlament quyi palatasi tomonidan qabul qilindi. Ammo hali xursand bo‘lishga ham, xafa bo‘lishga ham erta, hujjat hali yakuniy kuchga kirgani yo‘q. U avvalo Oliy Majlis Senati tomonidan ma’qullanishi, shundan so‘ng Prezident tomonidan imzolanishi lozim. Shundagina yangi alifbo bo‘yicha o‘zgarishlar rasman kuchga kiradi.

Qabul qilingan qonun loyihasiga ko‘ra, amaldagi 26 ta harf va 3 ta harf birikmasidan iborat alifbo o‘rniga 28 ta harf hamda bitta tutuq belgisidan iborat yangi tizim joriy etilishi taklif etilmoqda. Eng asosiy o‘zgarishlar "Sh", "Ch", "O‘" va "G‘" kabi ikki belgidan iborat harflarning bitta belgida ifodalanishi bilan bog‘liq. Unga ko‘ra, Sh harfi Ş, Ch — Ç, O‘ — Ö, G‘ esa Ğ shaklida yoziladi. Shuningdek, alifbodagi "ng" harf birikmasi chiqarib tashlanmoqda.

Mazkur tashabbus aslida bir necha yillik tarixga ekanligini ham unutmaslik kerak. Mutaxassislar lotin alifbosi 1993 yilda qabul qilinganidan buyon ikki harfli belgilar amaliyotda turli noqulayliklarni keltirib chiqarganini ta’kidlab keladi. Xususan, kompyuter dasturlari, internet domenlari, xalqaro ma’lumotlar bazalari va sun’iy intellekt tizimlarida "Sh", "Ch", "O‘" va "G‘" kabi yozuvlar ko‘pincha noto‘g‘ri qayta ishlanadi. Natijada qidiruv tizimlari, elektron hujjatlar va avtomatik tarjima dasturlarida bir xil so‘z turlicha ko‘rinishda aks etishi kuzatiladi. Bu esa nafaqat tilni o‘rganish uchun qiyinlashtiradi, balki texnik jihatdan ham foydalanishga noqulay qilib qo‘yadi.

Biroq islohotning tanqidchilari ham yo‘q emas. Ularning fikricha, yangi alifboga o‘tish katta hajmdagi hujjatlar, darsliklar, yo‘l ko‘rsatkichlari, davlat idoralari peshlavhalari, elektron bazalar va boshqa rasmiy materiallarni yangilash zaruratini tug‘diradi. Bu esa muayyan moliyaviy xarajatlarni talab qilishi mumkin. Bundan tashqari, e’tiroz bildirayotganlar orasida, “X” va “H” harflari hamda “ ‘ ” (tutuq belgisi) masalalarini ham ko‘rib chiqish kerakligini ta’kidlayotganlar ham uchramoqda.

Ammo, shuni ham ta’kidlash lozimki, qonun loyihasida aynan shu xavotirlar ham inobatga olingan. Unda yangi tartib bosqichma-bosqich joriy etilishi belgilangan. Ya’ni qonun kuchga kirguniga qadar rasmiylashtirilgan barcha hujjatlar, milliy valyuta, qimmatli qog‘ozlar va boshqa rasmiy blankalar o‘z kuchini saqlab qoladi.

Davlat organlari binolaridagi peshlavhalar, ramziy belgilar va boshqa atributlar ham belgilangan muddatgacha almashtirilmaydi. Bu yondashuv davlat byudjetiga ortiqcha yuk tushishining oldini olish va o‘tish jarayonini bosqichma-bosqich amalga oshirishni nazarda tutadi.
Ushbu loyihaning taqdiri qanday kechadi, Senat uni tasdiqlaydimi yo‘qmi, halicha noma’lum. Ammo, yoshlarni “chalasavodlikda” ayblashdan oldin, foydalanishga qulay alifboni yaratish har ikki tomon uchun ham foydali bo‘ladi nazarimda.

Erdog‘an mehmonlariga qurol sovg‘a qildi

Turkiya poytaxti Anqara 7–8 iyul kunlari NATO tarixidagi 36-sammitga mezbonlik qildi. 32 davlat rahbari va hukumat vakillari, NATO Bosh kotibi Mark Ryutte, Yevropa Ittifoqining yuqori martabali amaldorlari hamda AQSH Prezidenti Donald Tramp ishtirok etgan uchrashuv alyansning so‘nggi yillardagi eng muhim yig‘ilishlaridan biri bo‘ldi. Rossiya-Ukraina urushi, Yaqin Sharqdagi vaziyat, mudofaa xarajatlari va transatlantik xavfsizlik masalalari yana kun tartibiga ko‘tarildi.

Sammit yakunlari bo‘yicha NATO davlatlari kollektiv mudofaa majburiyatlariga sodiqligini yana bir bor tasdiqladi. Alyans qaysidir ma’noda Rossiya bilan yaqin orada murosa qilish niyati yo‘qligini tan oldi va Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun 70 milliard dollar ajratishga kelishib olindi. Bundan tashqari a’zo davlatlar “o‘z to‘rvasini o‘zlari ko‘tarishi kerakligini tan olib” mudofaa salohiyatini oshirish bo‘yicha yangi kelishuvlarni ilgari surildi.

Shu bilan birga, mudofaa sanoatidagi hamkorlikni kuchaytirish va ishlab chiqarish zanjirlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilib, 50 milliard yevrolik yangi harbiy xarid shartnomalari imzolandi.

Tadbir yakunida mezbon davlat rahbari Erdog‘an o‘z ittifoqdoshlarini ajoyib sovg‘alar bilan siyladi. Erdog‘anning NATO yetakchilarining har biriga Turkiyada ishlab chiqarilgan hamda nomlari o‘yib yozilgan “357 Magnum” revolverini va o‘qlar to‘plamini sovg‘a qilgani ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi. Yog‘och qutiga joylangan qurol ustida Turkiya bayrog‘i, NATO ramzi hamda qabul qiluvchining ismi aks ettirilgan edi. Kimdir bu Turkiya Yevropani qurol bilan ta’minlashga tayyor ekanligini ifodalovchi ramziy ishora sifatida tadbiq etmoqda.

Bunga ko‘ra, beminnat yordamlarini uzib qo‘ygan AQSHga javoban yangi ta’minotchi sifatida aynan Anqara siyosiy maydonga chiqishga urinmoqda. Uning bugungi kunda, dron va boshqa aviatsiya texnologiyalari sohasida erishayotgan yutuqlari bu pozitsiyani egallashda katta yordam berishi mumkin. Boshqa bir fikrlarga ko‘ra, sovg‘a qilingan to‘pponchalar, ittifoqchilarni o‘z-o‘zini kuchaytirishga chorlov bo‘lishi mumkin. Ya’ni, oldingi kollektiv mudofaa tizimidan voz kechib, har bir davlat o‘z qurolli kuchlarini himoya qilishi va bunda ularga Turkiya yordam berishi eng ideal ssenariy sifatida taqdim etilmoqda. Qaysidir ma’noda ikki qarashda ham jon bor va ikki yondashuvning ham asosida Anqaraning tashkilotning navbatdagi yetakchi roliga ambitsiyalari yotadi.

Bundan tashqari, mehmonlarga Prezidentning siyosiy faoliyati haqida hikoya qiluvchi “The Politics of Courage: Erdoğan and the Rise of Türkiye” (“Jasorat siyosati: Erdog‘an va Turkiyaning yuksalishi”) nomli kitob ham topshirildi. Bu sovg‘a esa, Erdog‘anning siyosiy yo‘lini boshqalarga o‘rnak qilib ko‘rsatishga urinish sifatida tatbiq etilmoqda.

Bu galgi sammitning yana bir qiziq jihati, Anqara aholisi bu mezbonlikdan mamnun emas edi. Sammit oldidan tashkil etilgan namoyishlarda 100 dan ortiq tashkilotchi partiya a’zolari hibsga olingan. 5 iyul kuni Turkiya Kommunistik partiyasi Anqarada NATOga qarshi ommaviy miting o‘tkazishga chaqirgan.

“Bugun Turkiyaning turli hududlarida NATOga qarshi norozilik bildirish uchun yig‘ildik. Biz Anqarani NATO tarafdorlariga topshirmasligimizni, poytaxt sukut saqlashiga yo‘l qo‘ymasligimizni aytgan edik. Bu va’damizni bajardik”, degan Turkiya Kommunistik partiyasi bosh kotibi Kamol Okuyan.

“The Guardian” nashriga ko‘ra, Turkiya hukumati NATO sammiti arafasida Anqara bo‘ylab deyarli ikki haftalik ommaviy yig‘ilish va namoyishlarni taqiqladi. 28 iyundan 10 iyulgacha kuchga kirgan cheklovlar doirasida yurishlar, mitinglar, matbuot bayonotlari va ochiq yig‘ilishlar o‘tkazishga ruxsat berilmadi.

Shaharga minglab politsiyachilar safarbar qilindi, ayrim metro bekatlari vaqtincha yopildi va xavfsizlik choralarining eng yuqori darajasi joriy etildi.

Noroziliklarga qaramay NATOning 36-sammiti muvaffaqiyatli yakunlandi. Ko‘plab xalqaro kuzatuvchilar nazarida esa eng katta muvaffaqiyat aynan Turkiyaga nasib etdi.

Belarusga tashrif

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 8–9 iyul kunlari rasmiy tashrif bilan Belarusda bo‘ldi. Minskdagi muzokaralar yakunida ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar yangi bosqichga, Strategik sheriklik bosqichiga olib chiqildi. Bundan tashqari, o‘zaro savdo hajmini yaqin yillarda 2 milliard dollarga yetkazish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish hamda mehnat migratsiyasi bo‘yicha ham yangi kelishuvlarga erishildi.

O‘zbekiston Prezidentini Minsk xalqaro aeroportida Belarus Bosh vaziri Aleksandr Turchin va boshqa rasmiylar kutib oldi.

Tashrifning dastlabki kunida Shavkat Mirziyoyev Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lganlar xotirasiga bag‘ishlangan “G‘alaba” monumenti poyiga gulchambar qo‘yib, urush qurbonlari xotirasiga hurmat bajo keltirdi.

Rasmiy kutib olish marosimi Mustaqillik saroyida bo‘lib o‘tdi. Harbiy orkestr ikki davlat madhiyalarini ijro etdi, faxriy qorovul saf tortdi. Shundan so‘ng Shavkat Mirziyoyev va Aleksandr Lukashenko tor doiradagi hamda delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralarni o‘tkazdi.

Uchrashuv doirasida O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida Strategik sheriklik to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya imzolandi. Ushbu hujjat ikki mamlakat hamkorligini siyosiy muloqot, iqtisodiyot, sanoat, transport, qishloq xo‘jaligi, ta’lim, madaniyat va boshqa yo‘nalishlarda yangi bosqichga olib chiqishni nazarda tutadi.

Muzokaralarda iqtisodiy hamkorlik ham alohidan o‘ringa ega. Tomonlar yaqin yillarda o‘zaro savdo hajmini 2 milliard dollarga yetkazish bo‘yicha kelishib oldi. Bunga erishish uchun sanoat kooperatsiyasi loyihalarini ko‘paytirish, qishloq xo‘jaligi texnikalari ishlab chiqarish, oziq-ovqat sanoati, farmatsevtika, elektrotexnika va logistika yo‘nalishlarida yangi qo‘shma korxonalarni ishga tushirish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, hududlararo aloqalarni kengaytirish, transport yo‘laklarini rivojlantirish hamda ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi hamkorlikni faollashtirish masalalari ham kun tartibidan o‘rin oldi. Muzokaralar yakunida hukumatlar, vazirlik va idoralar o‘rtasida qator hujjatlar imzolandi.

OAV vakillari uchun berilgan qo‘shma bayonotda Shavkat Mirziyoyev erishilgan kelishuvlar O‘zbekiston–Belarus munosabatlarini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, tomonlar nafaqat savdo-iqtisodiy aloqalarni, balki investitsiya, sanoat kooperatsiyasi, ta’lim va madaniy-gumanitar hamkorlikni ham kengaytirishga kelishib oldi.

Aleksandr Lukashenko esa O‘zbekistonni Belarusning eng yaqin va ishonchli hamkorlaridan biri sifatida baholadi. U ikki davlat iqtisodiyoti bir-birini to‘ldirishini ta’kidlab, sanoat, qishloq xo‘jaligi va mashinasozlik sohalarida hamkorlik uchun katta imkoniyatlar mavjudligini qayd etdi.

Tashrif davomida mehnat migratsiyasi masalasi ham alohida e’tibor markazida bo‘ldi. Aleksandr Lukashenko Belarus iqtisodiyotining ayrim tarmoqlarida malakali ishchi kuchiga ehtiyoj yuqoriligini aytib, o‘zbekistonlik fuqarolarni mamlakatda ishlashga taklif qildi.

“Vitebsk viloyati haqida ko‘p gapirildi. O‘zbekistonda suv yetishmaydi. Yer ham ko‘proq bo‘lsa yaxshi bo‘lardi. Bizda, Belarusda, buning barchasi bor. Ba’zan ishchi kuchi yetishmaydi. Biz o‘zbek oilalari Belarusga kelib, shu yerda joylashishini, zarur bo‘lsa, tibbiy yordam olishini, ta’lim olib, rivojlanishini istardik. Bu Belarus yerlari bo‘shab qolmasligi uchun bizga juda zarur”, degan u.

Qisqa qilib aytganda, Belarusga tashrif qator savdo imkoniyatlari va diplomatik aloqalarni yaxshiladi. Strategik sheriklik maqomidagi davlatlar soni yana bittaga ortdi.

Suriya ishonch qozonmoqda

O‘n yildan ortiq davom etgan urush, xalqaro sanksiyalar va diplomatik yakkalanishdan so‘ng Suriyaning yangi hukumati asta-sekin ishonchga kirmoqda.

So‘nggi bir hafta ichida yuz bergan uchta muhim voqea – Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning Damashqqa tashrifi, Suriya rahbari Ahmad ash-Sharaning NATO sammitida ishtirok etishi hamda AQSHning mamlakatni terrorizmni qo‘llab-quvvatlovchi davlatlar ro‘yxatidan chiqarish niyatini bildirishi – Damashqning xalqaro maydondagi mavqei sezilarli darajada o‘zgarayotganini ko‘rsatmoqda.

Birinchi muhim qadam Fransiya tomonidan tashlandi. Emmanuel Makron Damashqqa tashrif buyurib, Bashar Asad hokimiyati qulaganidan keyin Suriyaga borgan ilk yirik G‘arb davlati rahbariga aylandi. Tashrif davomida Makron Ahmad ash-Shara bilan muzokaralar o‘tkazdi, ikki davlat o‘rtasida diplomatik aloqalarni tiklash va iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Fransiya sog‘liqni saqlash, infratuzilma, aviatsiya va moliya sohalarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga tayyorligini bildirdi. Shu bilan birga, fransuz kompaniyalari Suriyani tiklash loyihalarida ishtirok etishga qiziqish bildirayotgani ham ma’lum qilindi.

Albatta Makronning tashrifi shunchaki ezgu maqsad yo‘lidagi do‘stona qadam emas edi. Suriyaning neft va tabiiy gaz konlari uzoq vaqtdan beri g‘arbning nazoratidan chiqib ketgan edi. Ash-Sharaning so‘nggi vaqtlarda olib borayotgan siyosati esa Damashqni xalqaro investorlar uchun yana qiziqarli iqtisodiy maydonga aylantirmoqda.

Ikkinchi muhim voqea Turkiyada bo‘lib o‘tgan NATO sammitiga Ahmad ash-Sharaning tashrif buyurishi bo‘ldi. Suriya rahbari alyans yig‘ilishiga taklif qilindi va Anqarada qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi. Bir necha yil avval xalqaro maydonda deyarli yakkalangan Damashq rahbari uchun NATO sammiti doirasida ishtirok etishning o‘zi siyosiy jihatdan muhim qadam deyish mumkin. Bu G‘arb davlatlari Suriyaning yangi rahbariyati bilan muloqot qilishga tayyor ekanini anglatadi.

Sammitdagi eng e’tiborli uchrashuv esa Ahmad ash-Shara va Donald Tramp o‘rtasida bo‘lib o‘tdi. Muzokaralardan so‘ng Tramp jurnalistlar savoliga javoban Suriyani AQSHning terrorizmni qo‘llab-quvvatlovchi davlatlar ro‘yxatidan chiqarishi mumkinligini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi Suriya rahbariyati mamlakatni barqarorlashtirish yo‘lida sezilarli ishlarni amalga oshirmoqda.

“Men mamlakatingizni qayta tiklashga to‘sqinlik qilayotgan barcha to‘siqlarni olib tashlashga va’da bergan edim va juda yaqin vaqt ichida siz nihoyat buni amalga oshira olasiz. Bizda Suriyaga sarmoya kiritishga tayyor turgan amerikalik kompaniyalar bor va ular mamlakatingizni har qachongidan ham buyukroq va farovonroq qilishga yordam beradi”, deb yozgan Tramp.

Suriya 1979 yildan buyon AQSHning terrorizmni qo‘llab-quvvatlovchi davlatlar ro‘yxatida bo‘lib kelmoqda. Ushbu maqom mamlakatga nisbatan xorijiy yordam, mudofaa eksporti, moliyaviy operatsiyalar va investitsiyalar bo‘yicha qator cheklovlarni keltirib chiqargan edi. Agar Vashington mazkur qarorni rasman tasdiqlasa, Suriyaning xalqaro moliya tizimiga qaytishi, xorijiy investitsiyalar oqimi va urushdan vayron bo‘lgan infratuzilmani tiklash jarayoni sezilarli darajada tezlashishi mumkin. Ammo bunga Suriyaning o‘zi tayyormi degan savol hanuz so‘roq ostida qolmoqda.

Xulosa qilib aytganda, Suriyada hali vaziyat to‘la o‘nglanmagan bo‘lsa-da, ash-Shara ma’muriyati asta-sekin xalqaro maydonda ishonch qozonmoqda. Ammo bu yaxshi munosabatlar qachongacha davom etadi, hali noma’lum.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing