Prezident: 2022 yilgacha elektrotexnika mahsulotlari eksportini 500 mln dollarga yetkazish kerak

Jamiyat

image

Bugun, 22 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev elektrotexnika sanoatini rivojlantirish, ishlab chiqarish va eksport hajmini oshirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.

Hayot sifati o‘sishi bilan aholi orasida va iqtisodiyot tarmoqlarida elektrotexnika mahsulotlariga talab tobora oshib bormoqda. Jahon miqyosida bunday tovarlar eksporti hajmi 2 trillion 500 milliard dollardan oshib, yiliga 10 foiz o‘sish kuzatilmoqda.

Bu soha mamlakat iqtisodiyotida alohida o‘ringa ega. Ichki bozor, muassasa va xonadonlar O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar bilan ta’minlangan. O‘tgan yili, masalan, tarmoq korxonalarida 2 mingdan ortiq turdagi 9 trillion 600 milliard so‘mlik tovarlar chiqarilgan. 

Shu bilan birga, sohaga keng sharoitlar yaratilganiga qaramay, katta miqdorda elektrotexnika buyumlari import ham qilinyapti. Mintaqa  bozorida mamlakatning eksport ulushi esa yetarli emas. 

Yig‘ilishda eksport-import kon’yunkturasini o‘rganish asosida elektrotexnika sanoatini rivojlantirish, yangi mahsulotlarni o‘zlashtirish va raqobatbardoshligini mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. “O‘zeltexsanoat” uyushmasiga 2022 yilgacha ishlab chiqarish hajmini ikki baravarga oshirish hisobiga importni optimallashtirish va eksportni 500 million dollarga yetkazish vazifasi qo‘yildi.

Prezident buning uchun xomashyoni chuqur qayta ishlab, qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish zarurligini ta’kidladi. 

Hozirda misdan tayyorlanayotgan mahsulotlarning 50 foizidan ko‘prog‘i oddiy simdan iborat. Shuni chuqur qayta ishlab, mis trubkalar, internet va aloqa kabellari tayyorlansa, jahon bozorida qimmatroq sotiladi. Maishiy texnikalar, qurilish, sanoat va meditsina uchun zarur asbob-uskunalar hamda ehtiyot qismlar ishlab chiqarish borasida ham salohiyat yetarli ekani qayd etildi. 

Mahsulotlar eksportida transport xarajatlarini kamaytirish zarurligi ta’kidlandi. 

Yig‘ilishda import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ko‘lamini kengaytirish, ularning tannarxini kamaytirish masalasi muhokama qilindi.

Ishlab chiqarishda qo‘llanilayotgan ko‘pgina ehtiyot qismlar import qilinayotgani, bu tannarxning qimmatlashiga olib kelayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Muzlatgich va isitish uskunalari, kompyuter texnologiyalari, mobil aloqa vositalari, quyosh panellari va boshqa yuqori texnologik mahsulotlar ishlab chiqarishni keng yo‘lga qo‘yish orqali O‘zbekiston korxonalarining ichki bozordagi o‘rnini yanada mustahkamlash zarurligi ta’kidlandi. 

Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, “O‘zeltexsanoat” uyushmasiga yangi mahsulotlarni o‘zlashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. 

O‘zbekiston mahsulotlariga ichki va tashqi bozorda barqaror talabni shakllantirish, davlat xaridlari va sanoat kooperatsiyasidan keng foydalanish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Ayniqsa, qurilish, energetika, axborot va kommunikatsiya texnologiyalari, avtomobilsozlik kabi tarmoqlarda ichki kooperatsiyani kengaytirish zarurligi ta’kidlandi. 

Xorijiy bozorlarga kirib borish uchun tashqi hamkorlikni ham rivojlantirish muhim. Shu bois jahonga mashhur “brend”lar bilan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish, mahsulotlarni xalqaro standartlar asosida sertifikatlash tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriqlar berildi. 

Ishlab chiqaruvchilarga yaratilgan sharoitlar tahlil qilinar ekan, bu borada erkin savdo zonalari muhim o‘rin tutishi qayd etildi. “Navoiy” va “Jizzax” erkin iqtisodiy zonalarida yangi loyihalarni joylashtirish, “Termiz” erkin savdo zonasini tashkil etish bo‘yicha takliflar bildirildi. Tarmoqni jadal rivojlantirish, ishlab chiqaruvchilar uchun qulay sharoit yaratish maqsadida zamonaviy infratuzilmaga ega elektrotexnika texnoparklari tashkil etish zarurligi ta’kidlandi. 

Yig‘ilishda berilgan topshiriqlar yuzasidan zarur chora-tadbirlar belgilab olindi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev elektortexnika

Baholaganlar

4

Reyting

2.8

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing