Nursulton Ro‘ziboyev – UFC'dagi sobiq mahkum

Sport

Ultimate Fighting Championship (UFC) - Amerika Qo‘shma Shtatlarining Las-Vegas shahrida joylashgan xalqaro sport tashkiloti bo‘lib, butun dunyo bo‘ylab aralash yakkakurashlar bo‘yicha janglar o‘tkazadi. Bugungi kunga kelib, ushbu tashkilot turnirlarida jang qiladigan o‘zbek sportchilari soni 3 nafarni tashkil etadi. Ulardan biri esa 1993 yilda Andijon viloyati, Shaxrixon tumanida tug‘ilgan Nursulton Ro‘ziboyevdir.

Ro‘ziboyevning UFC'ga o‘tishi biroz qiyin kechdi. U tashkilot turnirlarida jang o‘tkazishni o‘n yillab kutdi. QALAMPIR.UZ'ga o‘z fikrlarini bildirar ekan sportchi tashkilotga a’zosiga aylanishi nega cho‘zilganiga izoh berdi.

“UFC ko‘pchilik sportchilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri sharnotoma imzolamayapti. Menga UFC ko‘p marta zaxira jangchisi bo‘lish taklifi bilan chiqdi. Shuning uchun promoushenga o‘tishim biroz kechikdi. Shuningdek, orada oldingi promouterim bilan shartnomada muammolar bo‘lib qolganligi sababli ham  UFC'ga kirishim cho‘zildi”, deydi Ro‘ziboyev.

Ma’lumki, Ro‘ziboyevning promoushendagi dastlabki jangi judayam muvaffaqiyatli bo‘ldi. U braziliyalik Bruno Ferreyraga qarshi to‘qnashuvni 1 daqiqayu 20 soniyada yakunlab, kechaning eng yorqin jangi nominatsiyasida ham zafar quchdi. Ko‘pgina manbalarda Ro‘ziboyev Ferreyraga qarshi jangdan 66 ming dollar foyda ko‘rganini ma’lum qildi, biroq sportchining QALAMPIR.UZ'ga aytishicha, bu summa biroz ko‘proq.

Qayd etish joiz, Ro‘ziboyev doimiy shov-shuvlar ostida yuradi. Hayoti davomida sportchi ko‘pgina sinovlarga duch keldi. Jumladan, 2015-2016 yillarda hayotini panjara ortida o‘tkazishga majbur bo‘lgan. Undan tashqari Qirg‘izistonda o‘tkazgan janglaridan birida davlat bayrog‘i bilan bog‘liq mojaroli vaziyatga duch kelgan. Ro‘ziboyev masalasiga hatto O‘zbekiston va Qirg‘iziston mamlakatlari Tashqi ishlar vaziriligi aralashgan.

“Qirg‘izistondagi jangimdan keyin jonli efirda qizishib, ayrim xato gaplarni aytib yuborganman, lekin turnirda ham to‘g‘ri ishlar bo‘lmagan. Bugungi kunda qirg‘izistonlik muxlis va sportchilar bilan juda yaxshi aloqadaman. O‘sha muammo esa haqiqatdan ham Tashqi ishlar vaziriligi aralashuvi bilan barham topgan”, deydi Ro‘ziboyev.

Shuningdek, sportchi o‘zbekistonlik boshqa MMA ustalari, jumladan Mahmud Murodov va Shohasan Mirzamatov bilan jang qilish-qilmasligiga ham oydinlik kiritdi.

Ma’lumot uchun, Ro‘ziboyev UFC'dagi navbatdagi jangini 4 noyabr kuni Braziliyada o‘z vaqtida Mahmud Murodovni mag‘lubiyatga uchratgan Kayo Borraloga qarshi o‘tkazadi.


Maqola muallifi

Teglar

UFC Nursulton Ro'ziboev Mahmud Murodov MMA Shohasan Mirzamatov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing